12:30 / 28.12.2018
10508
Sudyalarni tayinlash vakolati Sudyalar oliy kengashiga to‘liq berilishi kerak - Prezident

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil uchun mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Murojaatnomasida sud-huquq sohasi oldida turgan asosiy ustuvor vazifalarga e'tibor qaratildi.

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash maqsadida sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish zarurligi alohida ta'kidlandi.

«Sudyalikka nomzodlarni tanlash takomillashtirilishi lozim. Shahar va tumanlar sudyalarni tayinlash sudyalar oliy kengashiga berilishi kerak. Hozir esa hamma huquq prezidentning qo‘lida.

Sudya bo‘yicha menga olib keladi, zo‘r deydi, men qo‘l qo‘yaman, ertaga 6 oydan keyin korrupsiyaga aralashib, ishdan ketadi. 

Endi prezident qo‘l qo‘ymaydi, bu ishni sudyalar kengashi qiladi», dedi prezident.

Prezident bu jarayonda jamoatchilik ishtirokini oshirish zarurligiga urg‘u qaratgan.

«Sudyalar korpusini shakllantirish tizimini sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga to‘liq moslashtirish, bu jarayonda keng jamoatchilik ishtirokini ta'minlash zarur. Buning uchun tuman, shahar va viloyat sudi sudyalarini tayinlash vazifasini sudyalar hamjamiyati to‘liq o‘z zimmasiga olishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada jamoatchilik fikri va ular oldidagi hisobdorlik masalasi to‘liq o‘z ifodasini topishi zarur», deya prezident so‘zlarini keltirgan O‘zA.

«Hozirgi kunda sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashning tizimi butunlay o‘zgarayotir. Bu jarayonga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish uchun nomzodlar ochiq, oshkora va muqobil tanlov asosida tanlash joriy etilgan. 

Endilikda Prezidentimiz tomonidan qo‘yilayotgan talablar asosida sudyalarni tanlashda jamoatchilik fikri va ular oldidagi hisobdorlik masalasi to‘liq o‘z ifodasini topadi. Bu ushbu tizimda shaffoflik ta'minlanishi va muhimi, munosib shaxslar sudya bo‘lishiga yo‘l ochadi.

Tuman, shahar va viloyat sudi sudyalarini tayinlash vazifasini sudyalar hamjamiyati to‘liq o‘z zimmasiga olishi esa tizim zimmasiga qo‘yilgan mas'uliyatni yanada oshiradi», deyiladi xabarda. 

Top