22:24 / 03.01.2019
24028

Bankomat va infokiosklar sonini kamida 10 mingtaga oshirish hamda jismoniy shaxslarga naqd valyutani sotish ko‘zda tutilmoqda

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi loyihasiga asosan, bank-moliya tizimini rivojlantirish va valyuta bozorini yanada erkinlashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Hujjatda:

davlat mablag‘lari hisobidan imtiyozli bank kreditlari ajratish amaliyotini tubdan takomillashtirish;

kredit foizini qisman kompensatsiya qilish imtiyozini iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlariga berish amaliyotini joriy etish;

bank tizimiga xususiy va xorijiy kapital kirib kelishi uchun qulay muhit yaratish, banklardagi davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish;

xarajati nisbatan kam bo‘lgan elektron raqamli texnologiyalarga asoslangan moliyaviy xizmatlarni joriy qilishni rag‘batlantirish mexanizmini joriy etish;

inson aralashuvisiz kreditlash, hujjatlarni, shu jumladan barcha turdagi arizalarni elektron shaklda taqdim qilish mexanizmini joriy qilish;

chakana qarz oluvchilarning kreditga layoqatlilik darajasini baholash hamda ularga kredit ajratish muddatini qisqartirish uchun avtomatlashtirilgan “skoring” modelini yaratish va raqamli texnologiyalar asosida kreditlashga o‘tish;

respublika hududlarida bankomatlar va infokiosklar sonini kamida 10 mingtaga oshirish;

tijorat banklarida mijozlarning kredit so‘rovnomasini o‘rganish jarayonini yanada soddalashtirish, shu jumladan “Kredit tarixi”dan foydalanish mexanizmini keng joriy qilish hamda kredit tarixi institutini xususiy sektor vakillari tomonidan tashkil qilinishi nazarda tutish;

raqamli texnologiyalarga asoslangan “virtual bank” va moliyaviy xizmat turlarini yanada kengaytirish;

zamonaviy bank xizmatlari ko‘lamini yangi moliyaviy instrumentlar joriy etish, xususan obligatsiyalar chiqarish orqali yanada kengaytirish;

mahalliy va halqaro bank plastik kartochkalari bo‘yicha hisob-kitoblarda banklar orasida axborot va texnologik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Milliy banklararo protsessing markazini ishga tushirish;

bank tizimiga yuqori malakali, chet el banklarida faoliyat yuritgan yosh kadrlarni jalb qilish;

milliy to‘lov tizimini halqaro to‘lov tizimlari (Visa, Master Card va boshqalar) bilan integratsiyalash; 

valyuta ayriboshlashdagi va sotishdagi asossiz cheklovlarni bartaraf etish, jumladan jismoniy shaxslarga naqd valyutani sotish, investitsiya olib kirgan shaxslar uchun valyuta repatriatsiyasini to‘liq joriy etish va valyuta ayriboshlashni qonuniylashtirish kabi choralarni ko‘rish ko‘zda tutiladi.

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamalari 2019 yilning 15 yanvariga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Top