16:13 / 04.01.2019
8439

«Lokomotiv» Jamshid Iskanderovni o‘z safiga qo‘shib oldi

Foto: Lokomotiv matbuot xizmati

Toshkentning «Lokomotiv» klubi «Paxtakor» yarimhimoyachisi Jamshid Iskanderov bilan kelishuvga erishdi.

«O‘zining yorqin o‘yinlari orqali muxlislar e'tiboriga tushgan ajoyib yarim himoyachi 2019 yilgi mavsumda Osiyo chempionlar ligasi, O‘zbekiston chempionati va O‘zbekiston Kubogida «temiryo‘lchilar» sharafini himoya qiladi», deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

Ma'lumot uchun, Jamshid Iskanderov 2012 yildan buyon «Paxtakor» klubida to‘p surib kelayotgandi. U o‘tgan vaqt davomida «sherlar» safida 156 o‘yin o‘tkazgan va 20ta gol urgandi. Katta futbolga 2011 yili kirib kelgan futbolchi dastlab Samarqandning «Dinamo» safida ham o‘yinlarda maydonga tushgandi.

Eslatib o‘tamiz, qishki transferlar vaqtida bungacha «Lokomotiv» 3 nafar futbolchini o‘z safiga qo‘shib olgandi. «Bunyodkor»dan serbiyalik hujumchi Filipp Rayyevatsni va yarimhimoyachi Azizbek Haydarovni, OKMKdan hujumkor yarimhimoyachi Yovan Jokich transfer qilingandi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Superligasining amaldagi g‘olibi tarkibini yarimhimoyachi Ikrom Aliboyev va Sanjar Shoahmedov tark etgan, Aliboyev Janubiy Koreyaning «Seul» klubi a'zosiga aylangan, Shoahmedov «Terengganu» klubi bilan shartnoma imzolagan.

Top