12:30 / 05.01.2019
10100

Bojxonachilarga qanday malaka toifalari va qo‘shimcha to‘lov berilishi ma'lum bo‘ldi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, xizmat vazifalarini vijdonan bajarib kelayotgan, yuksak kasbiy tayyorgarlik darajasiga erishgan, ma'naviy-axloqiy xislatlarga ega bo‘lgan, shuningdek o‘z faoliyatida yuqori natijalarni ko‘rsatgan xodimlarga har oylik qo‘shimcha to‘lovni nazarda tutuvchi “uchinchi toifa mutaxassisi”, “ikkinchi toifa mutaxassisi”, “birinchi toifa mutaxassisi” va “usta” malaka toifalari beriladi.

Malaka toifalari:

“uchinchi toifa mutaxassisi” bojxona organlarida uch yildan kam bo‘lmagan muddat davomida xizmat qilayotgan xodimlarga;

“ikkinchi toifa mutaxassisi” bojxona organlarida besh yildan kam bo‘lmagan muddat davomida xizmat qilayotgan xodimlarga;

“birinchi toifa mutaxassisi” bojxona organlarida o‘n yildan kam bo‘lmagan muddat davomida xizmat qilayotgan xodimlarga;

“usta” malaka toifasi bojxona organlarida yigirma yildan kam bo‘lmagan muddat davomida xizmat qilayotgan xodimlarga beriladi.

Xodimlarning bojxona organlaridagi xizmat yillariga xizmat yillari uchun ustama haq belgilashda hisobga olinadigan davr kiritiladi.

Xodimning mavjud malaka toifasining (“usta” malaka toifasidan tashqari) amal qilish muddati bir yil bo‘lib, yil yakuni bo‘yicha sinov imtihonlari orqali tasdiqlanadi.

Agarda xodim malaka toifasiga ega bo‘lmasa, malaka toifalarini olish ketma-ketligi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Boshqa davlat organlari xodimlari bojxona organlarida xizmatni davom ettirish uchun lavozimga tayinlanganda, mazkur organlar tomonidan berilgan malaka toifasiga (malaka toifasi berish to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma taqdim etilgan taqdirda) mos ravishda malaka toifasini berish bo‘yicha bojxona organi boshlig‘ining buyrug‘i qabul qilinadi. Mazkur xodimlarga malaka toifasi uchun har oylik qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi va mavjud malaka toifasi o‘tkaziladigan navbatdagi sinov imtihonlariga qadar saqlanadi.

Ushbu xodimlarga navbatdagi malaka toifasini berish ketma-ketligi Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.

Malaka toifasi uchun har oylik qo‘shimcha to‘lov lavozim maoshining quyidagi miqdorlarida belgilanadi:

“uchinchi toifa mutaxassisi” – 15 foiz;

“ikkinchi toifa mutaxassisi” – 20 foiz;

“birinchi toifa mutaxassisi” – 30 foiz;

“usta” malaka toifasi uchun – 40 foiz.

Malaka toifasiga (“usta” malaka toifasidan tashqari) ega bo‘lgan xodimlarga har yili malaka toifasi mazkur Nizomda belgilangan tartibda beriladi.

Top