14:21 / 07.01.2019
9551

IIV Malaka oshirish instituti o‘zining ilk malaka oshirish sayyor o‘quv yig‘inlarini o‘tkazmoqda

O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti Jizzax viloyati IIB tuman-shaharlar bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bilan hamkorlikda ichki ishlar boshqarmasi, bo‘lim rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari uchun 5 kunlik sayyor o‘quv yig‘inlari o‘tkazmoqda. Ichki ishlar organlari rahbariyati bilan ilk marotaba tashkil etilgan ushbu sayyor o‘quv yig‘inlari Vazirlikning akademik litseylarida tashkil etilgan Malaka oshirish institutining filiallarida o‘tkazilmoqda. 

Bundan ko‘zlangan maqsad ichki ishlar organlari ofitser xodimlarining xizmat faoliyatidan ajralmagan holda xizmat majburiyatlarini samarali bajarishlari uchun kasbiy bilim ko‘nikmalari va mahoratlarini doimiy ravishda yuksaltirib borishdan iborat. 

Jizzax viloyatida tashkil etilgan sayyor o‘quv yig‘inlari “Modul tizimi”da, innovatsion pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llagan holda blok-modul o‘quv dasturlari asosida tashkil etilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–3919-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, vazirlikning mustaqil ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Institutda Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jinoyatchilikka qarshi kurash, Jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta'minlash, Axborot-texnologiyalari kafedralari mavjud. Malaka oshirish instituti o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi PQ-4075-son Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, vazirlikning me'yoriy hujjatlari asosida olib boradi.

Xuddi shunday sayyor o‘quv yig‘inlari respublikamizning barcha mintaqalarida muntazam ravishda o‘tkazilib boriladi.

Mavzuga oid
Top