8378.04 USD +3.94

9488.13 EUR +77.32

129.09 RUB +2.91

11133.6 GBP +234.69

11:57 / 07.01.2019 56037

Navoiyda 100 gektarga yaqin issiqxonalardagi bodringni sovuq urib ketdi

Kun.uz tahririyatiga tadbirkorlardan navbatdagi murojaat Navoiy viloyati Karmana tumanidan kelib tushdi.

«Issiqxonalarimizda yetishtirilayotgan bodringni hali hosilga kirmasidan sovuq urib ketdi. Sababi, sovuq kunlar tushganda «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» AJ tomonidan o‘z vaqtida issiqlik yetkazib berilmadi. 100 gektarga yaqin maydonga ekilgan bodring nihollari uvol bo‘ldi. Ko‘plab tadbirkorlar katta zarar ko‘rdi», – deyiladi murojaatda.

Mazkur holatni o‘rganish maqsadida Karmana tumanida issiqxona tashkil qilgan va bu yil ekilgan nihollarini sovuq urib, katta zarar ko‘rgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdik.

«Bu yil dehqonchiligimiz katta zarar ko‘rdi. Issiqlik energiyasi vaqtida berilmadi va issiqxonaga ekilgan bodringlarni sovuq urib ketdi. Qaytadan ekishga majbur bo‘ldik. Ammo qayta ekindan ham hosil olishimiz dargumon. Sababi, issiqlik yetkazib berishda muammolar bor. Bir gektarga ekkandik. Ko‘p xarajat qilgandik. Hammasi zoye ketdi», — deydi «Shahnozabegim» MChJ rahbari Shahnoza Karimova.

«2009 yilda 9 gektar maydonga issiqxona tashkil qilganman. Bu yil 7 gektarga bodring ekkan edim. Afsuski, sovuq urib ketgani uchun barcha xarajatlarga kuydim. Qayta ekishga ham imkonimiz qolmadi. Har yili 30–40 kishini ish bilan ta'minlab, yaxshi maosh berardik. Bu yil «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» AJ tomonidan issiqlik energiyasi vaqtida berilmadi. Hosilga kuydik, ishchilarga javob berib yubordik», — deydi «Marziyaxonim» MChJ rahbari Shafoat Nurillayeva.

Bir necha issiqxona egalari bilan suhbatlashganimizda ham barchasi shu mazmundagi e'tirozlarini bayon qildi.

Ularning e'tirozlari qanchalik haqli? 100 gektarga yaqin yer maydoniga ekilgan issiqxonalardagi bodring nihollarini sovuq urib ketishida kim aybdor?

Shu kabi savollarga javob olish uchun mutasaddi rahbarlar bilan uchrashdik.

Dastlab «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» AJ bosh direktori Qahramon G‘aniyev bilan suhbatlashdik.

«Haqiqatan ham 2009 yilda Karmana tumanida 150 gektardan ortiq yer maydoniga issiqxonalar qurilgan. Ushbu issiqxonalar korxonamiz tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlangan. «Navoiy IES» AJ Nizomiga muvofiq jamiyatimizning asosiy maqsadi elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va uni iste'molchilarga realizatsiya qilish orqali foyda ko‘rishdir. Ammo 2012–2013 yillarda issiqxonalar soni yanada ko‘paydi. Shuningdek, asosiy iste'molchilar bo‘lgan Navoiy shahri ham kengayib, aholi soni yanada ortdi. Shu sababli «Navoiy IES» AJ barcha iste'molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berishga quvvati yetmay qoldi.

Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 12 dekabrdagi «Tabiiy monopoliyalar sub'yektlari tomonidan majburiy xizmat ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan iste'molchilarga tovarlarni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishnni tartibga solish to‘g‘risida»gi qarori bor. Unga ko‘ra, majburiy xizmat ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan Navoiy shahridagi iste'molchilarga issiqlik elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

Bu yil issiqlik energiyasi bilan ta'minlay olmasligimiz haqida tadbirkorlarga 2018 yil 31 mart kuni ogohlantirish xatlari berilgan. Ammo ular ogohlantirish xatini e'tiborsiz qoldirib, zarur choralarni ko‘rmagan. Issiqlik energiyasi bilan ta'minlash uchun muqobil manbalarni tashkil etmagan. Shunday bo‘lsa-da, ayni vaqtda texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, issiqxonalarning 30 foizini issiqlik energiyasi bilan ta'minlamoqdamiz. Kelgusida issiqxonalardagi hosillarni sovuq urmasligi, muammo bo‘lmasligi uchun issiqxonalarda muqobil issiqlik ta'minoti qurilishi kerak», — deydi «Navoiy IES» AJ bosh direktori Q.G‘aniyev.

Taqdim etilgan hujjatlar bilan tanishar ekanmiz, tadbirkorlar haqiqatan ham bu haqida «Navoiy IES»ning 2018 yil 31 mart kunidagi xati bilan ogohlantirilgan.

Shunday bo‘lsa-da, qator murojaatlardan keyin «Navoiy IES» AJ tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida zarur choralarni ko‘rgan. Tadbirkorlar tomonidan «Issiqlik ta'minoti» MChJ tashkil etilgan. Ushbu MChJ va «Navoiy IES» AJ o‘rtasida shartnoma tuzilgan. Unga ko‘ra, «Issiqlik ta'minoti» MChJ «Navoiy IES» AJdan issiqlik energiyasi xarid qilib, tadbirkorlarga yetkazib beradi. «Navoiy IES» AJ faqat 150 gektar issiqxonaning 30 foizi uchun issiqlik energiyasi ajratib beradi. Shu maqsadda mavjud quvurlar talab darajasida bo‘lmagani uchun «Navoiy IES» AJ «Navoiy kon metallurgiya kombinati» DKning DU-920 mm.lik quvurini vaqtincha foydalanish uchun ijaraga olgan.

Ammo «Navoiy IES» AJ issiqxonalarning 30 foiziga issiqlik energiyasi yetkazib beradi. Bu 51 gektarni tashkil qiladi. «Issiqlik ta'minoti» MChJ esa bu issiqlik energiyasini 150 gektar issiqxonaga tarqatadi. Shu tufayli ayrim issiqxonalarga yetarlicha issiqlik yetib bormaydi. Yetib borganda ham yetarlicha isitolmaydi. Aynan shu jarayonda issiqxonalarni issiqlik energiyasi bilan ta'minlashda muammo bo‘lmoqda.

«Issiqlik ta'minoti» MChJ rahbaridan bu borada izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Ushbu masala yuzasidan Karmana tumani hokimi Faxriddin Umarov bilan ham suhbatlashdik.

Ma'lum bo‘lishicha, Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining 2017 yil 9 sentyabrdagi qarorining 3-bandiga asosan issiqxonalar issiqlik ta'minotidan uzilgan.

«2017-2018 yillarda kuz-qish mavsumida Navoiy shahar hududidagi issiqxonalarni va 2018-2019 yillarda Karmana tumani hududidagi issiqxonalarni muqobil energiya tarmog‘iga o‘tkazish choralari ko‘rilsin», deya belgilangan.

Tuman hokimining aytishicha, tumandagi issiqxonalar egalari belgilangan tartibda ogohlantirilgan bo‘lsa-da, zarur choralarni ko‘rmagan.

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov bilan uchrashuvimiz chog‘ida viloyat rahbari ham bu masalada o‘z fikrlarini aytib o‘tdi:

«Karmana tumanidagi issiqxonalar ilgari «Navoiy IES» AJ tizimga ulangan edi. Issiqlik elektr ta'minotidan uzilishi haqida barchasi bir necha marta ogohlantirilgan. Bu masala bo‘yicha ular ko‘p joyga murojaat qildi. Biz bir yil avval Navoiy shahridagi mavjud issixonalarni issiqlik energiyasi ta'minotidan uzdik. Bu yil esa Karmana tumanidagi issiqxonalarda shu jarayon bo‘ldi. Ayni vaqtda chorasini ko‘rib, tumandagi issiqxonalarning 30 foizini issiqlik energiyasi bilan ta'minlayapmiz. Ammo kelgusida baribir uziladi. Tadbirkorlar uzoqni o‘ylab, zamonaviy texnologiyalar asosida muqobil issiqlik ta'minoti manbalarini qurishi kerak».

O‘rganishimiz davomida holat bo‘yicha savollarning barchasiga yetarlicha javob oldik. Muammoning yechimini mutasaddilar asoslab berdi. Endi tadbirkorlar ham zarar ko‘rib qolmaslik uchun tavsiya etilganidek muqobil issiqlik ta'minoti manbalarini qurishi lozim bo‘ladi. Shunda bu kabi nizoli vaziyatlar yuzaga kelmaydi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri

Top