8460.92 USD +2.76

9439 EUR -62.05

131.06 RUB +1.32

10760.6 GBP -234.16

13:44 / 07.01.2019 16569

Xorazmda do‘konlar sotilishida ixtiloflar vujudga kelganmi? Holat yuzasidan mas'ul shaxs izoh berdi

Yaqinda Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati Hazorasp tumanida faoliyat yurituvchi bir guruh tadbirkorlar nomidan murojaat kelib tushdi. Unda yozilishicha,  hozirda Hazorasp tumanida joylashgan bozor belgilangan davlat talablariga  javob bermaydi. Yangi qurilayotgan bozor esa hanuz tadbirkorlarga topshirilmay kelinmoqda. Ba'zi do‘konlar esa bir vaqtda bir necha tadbirkorga sotilgan va hozirda ular orasida katta janjal kelib chiqmoqda deb iddao qilingan.

Kun.uz murojaatni joyiga borib o‘rgandi. Avvaliga eski bozorni ko‘zdan kechirdik. U yerda hali hanuz yigirmanchi asr bozor ko‘rinishi hukmron. Yo‘llar rasvo, yog‘ingarchilik bo‘lishi bilan deyarli hamma joy loy bo‘ladi. Bozor bo‘lgan kunlari (seshanba, payshanba va shanba) favqulodda holatga tayyor turish tugul odamlar yurishga qiynaladi. Tartib umuman yo‘q. 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Mazkur holat yuzasidan izoh olish maqsadida Hazorasp tuman bozor boshlig‘i Qo‘chqorov Madiyor akaga yuzlandik. «Hazorasp universal savdo kompleksi» MChJ boshqaruv raisi Madiyor akaning aytishicha, eski bozor davlat standartlariga umuman javob bermaydi. Hozirda foydalanilayotgan bozor taxminan 25-26 yil avval qurilgan. Maydoni ham juda kichik. Qishda yo‘laklar loy bo‘ladi, issiq yozda esa usti yopilmagani sababli  sog‘liq uchun xavfli. Issiq urishi mumkin. Kamiga tadbirkorlar soni ortib ketgani sabab mazkur joy zichlashib ketgan. Xaridor savdo qilishga qiynaladi.

Qo‘chqorov Madiyor

«Shularni hisobga olib 2014 yil viloyat hokimi tashabbusi bilan xususiy savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish do‘konlari qurilishi uchun «Hazorasp bozor qurilishi direksiyasi» unitar korxonasi tashkil etildi. O‘sha vaqtda davlatdan kredit olmay shu yerda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hisobidan qurilish ishlari boshlangan. Hozirda mazkur qurilish ishlarining 80 foizi bitkazildi. Tez orada qolgani ham bajariladi. Taxminan 1300 ta savdo shoxobchasida bir necha ming tadbirkor savdo bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. 

Bitkazilayotgan bozor zamon talablariga javob beradi. Uning har bir qarichi kameralar orqali nazorat qilinadi. Qo‘riqlash xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Yengillik bo‘lsin deb aravachalar ham xizmat ko‘rsatadi. Yong‘in talablariga javob beradigan bozor bitish arafasida. Shu bilan birga odatda bozorlar atrofida mavjud bo‘ladigan mashinalar tirbandligiga ham barham berish uchun bir necha qavatli avtoturargoh qurish ham rejamizda bor.

Do‘kon sotish masalasiga to‘xtalsak, odatda unitar korxona va buyurtmachi o‘rtasida shartnoma imzolanadi. Uning 4.1 bandiga muvofiq, buyurtmachi shartnoma imzolangan kundan boshlab 3 oy muddat ichida belgilangan grafik bo‘yicha summani to‘lashi lozim. Bo‘lmasa, shartnoma bekor qilinadi. Qisman to‘langan mablag‘ qaytarib beriladi. 

Ba'zi buyurtmachilar summaning ma'lum qismini to‘laydi-da qolganini to‘lamay yuradi. Muddat o‘tib ketgach yana to‘lamoqchi bo‘ladi. Bunday holatda esa do‘kon  allaqachon boshqa buyurtmachiga o‘tib ketgan bo‘ladi. Orada bunday holatlar ham uchrab turdi. Avvaliga sudga berishdi. Shartnoma shartlariga ko‘ra sud so‘ngida yutqazishdi. Ularning ba'zilari bilan  yangi shartnoma tuzib ularga ham yangi qurilayotgan do‘konlardan joy qilib berdik. Gina saqlamadik», - dedi Madiyor aka.

2012 yilning 28 avgustida Vazirlar Mahkamasining «Bozorlar va savdo komplekslarini tartibga solish to‘g‘risida»gi 253 sonli qarori qabul qilingandi. Hozirda mazkur hujjatga o‘zgartirish kiritish va uni takomillashtirish ustida tegishli tashkilotlar tomonidan ish olib borilmoqda. O‘ylaymizki, yangi qabul qilinadigan normativ huquqiy hujjatda zamon talablariga mos talablar qo‘yiladi. Mana shunday savdo komplekslari davlat standartlari asosida aholiga uzoq muddat xizmat qiladi. Yaqin muddat ichida qurib bitkazilishi kutilayotgan Hazorasp savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish do‘konlari ham o‘z faoliyatini belgilangan qonunlar asosida  faoliyat yuritishiga va xalqimizga uzoq yillar davomida xizmat qilishiga tilakdoshmiz.

Kun.uz muxbiri Zafarbek Solijonov,
Tasvirchi Sherzod Egamberdiyev

Top