13:49 / 08.01.2019
16184

«O‘zeltexsanoat» uyushmasi rahbari Yuliy Yusupovning tanqidlariga munosabatini bildirdi

«O‘zeltexsanoat» uyushmasi raisi Alisher Abdullayev mahalliy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini nima uchun himoya qilish kerakligi haqida fikrlarini bildirar ekan, iqtisodiy ekspert Yuliy Yusupovning tanqidlariga ham o‘z munosabatini bildirdi. U «O‘zeltexsanoat» uyushmasi binosida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu masalaga ham to‘xtalib o‘tdi. 

«Mana noyabr oylarida edi, adashmasam, prezident farmonlari chiqqan edi, eksport qiluvchilarga imtiyoz berish xususida. Eksport ulushi 15 foizdan oshsa, ular ba'zi bir soliq turlarini to‘lashda imtiyozga ega bo‘lishi belgilandi. Biz tanqidga uchrayapmiz, bu borada. Masalan, Yuliy Botirovich Yusupovning maqolasini olaylik. Biz avval ham aytgan edik. Hozircha, Xitoy, Turkiya va boshqa davlatlar ishlab chiqargan mahsulotlar tannarxi bilan teng bo‘la olmaymiz. Raqobatda yuta olmaymiz. Shu boisdan ham biz mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlab turishimiz kerak. Bizda hamma Artel haqida gapiradi, biroq undan tashqari ham 5-6ta ishlab chiqaruvchi bor, ularning hajmi bitta Artel bilan teng, 2ta Artel’ga ham teng deyish mumkin, hatto», - dedi Alisher Abdullayev. 

U, shuningdek, uyushma nazdida «raqobat» tushunchasi qanday anglashilishiga oydinlik kiritdi. 

«Raqobat, degani nima biz uchun? Importchi bilan mahalliy ishlab chiqaruvchini solishtirsa, bu raqobat emas. Qachonki muhit paydo bo‘lsa va bitta-ikkita emas, o‘nta, yigirmata (mahalliy) ishlab chiqaruvchi o‘zaro raqobatlashsa, xalq yutadi, respublika yutadi. 

Bunda birinchidan valuta chetga chiqib ketmaydi. Boshqa kasb egalari peshona teri bilan topayotgan mablag‘lari chet elda, Turkiyada, Koreyada va boshqa davlatda ish joyi yaratishga imkon berayapti. Bizning ishchilar, vatandoshlarimiz ishchi bo‘lib, o‘sha davlatlarga borib ishlashga majbur bo‘lmoqda. O‘zbekistonning milliy manfaati qani bu yerda?», - deya izoh berdi Alisher Abdullayev.

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashuv markazi (CED) rahbari, iqtisodiy masalalar bo‘yicha O‘zbekistondagi yetakchi ekspertlardan biri Yuliy Yusupov mahalliy ishlab chiqaruvchilarga turli yo‘nalishlarda imtiyozlar berilishi ortiqcha va sog‘lom raqobat olib borish qoidalariga zid, deya ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida imtiyozlar berilishini ko‘p bora tanqid qilgan edi. Yuliy Yusupov Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolasida ham bu haqda atroflicha so‘z yuritgandi.

Top