17:44 / 09.01.2019
32048

Britaniyalik ekspert AQSh va YeIga O‘zbekistondan ibrat olishni tavsiya qildi

Foto: EPA

Britaniyalik ekspert, Nyukasl universitetida siyosiy geografiyadan ta'lim beruvchi Nik Megoran davlatlar o‘rtasida yaxshi yoki yomon chegaralar emas, yaxshi va yomon munosabatlar bo‘lishini ta'kidladi, deya xabar beradi The Conversation nashri.

"So‘nggi vaqtlarda chegara borasidagi bahslar Buyuk Britaniya, AQSh va YeIda siyosiy inqiroz xavfini yuzaga keltirib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, 2018 yilda dunyodagi eng qiyin chegara mojarolari bilan bog‘liq vaziyatni tartibga solish yo‘lida ijobiy natijalarga erishildi, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara masalalari shular jumlasidandir", - deydi u.

Maqolada O‘zbekiston va Qirg‘iziston 1991 yilda mustaqil davlatlar sifatida e'tirof etilgani, shundan keyin ular o‘rtasida chegara taqsimoti bilan bog‘liq ko‘plab bahsli vaziyatlar yuzaga kelgani qayd etilgan. Butun boshli qishloqlar, etnik guruhlar, oilalar, fermer xo‘jaliklari va transport qatnovlari ikki mamlakat chegarasi kesishmasida edi.

"Chegarada tikanli to‘siqlar o‘rnatildi, minalangan hududlar paydo bo‘ldi, mayda savdogarlar va chegara oldi aholisiga nisbatan shafqatsiz munosabat chegara harbiylari uchun oddiy holatga aylandi. Ikki tomonlama munosabatlarda ziddiyatning o‘sishi bilan qayta tuzilgan chegaradagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha qo‘shma komissiyaning ishi orqaga surilayotgan edi", - deya yozadi Nik Megoran.

Bunday vaziyat Qirg‘iziston populistlarining g‘azabiga sabab bo‘ldi va ular O‘zbekiston Qirg‘iziston hududlarini egallab olish haqida o‘ylayotgani haqida gap-so‘z tarqatishdi. 2010 yildagi voqea esa keskin yomonlashgan millatlararo munosabatlarning kulminatsiyasi bo‘ldi.

"2016 yilda Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga keldi. Uning mintaqalararo munosabatlarni ustuvor deya e'lon qilishi va delimitatsiya muzokaralari tashabbusi oxir-oqibat 2017 yil oxirida ilgari yopilgan chegara postlarining aksariyati bir tomonlama ochilishiga olib keldi. 2018 yilda men bu ikki mamlakat o‘rtasidagi chegarada bo‘ldim va savdo qilish yoki 15 yildan beri ko‘rishmagan qarindoshlari bilan ko‘rishish maqsadlarida chegarani kesib o‘tayotgan ko‘p odamlarni ko‘rdim", - deydi u.

Bunday siyosat natijasida etnik va davlatlararo munosabatlar yaxshilandi.

Ekspertning fikricha, yaxshi chegaralar xaritadagi texnik chiziqlar emas, siyosiy irodadir. O‘zbekiston rahbariyatidagi o‘zgarishlar boshi berk ko‘chaga kelib qolgan chegaralar delimitatsiyasi va ularni boshqarish jarayonlarining tiklanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Natijada oilalar qayta tiklandi, etnik taranglik kamaydi, savdo imkoniyatlari esa oshdi.

Maqola muallifining ta'kidlashicha, har yili Yevropa Ittifoqining harbiylashtirilgan chegara nazorati tufayli sayyoraning boshqa joylariga qaraganda ko‘proq migrantlar halok bo‘ladi. Bu esa siyosiy tanlov natijasidir.

"YeI, Buyuk Britaniya va AQSh o‘zlarini xalqaro hamjamiyatda axloqiy standartlar tashuvchilari sifatida ko‘rishni istaydi. Biroq chegara siyosatiga kelganda ularning xatti-harakati tobora yomonlashmoqda, 2019 yilda bu borada O‘zbekiston yo Efiopiyadan o‘rnak olishsa bo‘lardi", - deya xulosa qiladi ekspert.

 

Top