13:11 / 11.01.2019
37951

Azim Ahmedxo‘jayev Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlandi

Foto: KUN.UZ

Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi raqamli iqtisodiyot va blokcheynni rivojlantirishga mas'ul bo‘lgan Azim Ahmedxo‘jayev Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqdagi ma'lumotni Jizzax viloyati hokimligi Kun.uz’ga tasdiqladi.

Qayd etilishicha, A. Ahmedxo‘jayev Jizzax viloyati hokimining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. 

U LBMA direktori o‘rinbosari sifatida mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy va sanoat jihatidan kompleks rivojlantirish bo‘yicha boshlagan ishini davom ettiradi. Yangi hokim o‘rinbosari shuningdek, hokimiyat jamoasi bilan birgalikda viloyatda investitsion muhitni yaxshilash, turistik imkoniyatlarni ko‘paytirish hamda mintaqaning tashqi ko‘rinishi bilan yaqindan ishlash niyatida.

Azim Ahmedxo‘jayev 1979 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi (2002 yil). 2018 yilning fevral - avgust oylarida O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri bo‘lgan, 2017—2018 yillarda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga rahbarlik qilgan. 

2016 yil mayidan 2017 yil martiga qadar «Asaka-bank» boshqaruvi raisi, bungacha — 2011 yil mayidan Milliy bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari, raisning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Bundan avval — 2009 yil yanvaridan Milliy bankning NBU Invest Group sho‘'basiga raislik qilgan. Bungacha Iqtisodiyot vazirligi hamda O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tuzilmalarida ishlagan.

Prezidentning 10 yanvarda qabul qilingan "Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish to‘g‘risida"gi farmoni bilan 2019 yil 1 martdan boshlab Jizzax viloyatida “Ilg‘or hudud” sinov loyihasi amalga oshiriladi. 

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi sinov loyihani tizimli va samarali tayyorlash hamda amalga oshirish uchun mas'ul organ hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top