22:35 / 11.01.2019
35333

Qatorasiga 5 ta operatsiya o‘tkazgan jarroh navbatdagisi vaqtida uxlab qoldi

Foto: WeChat

Xitoylik jarroh Luo Shanpeng 20 soat betinim ishlab, 5 ta murakkab operatsiya o‘tkazgach, navbatdagi operatsiya vaqtida ish joyida uxlab qoldi. Hamshiralardan biri uyqudagi jarrohni suratga olib, suratni ijtimoiy tarmoqda joylashtirgach, u ommalashib ketdi.

Daily Mail nashrining ma'lum qilishicha, Guychjou viloyatidan bo‘lgan jarroh 5 ta operatsiya o‘tkazib, endi dam olmoqchi bo‘lganda shifoxonaga qo‘li go‘shtqiymalagichda burdalanib ketgan erkak olib kelingan. Jarroh operatsiyani keyinga qoldirish mumkinmasligini tushungan va o‘ta toliqqaniga qaramay bemorga yordam berishga bel bog‘lagan. Oxir-oqibat shifokor bemajollanib, jarrohlik stoli yonida bemorning tikilgan qo‘lini ushlagancha dong qotgan.

“Men birozga ko‘zimni yumib, dam olmoqchi edim. Ammo uxlab qolaman deb kutmagandim”, deb aytgan jarrohning o‘zi.

WeChat ijtimoiy tarmog‘ida tarqalgan surat foydalanuvchilarni hayratlantirgan. Ularni jarroh uyqusida ham bemorning tikilgan qo‘lini to‘g‘ri ushlab turganiga tahsin aytishgan. Keyinroq operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgani va bemor tuzalayotgani ma'lum bo‘lgan.

 

Top