16:31 / 11.01.2019
5750

Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 11 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkent shahriga kecha kelgan Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.

Suhbat chog‘ida qayd etilishicha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida turli darajalarda, avvalo davlat rahbarlari o‘rtasida muntazam hamkorlikni o‘rnatilgani tufayli ikki tomonlama munosabatlarda misli ko‘rilmagan do‘stona muhit yaratildi, bu esa to‘planib qolgan muammolarni izchil hal etish va hamkorlikning yangi bosqichiga ko‘tarishga imkon berdi.

Vazirlar tomonidan asosiy e'tibor siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki mamlakat aloqalarini 2019 yilda va istiqbolda yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlarga qaratildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli asosda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklari tasdiqlandi. Qayd etilganidek, 2018 yilning 11 oyi davomida o‘zaro savdo hajmi 2017 yilning ushbu davriga nisbatan 55 foizga oshib, 363 million dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonning chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari Kengashi majlislarini ikki davlat bosh vazirlari rahbarligida muntazam ravishda o‘tkazilishi ikki tomonlama munosabatlarda muhim rol o‘ynaydi.

Shuningdek, 12-13 yanvar kunlari Samarqand shahrida Afg‘oniston ishtirokida bo‘lib o‘tadigan «Hindiston – Markaziy Osiyo» muloqotining birinchi uchrashuvi kun tartibiga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ushbu shakldagi forum turli yo‘nalishlardagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish imkonini berishiga ishonch bildirildi.

Muzokaralar yakunida tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ikki tomonlama va Markaziy Osiyo shaklidagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga sodiq ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Uchrashuvda Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Ibragim Junusov ishtirok etdi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top