17:18 / 13.01.2019
4391

Abdulaziz Komilov va Rashid Meredov uchrashuvida hududlararo hamkorlikni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi

Foto: TIV matbuot xizmati

2019 yilning 12 yanvar kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «Hindiston—Markaziy Osiyo» muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Turkmaniston prezidentining 2018 yilning 23—24 aprel kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Vazirlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollari to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, tovar aylanmasining jadal o‘sib borayotganini ta'kidladi. Savdo aylanmasi hajmi o‘tgan yilning yanvar—noyabr oylarida 2017 yilning shu davriga nisbatan 53 foizga oshdi.

Uchrashuvda ikki davlat bozorlarida tovar ishlab chiqaruvchilar uchun o‘zaro qulay shart-sharoitlar yaratish, hududlararo hamkorlikni faollashtirish, mintaqada tranzit va transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, turizmni rivojlantirish, O‘zbekiston va Turkmanistonda qo‘shma tadbirlarni tashkil etish orqali madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bo‘lajak maslahatlashuv uchrashuvini muvaffaqiyatli o‘tkazishdan manfaatdor ekanligi ta'kidlandi.

Uchrashuvda Turkmaniston elchisi Yazguly Mammedov ishtirok etdi.

Top