16:58 / 13.01.2019
4546

O‘zbekiston va Hindiston transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor

Foto: TIV matbuot xizmati

2019 yilning 12 yanvar kuni Samarqand shahrida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi asosiy masalalar ko‘rib chiqildi.

Vazirlar tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining «Vibrant Gujarat — 2019» Xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etishi va rejalashtirilayotgan oliy darajadagi muzokaralarning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

2019 yilgi ikki tomonlama tadbirlar yuzasidan fikr almashish doirasida parlamentlar va tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga, O‘zbekiston-Hindiston ishbilarmon doiralari va moliya institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qiziqish bildirildi.

Vazirlar transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan transafg‘on tranzit koridorlarini ochishdan manfaatdor ekanligini izhor etdi.

Yuqorida qayd etilgan mintaqaviy masalalar Samarqand shahrida ochilayotgan Afg‘oniston ishtirokidagi «Hindiston—Markaziy Osiyo» muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvida muhokama qilinishi rejalashtirilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan Hindiston o‘rtasidagi hamkorlikning yangi shakli kooperatsiyani mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish, har bir ishtirokchi davlatning rivoji uchun yangi imkoniyatlar ochishiga vazirlar ishonch bildirdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Suhbatda Hindiston Elchisi Vinod Kumar ham ishtirok etdi.

Top