10:55 / 14.01.2019
55294

Osiyo Kubogi. Avstraliyaga duch kelmaslik uchun Yaponiyaga mag‘lub bo‘lmaslik kerak

Foto: KUN.UZ

Osiyo Kubogining «F» guruhi ishtirokchisi O‘zbekiston termasi yakshanba kuni Turkmanistonni mag‘lub etib, muddatidan oldin pley-off raundiga yo‘llanma oldi. Tabiiy ravishda jamoaning keyingi bosqichdagi raqibi kim bo‘lishi masalasida savollar tug‘ilmoqda.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Avvalo, shunga aniqlik kiritib o‘tish kerakki, O‘zbekiston guruh g‘olibligini qo‘lga kiritishi uchun oxirgi turda Yaponiya bilan durang o‘ynashi kifoya. Reglamentga ko‘ra, ochkolar teng kelgan holatda avvalo o‘zaro o‘yinlar nisbatiga qaraladi; agar ochkosi teng jamoalar soni ikkita bo‘lsa va o‘zaro to‘qnashuvda durang kuzatilsa, u holda guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarda qayd etilgan to‘plar nisbatiga ahamiyat qaratiladi.

Shu jihatdan ham 2-turda Turkmaniston to‘rtta to‘p farqi bilan mag‘lub etilgani ayni muddao bo‘ldi. Yaponiya turkmanlar bilan ilk turda uchrashib, 3:2 hisobida g‘alaba qozondi; Ummon bilan ham minimal 1:0 hisobi qayd etildi. Demak, 3-tur oldidan O‘zbekiston +5 (6-1), Yaponiya esa +2 (4-2) to‘plar nisbatiga ega.

O‘zbekiston guruhda birinchi o‘rinni egallashi shunisi bilan ahamiyatliki, «F» to‘rtligining ikkinchi o‘rindagi vakili nimchorak finalda «B» kvartetida ikkinchi bo‘lgan terma jamoa bilan to‘qnash keladi. «B» guruhida Avstraliya o‘zaro o‘yindagi mag‘lubiyat sababli birinchi o‘rinni Iordaniyaga boy berib bo‘lgan. Keyingi pog‘ona band etilishi uchun ertaga Suriya bilan kamida durang qayd etilsa bas. Suriya dastlabki ikki o‘yinda ham gol ura olmaganini e'tiborga olsak, bu vazifa «kengurular» uchun qiyinchilik tug‘dirmasligini taxmin qilish mumkin.

Demak, Ektor Kuper payshanba kuni Yaponiyani mag‘lub etishi yoki durangga erisha olishi kerak. Aks holda, yaponlardan qabul qilingan mag‘lubiyatdan to‘rt kun o‘tib, Avstraliyaga qarshi maydonga chiqishga to‘g‘ri keladi. Teskari variantda esa Yaponiya–Avstraliya juftligi yuzaga keladi va chempionlikka da'vogar ikki jamoadan biri nimchorak finaldayoq turnir bilan xayrlashadi.

O‘zbekiston guruh g‘olibligini qo‘lga kirita olgan taqdirda, shu kuni Yaponiya bilan o‘yin yakuniga yetganidan so‘ng boshlanadigan Saudiya Arabistoni –Qatar uchrashuvida yengilgan jamoani pley-offda kutib oladi. Ikki arab jamoasi durang o‘ynasa, to‘plar nisbatiga ko‘ra Saudiya O‘zbekiston qarshisidan chiqadi.

Saudiya Arabistonini ham, Qatarni ham oxirgi ikkita Osiyo Kubogida mag‘lub etganmiz. Arablar to‘sig‘idan so‘ng chorak finalda katta ehtimol bilan Iordaniya bilan o‘ynashga to‘g‘ri keladi. Sensatsiyalar kuzatilmagan taqdirda yarim finalda Eron terma jamoasiga duch kelishimiz mumkin.

Top