08:07 / 14.01.2019
26553

Shomurodovda eng ko‘p o‘tkir pas, Shukurovda uzatmalar aniqligi va eng ko‘p marta to‘pni yo‘qotgan futbolchilar

Osiyo Kubogining «F» guruhida ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi 2-turda Turkmanistonni 4:0 hisobida mag‘lub etdi va keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Dubaydagi «Rashid Stadium»da kechgan bahsda barcha gollar birinchi bo‘limda urildi. Eldor Shomurodov dubl qayd etgan bo‘lsa, Javohir Siddiqov va Jaloliddin Masharipov o‘z nomiga bittadan gol yozib qo‘ydi. Quyida uchrashuvga oid ba'zi statistik ma'lumotlar keltirib o‘tiladi.

– Eldor Shomurodov 6 marta pas uzatish orqali jamoadoshini darvozaga zarba berish uchun qulay vaziyatga olib chiqdi, bu - o‘yindagi eng yaxshi ko‘rsatkich. Masharipov va Zoteyev ikkitadan o‘tkir pas uzatishdi.

– Oleg Zoteyev yakkakurashlarda eng ko‘p qatnashgan o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ldi. U 16 marta raqib bilan to‘p uchun ko‘rashib, 56 foiz duelda yutib chiqdi. Zoteyev, shuningdek, O‘zbekiston tarkibida eng ko‘p (4 marta) fol ishlatgan futbolchi ham bo‘ldi.

– Dostonbek Hamdamovning 4ta zarbasidan bittasi noaniq chiqdi, uchtasini raqib darvozaboni qaytarib qoldi.

– Shomurodovning darvoza tomon uchta zarbasidan ikkitasi golga aylandi.

– Odil Ahmedov – eng ko‘p jarima zarbasini ishlab olgan futbolchi. 76-daqiqada zaxiraga olingunga qadar unga nisbatan 5 marta qoidani buzishdi.

– Islom To‘xtaxo‘jayev – eng ko‘p pas uzatgan futbolchi (78 marta, shundan 70tasi aniq – 90%). Bu yo‘nalishda ikkinchi o‘rindagi Odil Ahmedov 67ta to‘p uzatishni amalga oshirgan (57tasi aniq – 85%).

– To‘p uzatishlarning aniqligi bo‘yicha Otabek Shukurov (94% – 51/54) va Anzur Ismoilov (93% – 55/59) eng yaxshi natija ko‘rsatishdi.

– Shukurov maydonning ikkinchi yarmiga uzatilgan paslar (19ta) aniqligi bo‘yicha 100 foizlik natija qayd etdi. U bitta golga assistentlik ham qildi.

– Odil Ahmedov – maydonning ikkinchi yarmiga eng ko‘p (28ta) pas uzatgan futbolchi. U oldinga tomon uzatgan to‘plar 74 foiz holatda manzilga aniq yetib bordi.

– Shomurodov dublga erishgan bo‘lsa-da, uzatgan paslarining aniqligi bo‘yicha foiz hisobida darvozabon Nesterovdan keyin ikkinchi eng yomon natijani qayd etdi: uning 21ta to‘p oshirishidan 15tasi (71 foiz) aniq bo‘ldi.

– Masharipov va Zoteyev to‘pni eng ko‘p yo‘qotgan (18 martadan) futbolchilar bo‘lishdi. Ahmedov 17 marta to‘pni yo‘qotdi.

– Himoyalanish maqsadida to‘pni uzoqqa tepib yuborish holatlari To‘xtaxo‘jayevda 4, Zoteyevda 3 marta kuzatildi.

– O‘zbekiston safida eng ko‘p qoida buzgan futbolchilar – Zoteyev va Hamdamov bo‘ldi. Oleg 4, Dostonbek 3 marta o‘yin qoidasini buzdi.

– Ignatiy Nesterov uchta seyvni amalga oshirdi.

– Siddiqov 2018 yil 19 yanvar kuni Osiyo chempionati U-23 chorak finalida Yaponiya OTJ bilan o‘yinda gol urib hisobni ochgan edi. 2019 yil 17 yanvarida u endi milliy terma jamoalar miqyosida maydonga tushishi mumkin. Bir yil oldingi bahsda Dostonbek Hamdamov ham gol urgan.

Top