10:11 / 15.01.2019
6837

2018 yil O‘zbekistonda 55 mingta yangi korxona tashkil etildi

2018 yilning yanvar-dekabr oyida respublikada 55,0 mingtaga yaqin korxonalar va tashkilotlar yangi tashkil etildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,0 mingtaga ko‘p, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi.

Natijada, faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni o‘tgan yilning shu davriga solishtirilganda 38,0 mingta (13,3%)ga o‘sgan hamda ularning umumiy soni 323,5 mingtani tashkil etgan. 

2019 yilning 1 yanvar holatiga 339,0 mingta korxonalar va tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha 22,1% savdo, 17,5% sanoat, 9% qurilish, 7,7% qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi, 6,2% yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar, 4,1% tashish va saqlash, 2,2% axborot va aloqa, 2,0% sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar hamda 29,2% boshqa faoliyat turlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Hududlar bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan korxona va tashkilotlar soni eng ko‘pi Toshkent shahri (71318 ta), Toshkent (35385 ta), Samarqand (26297 ta) va Farg‘ona (29529 ta) viloyatlari hissasiga to‘gri keladi. Aksincha, Sirdaryo (11109 ta), Navoiy (11281 ta) hamda Xorazm (15765 ta) viloyatlarida korxonalar soni kamligini kuzatish mumkin.

Faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 323 517 tani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga solishtirilganda 38,0 mingta (13,3%)ga o‘sgan.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning umumiy soniga nisbatan 21,9% savdo, 17,6% sanoat, 9,0% qurilish, 7,6% qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi, 6,1% yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar, 4,1% tashish va saqlash, 2,2% axborot va aloqa, 2,1% sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va 29,4% boshqa faoliyat turlari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Hududlar kesimida qaralganda, faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni eng ko‘pi Toshkent shahri (69236 ta), Toshkent (31030 ta), Farg‘ona (29128 ta), Andijon (27391 ta) va Samarqand (25066 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Aksincha Sirdaryo (10367 ta), Navoiy (11175 ta) hamda Jizzax (14226 ta) viloyatlarida korxonalar soni kamligini kuzatish mumkin.

2018 yil yanvar-dekabr oylarida 55 011 ta korxona va tashkilotlar yangi tashkil etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2017 yilning shu davriga nisbatan 34,1%ga ko‘p. Yangi tashkil etilgan korxona va tashkilotlarning asosiy qismi Toshkent shahri (12714 ta), Toshkent (5456 ta), Samarqand (4831 ta) va Farg‘ona (4338 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Aksincha, Sirdaryo (1507 ta), Navoiy (2027 ta) hamda Xorazm (2299 ta) viloyatlarida korxona va tashkilotlarni tashkil etish ko‘rsatkichi past darajani aks ettirgan. 

Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida, eng ko‘pi savdo (11719 ta), sanoat (11279 ta), qurilish (6370 ta) va qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi (5628 ta) sohalarida yangi tashkil etilgan. Eng kami esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (1178 ta), axborot va aloqa (1236 ta) hamda tashish va saqlash (2115 ta) faoliyat turlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

2019 yil 1 yanvar holatiga 265,0 mingta tijorat shaklidagi korxona va tashkilotlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, shundan xususiy korxonalar – 72,4 mingta, oilaviy korxonalar – 15,5 mingta, mas'uliyati cheklangan jamiyatlar – 170,2 mingta va boshqalar 6,9 mingtani tashkil etgan. 

Top