20:04 / 16.01.2019
71324

Qo‘llarida quvvati bor hokim bobom!

Foto: Getty Images

Jurnalistikada yozilmagan bir qoida bor: agar it odamni tishlab olgan bo‘lsa, buning hech kimga qizig‘i yo‘q. Bordi-yu odam itni tishlab olsa, mana bu yoritishga arziydigan qiziqarli voqea!

Olot hokimi fermerni urgani to‘g‘risida yozib, biz ham to‘g‘ri ish qilmadik. Hokimning qo‘l ostidagilarni savalab turishi kimga yangilik ekan? Agar o‘sha yoki boshqa fermer yig‘ilishda hokimni yaxshilab do‘pposlaganida edi – ana o‘sha haqiqiy sensatsiya bo‘lardi. Nafaqat saytlarda chiqadigan oddiy maqola, balki ko‘chma telestansiyalarni olib borib, voqea joyidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportajlar uyushtirishga ham arzirdi.

Ming afsuski, O‘zbekistonda rahbarlarning kimgadir qo‘l ko‘tarishiga oid yangilik hech bo‘lmasa oyiga bir marta yangrab turadi. Kimdir eshitib, yoki ko‘rsa ham biror dalil taqdim etmay bunday holatlarni gapirib bersa, umuman jiddiy qabul qilinmaydi. Yaxshiki, har kimning qo‘lida zamonaviy telefonlar bor, vaziyatni muhrlash mumkin. Lekin qizig‘i videolavhalarda ro‘y-rost ko‘rinib turgan do‘pposlashlarda ham rasman hokimning haqligi ta'kidlanadi, bo‘lib o‘tgan voqea zo‘r berib xaspo‘shlashga uriniladi.

Xo‘sh, rahbarning qo‘l ko‘tarar darajaga kelishi va dehqonning (yoki quyidagi boshqa kasb egasining) kaltak yeyishiga nimalar sabab bo‘lmoqda?

Dehqon yoki fermer hanuz yer egasi emasligi

Bizdagi fermerlar shunday nomga ega bo‘lsalar-da, ish tizimlari bo‘yicha xorijdagi hamkasblaridan keskin farq qilishadi. Ko‘plab davlatlarda fermer o‘zi ishlaydigan yerning haqiqiy egasi – nima ekishni, hosilni qachon yig‘ishni, kimga sotishni shaxsan o‘zi hal qiladi. Soliqlarni to‘laydi va ishlayveradi. O‘zining iqtisodiyoti, rivojlanishi uchun o‘zi javobgar. Faoliyati uchun kimdan nima xarid qilishni ham o‘zi belgilaydi.

Bizda esa ko‘p jihatdan aksi. Fermerning nima yetishtirishi, qanday narxda qancha mahsulot topshirishi va hatto buning uchun nimalarni qanday miqdorda xarid qilishigacha aniq belgilab qo‘yilgan. Demak, o‘z-o‘zidan fermerning har bir harakati nazorat qilib borilishi shart, deb hisoblanadi. Nazorat esa tabiiyki ikki tomonlama ziddiyatni keltirib chiqarishga zamin yaratadi.

Uzluksiz yig‘ilishlar

Qiziq savol: biror davlatda hokimiyat va fermerlarning muntazam yig‘ilishlari o‘tkazilarmikan? Biz esa bu bo‘yicha ham noyob mamlakatmiz – hokimiyatlarda tongotar majlislar bo‘lishi hech kimga sir emas.

Qadimdan bir naql bor – tanqid bo‘lmasa yig‘ilish yig‘ilish bo‘larmidi?! (Darvoqe, yuqoridagi holat bo‘yicha viloyat hokimining yig‘ilishi ham keskin tanqidiy ruhda o‘tgani bildirildi). Demak bunday yig‘ilishlarda ko‘pchilik o‘rtasida tanqid, izza qilish, o‘rni kelganda baqirib so‘kish, juda ilhom kelganda bir-ikki mushtni tortib yuborish ham mumkinda, busiz qiziq bo‘lmaydi-ku!? Ayniqsa bu qizishishlar, qo‘l ko‘tarishlar shaxsiy manfaat yo‘lida bo‘lmaganidan keyin, aniq asoslarga ko‘ra bo‘lsa...

Chora ko‘rilmasligi

Viloyatning yoki tumanning birinchi raqamli rahbari kim? Albatta hokim-da. Hokim ishtirokida har bir yig‘ilishda albatta prokuror, ichki ishlar rahbari ishtirok etadi. Ammo ne ajabki, qo‘l ko‘tarish holatlari yaqqol qonun buzilishi ekanligini bilib turishsa-da, ularning birortasi chora ko‘rishga shoshilishmaydi, nari borsa ajratib qo‘yish bilan cheklanishadi. Bu masalaning oson va xayrli yechimi. Ko‘p hollarda huquqni muhofaza qilish organlarining o‘zi hokimning bir imosi bilan «aybdor»ni ur kaltak-sur kaltak qilib tashlashadi, shunda ham aqli kirmasa, shartta olib borib «tiqib» qo‘yishadi. Uyog‘iga keyin biror aybni ilib qo‘yish «delo texniki».

Tanganing ikkinchi tomoni

Ko‘pchilik fermerlarga achinadi, hokimni mutlaq aybdor deb o‘ylaydi. Ammo ayrim hollarda fermerlarning o‘zlari ham har qanday hokimni «izdan chiqarib» yuborishga qodirlar. Yalqovlik, o‘z ishini bilmaslik, yerni egallab olish va haqqi bo‘lmasa-da sotib yuborish, qarzdorlik oshaversa-da, parvo qilmaslik va eng yomoni boqimandalik kayfiyati ming afsuski ba'zi fermerlarning qon-qoniga singib ketgan hamda ularni yo‘lga solish, ish samaradorligini oshirish bo‘yicha urinishlar behuda ketaveradi (alohida ta'kid: bu misollar Olot voqeasiga taalluqli emas). Oxir-oqibat bunday holatlar kuch ishlatiluvchi ziddiyatlarga olib keladi.

Eng muhimi, fermerlarning mustaqil ishlashga o‘rganmagani, tizim hamon ma'muriy buyruqbozlikka asoslangani bunday holatlarni keltirib chiqaraveradi. Viloyat hokimi O‘ktam Barnoyevning tomonlarni yarashtirib qo‘ygani yaxshi albatta. Lekin holatga huquqiy baho berilmasligi, aniq sodir bo‘lgan holatda chora ko‘rilmasligi hali-hamon eski uslublardan voz kechilmasligini anglatadi. Hatto hokim javobgarlikka tortilishi ham aniq bir nuqtada yuzaga kelgan olovni o‘chirish xolos, umumiy vaziyat o‘nglanishini bildirmaydi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid
Top