01:02 / 17.01.2019
21054

Eldor Shomurodov Osiyo Kubogida Maksim Shatskix boshlab bergan estafetani davom ettirdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Osiyo Kubogidagi debyutini ketma-ket gollar bilan boshladi. U dastlab ilk turda Ummonga qarshi bahsda zaxiradan maydonga tushib, g‘alaba goli muallifi bo‘ldi, bu bilan asosiy tarkibga loyiq ekanini isbotlagach, Turkmaniston bilan o‘yinni ilk daqiqalardan boshlab maydonda bo‘ldi va birinchi bo‘limda dubl qayd etdi.

Tas-IX

YouTube

Ushbu gollari bilan 23 yoshli hujumchi O‘zbekiston termasining BAA-2019dagi eng yorqin yulduzlaridan biriga aylanib bormoqda. «Rostov» a'zosi hozir 23 yoshda. U 1995 yil 29 iyunda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. «Mash'al» akademiyasi tarbiyalanuvchisi, klub asosiy jamoasida 2011 yildan to‘p sura boshlagan. 2015 yilda «Bunyodkor» a'zosiga aylandi va Osiyo Chempionlar ligasida debyut qildi.

O‘sha yili Eldor Yangi Zelandiyada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan; beshta o‘yinning barchasida qatnashib, Honduras va Fijiga qarshi uchrashuvlarda gol kiritgandi.

Shomurodov «qaldirg‘ochlar» safidagi ikki yarim yillik faoliyati mobaynida 83ta uchrashuvda maydonga tushib, 22ta gol muallifi bo‘ldi. U 2017 yil yozida «Rostov» bilan 4 yillik shartnomaga imzo chekdi. Bu bilan hujumchi «Bunyodkor»dan Rossiya chempionatiga o‘tgan ilk futbolchi bo‘ldi. Eldor RPLning joriy mavsumida 14ta turda qatnashib, 5 marotaba asosiy tarkibdan joy oldi va hozircha faqat bitta gol bilan cheklanmoqda.

Shomurodovning milliy terma jamoadagi debyuti ham 2015 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shandan buyon u 30ta o‘yinda 9ta gol muallifi bo‘ldi.

Qayd etish lozim, ketma-ket to‘rtta Osiyo Kubogidan buyon O‘zbekiston terma jamoasining bir nafardan futbolchisi dubl muallifi bo‘lishga erishib kelmoqda. Maksim Shatskix (2007), Ulug‘bek Baqoyev (2011) Sardor Rashidov (2015) shular jumlasidan. Ammo hozirga qadar hech qaysi futbolchi Osiyo Kubogi final bosqichida het-trik qayd etganicha yo‘q. Shomurodovda kuni kecha Turkmanistonga qarshi bahsda bunday imkoniyat bor edi.

Ehtimol, aynan Eldor terma jamoada uzoq kutilgan to‘purar hujumchiga aylana olar?

Shomurodovda eng ko‘p o‘tkir pas, Shukurovda uzatmalar aniqligi va eng ko‘p marta to‘pni yo‘qotgan futbolchilar

Top