11:56 / 18.01.2019
16616

Mirziyoyev aholi murojaatlari bilan ishlashdagi qator tizimli kamchiliklarni ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, ikki yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti nomiga 2,5 milliondan ortiq murojaatlar kelib tushganligi, respublika ishchi guruhlari tomonidan uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o‘rganish natijasida qo‘shimcha 1,1 milliondan ortiq turli muammolar aniqlanganligi joylarda yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini, ayrimlari o‘rta va quyi bo‘g‘indagi tashkilotlar darajasida hal etilmayotganligini ko‘rsatmoqda.

Aholining murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlili esa bu yo‘nalishda bir qator tizimli kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan. Xususan:

birinchidan, murojaatlar bilan ishlashning amaldagi tizimi aholining mavjud muammolarini to‘liq qamrab olish va tezkorlik bilan hal qilish imkonini bermayapti;

ikkinchidan, aniqlangan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Xalq qabulxonalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishning yagona mexanizmi mavjud emas;

uchinchidan, tegishli ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar loyihalarini ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar hamda joylarda aniqlangan boshqa muammolar yetarli darajada aks ettirilmayapti;

to‘rtinchidan, Xalq qabulxonalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tizimi, ularning yetarli vakolatlarga ega emasligi ish sifati va samaradorligiga salbiy ta'sir qilmoqda;

beshinchidan, joylardagi davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari aholi bilan bevosita muloqot qilish hamda uyma-uy yurish orqali muammolarni aniqlash va hal etishga, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘liq va sifatli bajarishga yetarli e'tibor qaratmayapti.

Mavzuga oid
Top