8441.36 USD -14.01

9493.15 EUR -61.42

131.78 RUB +0.25

10963.6 GBP -96.83

16:41 / 18.01.2019 59350

Umumiy ovqatlanish shoxobchalarida narx nega oshyapti?

2019 yil yanvar oyida umumiy ovqatlanish sohasida xizmat narxlari sezilarli ravishda oshdi. Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi va rahbari Timur Musin esa kelgusi ikki oyda narx siyosatini o‘zgartirmaslikka va'da bermoqda. Aslida, gap nima haqda ketmoqda? Kalavaning uchi qayerda? Nega umumiy ovqatlanish sanoati jiddiy o‘zgarishlarga yuz burmoqda? 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Yuliy Yusupov, iqtisodchi-ekspert:

– Umumiy ovqatlanish sanoati O‘zbekistondagi eng muhim tarmoqlardan biri hisoblanadi. Uning dolzarbligi shundaki, xizmatlar aholi uchun ko‘rsatiladi, barchamiz kafe, restoran va yemakxonalarda ovqatlanishga odatlanganmiz. Biz bu maskanlarda tantana, shodiyonalar, to‘y marosimlarini tashkil etishga odatlanganmiz.  

Yuliy Yusupov

Turizm nuqtai nazaridan qaraganda ham, bu juda muhim tarmoq bo‘lib qoladi. Sayyohlar mazali taomlardan lazzatlanish uchun ham O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Biz bu borada maqtansa bo‘ladigan tajribaga egamiz va turizmni rivojlantirishni istasak, umumiy ovqatlanish tarmog‘i haqida qayg‘urish lozim. 

Afsuski, davlat moliya organlari tarmoq faoliyatiga tushunarsiz munosabatda bo‘lmoqda. Agar tarmoq to‘layotgan soliqlarga nazar tashlasangiz, masalan, o‘tgan yili yagona soliq to‘lovchisi sifatida ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar 5 foiz, chakana savdo 4 foiz, umumiy ovqatlanish tarmog‘i esa 10 foiz stavkada soliq to‘lagan.  

Timur Musin, Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi va rahbari:

Timur Musin

– Uyda tayyorlash mumkin bo‘lgan ovqat uchun, go‘yo ikki baravar narx to‘layotgan xo‘randa nuqtai nazaridan emas, balki umuman umumiy ovqatlanish sanoati nima ekanligini aytib bermoqchiman. O‘zbekistonda mavjud barcha ishlab chiqarish turlari kabi umumiy ovqatlanish tarmog‘i ham ishlab chiqarishning boshqa ko‘rinishi. Guruch va go‘shtdan palov tayyorlash uchun faqat ishlab chiqarish tarmog‘i emas, qimmat turadigan bug‘ konvektomatlar, gaz plitalari, zaruriy barcha anjomlar, mikser, blender va yana nimalardir kerak. Albatta, yuqori malakali oshpaz ham zarur. 

Mening nazarimda, davlat moliya organlari tomonidan umumiy ovqatlanish sanoatiga ayricha qarash yo hurmatsiz munosabatda bo‘lish paydo bo‘lgan. Go‘yoki, biz juda boymiz va daromadlarimizni yashiryapmiz. Bilasizmi, bir narsaga e'tiboringizni tortmoqchi edim: oddiy do‘kondan farqli ravishda, bizda xo‘randalar joylashadigan savdo zali mavjud. Yaxshi restoranlarda u yanada chiroyli bezaklar bilan boyitilgan. Chiroyli, qimmat mebel, qimmat idish-tovoq, suratlar, restoranlar uchun ixtisoslashgan qimmat anjomlar. Biz raqobat muhitida, shunchalar tarmoqqa kirishib ketdikki, restoran teatrga aylandi. Qahva mashinangiz qanday qahva tayyorlashidan tashqari, u qanday ovoz chiqaradi, tarovat taratadi, bular ham inobatga olinadi. Bularning barchasi pul turadi. 

Xizmat ko‘rsatish jamoasi katta va ularning barchasiga maosh to‘lash lozim. Kafeda jarayon biroz soddaroq, ammo amaldagi soliq qoidalari bilan ularga biroz qiyin ham. 

Juda ko‘pchilikka tushuntirgim keladi, shunchaki tushuntirish emas, hattoki, bir nechta restoranlarimni davlat tashkilotlari, vazirliklarga rasman sovg‘a qilishga roziman. Faqat bitta qat'iy shart bilan: 5 yil yopilmaslik kerak. Daromad yo‘qmi, baribir ishlayversin. Daromad yo‘qmi, xarajatlarni cho‘ntakdan qoplasin. Balki, shunda bizga bo‘layotgan munosabatlar o‘zgarib qolar. 

Men bilaman, faqat muloqot, faqat muloqot orqali biz bir-birimizni anglaymiz. Ularning muammolarini ham tushunaman: barqaror budjet paydo bo‘lishi uchun yaxshi sharoit yaratish lozim. Eng yaxshi imkoniyat, bu – soliq tushumlarini ko‘paytirish. Mening nazarimda, bizdan ko‘proq soliq siqib olish emas, ko‘proq korxonalar ochishga imkoniyat qilib berishlari kerak. Ana shunda biz bajonidil soliqlarni to‘laymiz. 

Yuliy Yusupov, iqtisodchi-ekspert:

– Men mantiqni tushunmayapman. Balki, umumiy ovqatlanish tarmog‘i soyada qolib ketayotganidan shubha qilishayotgandir. Lekin bu mustahkam mantiq emas. 

Mubin Mirzayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari:

Mubin Mirzayev

– Bitta O‘zbekistonda emas, butun dunyoda umumovqatlanish tizimi 50/50 ishlaydi. Ya'ni, xomashyo, xarajatlar 50 foiz, ish haqi va boshqa xarajatlar 50 foizni tashkil etadi. Bejiz 10 foiz qoldirmadik, soddalashtirilgan QQSda ham shu stavka saqlanib qoldi. Dunyodagi barcha davlatlarda ham umumiy ovqatlanish korxonalarida daromad-rentabilligi yuqori. Qayerda daromad yuqori bo‘lsa, ular ko‘proq soliq to‘lashi kerak. Aksincha, daromad past bo‘lsa, kamroq soliq to‘lashi lozim. 

Bu stavkalarni o‘zimizcha qo‘ymadik, boshqa xalqaro tashkilotlar, jumladan Xalqaro valuta fondi, Jahon bankining mutaxassislari boshqa davlatlar tajribasini misol tariqasida keltirib berdi. Ularning taklifini ham o‘rganib chiqib, O‘zbekiston sharoitida tahlil qilib, stavkalarni kiritdik. 

Timur Musin, Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi va rahbari:

– Shunchaki kelishish emas, ulardan so‘rashni istagan bo‘lardim: bizning tarmoq faoliyatini mikroskop bilan ko‘rib chiqishsin. Biz hech qanday kontrabandist emas, tadbirkor ekanimizni tushunishlarini istagan bo‘lardim. Hamma 5 foiz soliq to‘laganda, nega umumovqatlanish vakillar 10 foiz to‘lashini 10 yilda ham hech kim tushuntirmadi. «Yashirin daromadingiz bor, shunga 10 foiz». Unday emas-da, keling, yuridik tilda gaplashaylik. 

Bundan tashqari, biz turizmni rivojlantirish uchun asosiy lokomotiv hisoblanamiz. Sayyoh mehmonxonada bir kecha tunab qoladi, ertasiga bir-ikki ekskursiyani o‘tkazadi, keyin ovqatlanadi. Eng yaxshi holatda u to‘rt marta zo‘r, mazali taom tayyorlaydigan restoranlarda ovqatlanadi.  

Yuliy Yusupov, iqtisodchi-ekspert:

– Agar yuqori stavkali soliqlarni joriy etsangiz, ulardan qochishga harakat bo‘ladi. Shunaqa yuqori stavkalar belgilansa, uni hech kim to‘lamaydi. Bu yil ham shu mantiq davom etyapti. Oboroti 1 milliard so‘mdan kichik bo‘lgan sub'yektlar 4 foizli yagona soliq to‘lovini amalga oshiradi. Umumiy ovqatlanish tarmog‘i uchun 8 foiz stavka belgilangan. Nega? 

Agar soliq konsepsiyasini o‘qisangiz, islohotlarda bunday yozilmagan: hamma bir xil 4 foiz to‘lashi kerak. Umumiy ovqatlanish tarmoqlari uchun yana istisno qilinyapti. Ularni nega jazolashyapti, buni tushunmayman. Uncha katta bo‘lmagan oborotga ega korxonalar soddalashtirilgan QQS to‘lashi mumkin. Ya'ni, 3 milliard so‘mgacha oborot bilan ishlayotgan korxonalar ishlab chiqarish uchun 7 foiz, chakana savdo uchun 6 foiz, umumiy ovqatlanishga bo‘lsa, 10 foiz stavka belgilangan. Nega yana ular kamsitilmoqda? 

Mubin Mirzayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari:

– To‘g‘ri, avval ishlab chiqarish uchun yagona soliq to‘lovi 13-15 foiz edi. Keyinchalik, ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlaymiz, ularni rag‘batlantiramiz, deb 13dan 5 foizgacha tushirdik. Lekin umumovqatlanish tarmoqlari uchun stavka saqlanib qolgan. Ko‘proq ushlab qolinmayapti, degan savollar ham turibdi. Aslida, startda barcha bir xil sharoitda ish boshlagan. 

Oxirgi 10 yil ichida, soliq siyosatida har xil o‘zgarishlar bo‘lishi – ishlab chiqarish jarayonini rag‘batlantirgani yo‘q. Raqobatni faqat buzishning hisobiga tizimga xalaqit berdi. Maqsad endi bitta – hammaga teng sharoit qilib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulotni ko‘paytirish. 

Yuliy Yusupov, iqtisodchi-ekspert:

– Umumovqatlanish tarmog‘i gardaniga tushayotgan ikkinchi zarba – sanoat uchun zaruriy xom-ashyolar, ya'ni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan. Bu degan – bu tovarlar bo‘yicha xaridni amalga oshirgandan hisob qilish mumkin emas. Masalan, 3 milliarddan ortiq oborotga ega bo‘lgan yirik restoran 20 foiz QQS to‘lashi lozim. Elektroenergiya, import tovarlar, ayrim xizmatlar bo‘yicha QQS hisobini inobatga olish mumkin, ammo qishloq xo‘jaligidan olinadigan xom-ashyo hisobga olinmaydi. Demak, ular amalda yirik stavkadagi soliqqa tortilyapti. QQS aslida oborotdan olinadigan soliqqa aylanib qoldi. 

Tadbirkor ziqna bo‘lgani uchun, yomon bo‘lgani yo yomon bo‘lishni istagani uchun, soliqni to‘lamaslik yoqishi uchun soyaga ketmaydi, shunchaki o‘yin qoidasi maydonda toza ishlashga yo‘l qoldirmagan. 

Bu vaziyatda ikkita tanlov paydo bo‘lyapti – xizmat narxlarini ko‘tarish kerak yo soyaga kirib ketish. 

Timur Musin, Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi va rahbari:

– Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi ham zanjirda bo‘lib, barcha ishtirokchilar QQSdan ozod etilganda, bunaqa muammo bo‘lmasdi. Yoki ularni ham QQSga tortish kerak. QQS aslida oborotdan olinadigan soliqqa aylanib qoldi. Masalan, avval u 10 foiz edi, endi esa 20 foiz bo‘lib, qiymat ikki baravar oshdi. Shuning bilan daromadlarimiz 4 baravar tushib ketdi. 

Mubin Mirzayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘ribosari:

– Asosan umumiy ovqatlanish va yirik do‘konlar tarmog‘ida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining QQS to‘lamasligi evaziga narx oshadimi yo yo‘qmi, degan savol paydo bo‘lgan. 

Timur Musin, Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi va rahbari:

– Restoratorlar muloqot tarafdori, dialog qilishimiz kerak. Bu yil yangi tahrirdagi soliq kodeksini qabul qilinishini kutyapmiz. Oborot 5 milliard so‘mdan oshdi, bu vaziyatda yana ko‘proq soliq to‘lashim kerak. Lekin oboroti 3 milliard so‘mgacha bo‘lgan korxonalarga bo‘linib ketishimga hech kim taqiq qo‘ymagan. Soliq bo‘yicha munosabatlarni optimallashtirib, faoliyatni qayta ko‘rib chiqishim kerak. 

Barchamiz uchun muhim narsa, ayniqsa davlat kutayotgan vaziyat – biz narxni bir necha oy oshirmaymiz. Qiyinchiliklar doim yaxshi narsa, eng yaxshi qarorlar ana shunda keladi. Bizning sharoitda optimizatsiya muhim. Tovar yetkazib beruvchi, QQS to‘lovchilarini qidirishga tushamiz, arzonroq, lekin sifatli tovar sotayotgan kompaniyalarni qidiramiz. Importga tayanishga harakat qilamiz, bu bo‘yicha hisob qilsa bo‘ladi. Menimcha, restoratorlar emas, barchaning oldida soliq yukini optimallashtirish turibdi. Bu vaqtda bizni faqat eshitishlarini emas, balki yon bosib, biz juda qiynalgan nuqtalarni ko‘rsatganda, qiyo boqishlarini istayman.  

Biz o‘zbekmiz, optimistmiz. O‘zbekistondagi eng qimmat resurs – boy yashashni istaydigan, bu yo‘lda qattiq mehnat qilishdan tashqari, sutkalab o‘ylashga, kelishib ishlashga tayyor xalq. O‘ylaymanki, O‘zbekiston resursidan maksimal foydalanish kerak.​

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi

Top