8395.15 USD -6.38

9510.03 EUR -113.08

127.67 RUB -0.68

10869.2 GBP -122.52

10:40 / 19.01.2019 201752

Hasan tabib «mutlaq tabibmi» yoki?.. KUN.UZ surishtiruvi

Xalq tabobati yurtimizda uzoq tarixga borib taqaladi. Uning rivojlanishi, shakllanishi uchun ko‘plab ajdodlarimiz o‘z umrlarini baxshida etgan. Chunki, tabibning qo‘ygan har bir tashxisi, muolaja olib borish tartibi bir insonning va uning atrofidagi yaqinlarining taqdiriga ta'sir ko‘rsatadi.

So‘nggi vaqtlarda xalq orasida mashhur bo‘lib ketgan, katta qiziqishlar bildirilayotgan shaxs bu – Hasan tabibdir. Bu shaxs ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘pchilikka ma'lum. Xo‘sh, aslida u kim o‘zi? Odamlarning pulini shilishni o‘ziga kasb qilib olgan firibgarmi yoki g‘ayritabiiy kuchga ega noyob tabibmi?

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Hasan tabib» «makoni»ga tashrif

Bunday savollarga javob topish maqsadida Hasan tabibning «muolajasi»da qatnashdik. Andijon viloyati, Shahrixon tumaniga yetib borgunimizgacha bu shaxs biz uchun «Hasan tabib» edi. Tumanga yetib borganimizdan so‘ng, u «Hasan domla»ga aylandi.

Odamlardan Hasan domlani so‘rab-surishtirib, uning makonini topib bordik. Borganimizda odamlar «u kishi endi o‘qishni boshladilar, kirsanglar ulgurasizlar», deb aytishdi. Hovliga 100 chog‘li kishi yig‘ilgan edi. Bu vaqtda Hasan domla qiroat qilayotgan ekan. Yig‘ilganlar bilan suhbatlashib ko‘rdik.

Bemorlardan aniqlaganlarimiz quyidagilar:

1) bemorlar respublikaning turli chekkalaridan kelgan (Surxondaryo, Jizzax, hattoki Qoraqalpog‘istondan ham)

2) bemorlarning kasalliklari turli xil. Jigar sirrozi, miya o‘simtasi, bel churrasi, qandli diabet, ruhiy xastaliklar, bepushtlik va hokazo.

3) bemorlarning ko‘pchiligi tibbiy davolanishdan umidini uzganlar yoki ishonmaydiganlar.

Tashxis va muolaja

Qiroatdan so‘ng, Hasan domla o‘z «seans»larini boshladi. Avval eski mijozlar birrov tekshirilarkan (sog‘ayish jarayoni qanday ketayotgani bo‘yicha). Bu muolaja qimmat emas, atigi 1000 so‘m. Keyin tashqariga yangi kelganlar «saf» tortadi. Ular obdon tekshiriladi. Tekshirib tashxis qo‘yilish jarayonini ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgan bo‘lsa kerak. Yangilar uchun tashxis to‘lovi - 5000 so‘m. Tajriba maqsadida biz ham bu «seans»da qatnashdik. Avvaldan taxmin qilganimizdek, bizning ham bir necha joylarimiz «shum» bilan ishlayotgan ekan (mendan oldingi bemor ham, undan oldingi bemor ham va undan oldingisi ham shunday holatda ekan).

Tashxislar qo‘yildi, endi muolaja va davolanish qanday bo‘lar ekan deb qiziqdik. Yuqoridagi tashxis uchun ma'lum vaqt xandon pista chaqishimiz, avval katta kosada, so‘ngra kichikroq piyolada asal suv ichishimiz lozim ekan (barcha bemorlarga bir xilda davolanish, kasalidan qat'i nazar).

«Mutlaq tabib» maqomi va mahalla daromadi

Hasan tabib yig‘ilib turganlarga asal, xandon pista va qora no‘xatni ko‘chadan yoki bozordan emas, yon qo‘shnisidan olishni tavsiya qildi. Bunga sabab sifatida, bu mahsulotlarga shaxsan o‘zining nazorati o‘rnatilganini iddao qildi.

Faoliyatining qonuniyligini esa hammaga qo‘rqmasdan, baralla aytaverishi odamlarda shubhaga o‘rin qoldirmas ekan.

«Seans»larga kirish oldidan darvoza boshidagi kishilarni savolga tutgan bo‘ldik. Hasan tabibning ixtisosligi qaysi yo‘nalishlar ekanligini so‘ragan edik, qiziq javobga duch keldik: «Hasan tabib «mutlaq tabib» hisoblanadi. U barcha kasalliklarni davolaydi».

«Seans»lardan qaytib chiqsak xuddi o‘sha odamlar bizga davolanish uchun yotoq joy taklif qilishdi. Ko‘pchilik bilan yotamiz desangiz, bir kishi uchun narx 15 ming so‘m atrofida, alohida xonalar uchun esa 50 mingdan 100 ming so‘mgacha ekan. «Mutlaq tabib» odamlarni davolash bilan birga mahalla ahliga ham daromad keltirayotgani «tahsinga sazovor».

Mutaxassis fikri

«Mutlaq tabib»ning «muolaja»laridan so‘ng, tibbiyot sohasida maxsus malaka va bilimga ega mutaxassis, Shahrixon tuman tibbiyot birlashmasi bosh koordinatori Sodiqjon Fattoxov bilan suhbatlashdik.

«Hozirgi kunda kasallikni aniqlab, to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun kerakli jihozlarga egamiz. Misol uchun, miokard infarkti uchun bemor qon tahlili, EKG qilinadi va tashxis tasdiqlanadi. Oddiy misol, siydik-tosh kasalligi asoratlaridan biri tosh ko‘chib qolsa buyraklarda dimlanish bo‘ladi. Qorin devori ta'sirlanadi va og‘riq kuchli bo‘ladi. Davolash juda oddiy. UZI qilinadi va oddiy preparatlar aytiladi. Spazmlar qo‘yib yuboriladi. Malakali tabiblar bunday vaqtda nima qilishni bilishadi. Darrov farqlay olishadi va shoshilinch tarzda shifoxonaga jo‘natadi. Uyda olib o‘tirmaydi.

Shahrixon tuman tibbiyot birlashmasi bosh koordinatori Sodiqjon Fattoxov

Ba'zi bir kechiktirib bo‘lmaydigan kasalliklar bor. Misol uchun, infarkt, insult va shunga o‘xshash boshqa kasalliklarda darrov shifoxonaga olib borish talab etiladi. Surunkali kasalliklarda esa ma'lum bir giyohlar bilan davolasa bo‘ladigan holatlar bor. Bunday kasalliklarni ilmi bor tabiblar davolay olishadi.

Har bitta bemor davolanish jarayonida individual baholanadi. Kasalliklarni davolashda ham ularning klassifikatsiyasi turlicha. Yuqumli kasalliklarda davolanish boshqacha, nafas olish tizimi yallig‘lanishi kasalliklarida davolanish mutlaqo boshqacha hisoblanadi. Har bir kasallik bo‘yicha individual yondashish zarur. Tibbiyotda yo‘nalishlariga qarab turli xil shifokorlar mavjud. Hazm qilish tizimi bo‘yicha gastroenterolog, yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha kardiolog va hokazo. Organizm murakkab tuzilgan -davolash ham shunga yarasha qiyin bo‘ladi.

Hasan domla haqida eshitganmiz. O‘zini «tabib» deb e'lon qilgan. Uning davolashlari tibbiyot standartlariga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki, davolash uslubi hammaga bir xil. U yerga har xil kasalliklardagi bemorlar boradi. Somatik-yuqumli, ruhiy kasalliklar bilan boradigan bemorlar bor. Masalan, ruhiy kasalliklarga asal to‘g‘ri kelmaydi. Qandli diabetning ikkita turi mavjud. Bu ikki turida ham qonda uglevod miqdori oshib ketadi. Asal uglevoddan tarkib topgan. Demak, bu mutlaq mumkin emas degani.

Ba'zilar shifo topishmoqda deyishadi. Ixlos bilan borsa, balki ma'lum guruhdagilar sal yengil tortishi mumkindir. Bu bir shirin so‘z bilan, ishonch berish bilan ham bo‘laveradi. Lekin, chuqur turdagi kasalliklarga foyda bermaydi.

Lisenziya masalasi tabiblarga Respublika Tabobat akademiyasi tomonidan hal etiladi. Hasan tabibning esa na guvohnomasi, na litsenziyasi bor», deydi shifokor.

«Xalq unga ishonganiga hayronman». Tabobat akademiyasi izohi

Toshkentga kelib, bu sohaning asl egalari bo‘lmish Xalq tabobati akademiyasi rahbarlari bilan uchrashdik. Bu dargohda bizni akademiya boshqaruv raisi Mehri Nuruzova kutib oldi.

Xalq tabobati akademiyasi boshqaruv raisi Mehri Nuruzova

«Ikki yil oldin bir fan nomzodi keldi. Men nevaramni ikki oy shu Hasan tabibda davolatdim, deydi. Baraka topgur. Siz fan nomzodi, men fan nomzodi. Qanday qilib bunday joyga ikki oyga nevarangizni qo‘yib qo‘ydingiz dedim. Aytarli o‘zgarish bo‘lmagan.

Biz 22 yil tabobatni yuzaga chiqaramiz deb kuyunib turgan vaqtimizda bundaylar ko‘payib ketgani odamga alam qiladi. Olotda bir tabib chiqqan edi. U odam oldin qabr bo‘lgan joyni olib, o‘sha joydagi daraxtning atrofida bemorlarni aylantirar edi. U tabibni o‘rganish uchun 4 kun o‘sha joyda bo‘ldim. Keyin ko‘rganlarimni tegishli joyga yetkazganimdan so‘ng, unga chora ko‘rishdi.

Marhum Muhammadjon Hamroyev (akademiyaning sobiq raisi) 1996 yilda bu tashkilotni tashkil etgan. U kishi sohaga butun umrini berdi. Chunki, bu juda mas'uliyatli ish, zimmangizga olganingizdan keyin ishlash kerak. Bu pul uchun qilinadigan ish emas. O‘sha tabib pulni topyapti. Eng alam qiladigani undan ko‘ra, unga ishonayotgan xalq aybdor. Bu ahvolga ularning saviyasizligi sabab. Qanday qilib borgan odamning boshiga qo‘lini qo‘yib saraton deydi? Unga asal bersa, yana boshqa narsalar bersa. Bu nima degan gap? Qachongacha bu xalq aldanib yuradi?

Biz bundaylar orqasidan juda ko‘p azob tortdik. Hozirgacha shunday ilmsizlar ming xil nag‘ma ko‘rsatib yurishibdi. Shu paytgacha qonun yo‘q hisobda edi. Ya'ni, rag‘batlantirish ham yo‘q, javobgarlik ham yo‘q edi. Bundaylar nima qilsa qilib yuraverar edi. Endi bu soha ham tartibga solinmoqda.

Lisenziya masalasida ochiq aytishim mumkin. Shu paytgacha tabobatda hech kimga hech qanaqa litsenziya berilgan emas. Bizda reyestr yuritilgan. Buning uchun bir necha hujjatlarni so‘raymiz. Biz birinchi bo‘lib so‘raydiganimiz – bu insonning ilmi qanaqa?

Doim aytamiz, tabib mijoz ta'limotini bilishi kerak. Ta'limotni bilgan tabib anatomiyani biladi. Ya'ni, har bir inson o‘zining mijoziga ega. Hammada bu har xil bo‘ladi.

7-8 oydan beri o‘sha joylarda yotgan odamlar haqida bizda ham ma'lumotlar bor. Qo‘shnilari o‘z uylarini berishayotgan ekan. Chunki, u o‘sha yerliklarni moddiy ta'minlamoqda. Sanitariya-gigiyeniya tomonidan o‘sha joylar talabga javob bermaydi. Tabobat bo‘lgani bilan biz ham oldimizga kelganlardan joylari bo‘yicha CanEpidemMarkazning xulosasini talab qilamiz. Tozalik birinchi darajada bo‘lishi kerak. Infeksiya bo‘lgan, tozalik bo‘lmagan joyda qanaqa tabobat bo‘lsin? Bir xonada 20 odam yotsa, 20 xil infeksiya bo‘ladi. Shuningdek, tabobatda hech qachon hech kim 300-400 odamni yig‘ib olib tashxis qo‘ygan emas. Birma-bir tekshirib tashxis qo‘ygan. Tabobatda 400-500 odamga qo‘lini tekkizmay tashxis qo‘yish emas. Eng achinarli jihat, xalqimiz shunga ishonishi, beparvo munosabatda bo‘lishidir. Shundaylar borki, kelib bizdan talab qiladi. Hujjat ber, deydi. Men hamma narsani qilaman, uch kunda saratonni yoki qand kasalini davolayman, deydi. Lekin bu kasallikni bilmay turib qanday tuzatish mumkin? Biz 20 yildan beri bu kasalliklar bilan ishlaymiz. 20 yilda bu kasallik bilan og‘riyotgan 20 xil bemor keldi desam, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, hammada kasallik har xil kechadi. Bunday kasallarga asal berish mumkin emas. Shu bilan birga, qandli diabet bilan og‘riyotganlarni har kuni tekshirib turish kerak. Bemorning yoshi, jinsi, holati alohida tekshirib boriladi.

Asalning shifobaxshligi ko‘p, lekin bu ham hammaga turlicha ta'sir qiladi. Asal mijozga qarab iste'mol qilinadi. Agar mijoz issiq bo‘lsa, sovuq mijozga bergan bir osh qoshiq asal uning burnidan qon keltirib, issiqligini oshirib yuborishi mumkin-ku? Hayronman, shuncha odam ko‘rib turibdi, shuncha huquqshunos qayoqqa qarayapti, bilmayman.

Masalan, "Uch uyg‘unlik"  degan kitob. Bunda, tib, din va ilohiyat uyg‘unligi aytiladi. Insonda avvalo iymon bo‘lishi kerak. Iymon bo‘lmasa uning ruhini ko‘tarish mumkin emas.

Davolashda tan olish kerak, o‘qib davolash bor. Ilohiy kuchga hammamiz ishonamiz, lekin buni bajaradigan o‘z odamlari bor. Arab davlatlarida shunday mutaxassislar mavjud. Ular haqiqiy muqaddas Qur'ondagi shunday suralarni bilishadi. Bunday tabiblarda esa quruq gap. Yomon tarafi, shundaylar sababli tabobatga ertaga odamlarda ishonch qolmaydi. Bizga ishonch qolmaydi. Odamni davolash oson ish emas, katta bilim talab qiladi. Shu yerdagi shuncha kitob bu bir qismi, xolos», deydi akademiya raisi.

Tajribali mutaxassislarning fikrlarini tinglab xulosa chiqarish har kimning o‘ziga havola, albatta. Tabibning faoliyati qonun doirasidami yoki aksincha? Bu savolga huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan aniqlik kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Biz esa avvalo, hech qachon sog‘lig‘ingizni yo‘qotmang deb qolamiz.

KUN.UZ xalqimizga doimo sog‘liq va salomatlik tilaydi.

Bahodir Ahmedov

Top