11:34 / 19.01.2019
27036

Jahon arxitekturasi poytaxti e'lon qilindi

Foto: AFP Yasuyoshi Chiba

YuNESKO, Me'morlar xalqaro ittifoqi (UIA) bilan birgalikda, Rio-de-Janeyro (Braziliya) 2020 yilda jahon arxitekturasi poytaxti bo‘lishini e'lon qildi. Tashkilotning veb-saytida chop etilgan hisobotda jahon arxitekturasi poytaxtini tanlash tashabbusi YuNESKO va UIA'ning shahar muhitida arxitektura merosini saqlab qolishga bo‘lgan umumiy intilishidan kelib chiqqani ta'kidlangan.

«O‘tkazilajak turli tadbirlar tufayli, jahon me'morchiligi yangi poytaxti – Rio-de-Janeyro shaharlarning barqaror rivojlanish dasturi doirasida arxitektura va madaniyat muhim rol o‘ynashini namoyish eta oladi», – deydi YuNESKOning madaniyat bo‘yicha bosh direktorining o‘rinbosari Ernesto Ottone.

YuNESKO xabariga ko‘ra, tashkilotning sheriklik shartnomasi va me'morlar uyushmasiga muvofiq, har uch yilda o‘tkazilishi belgilangan UIA'ning Jahon Kongressi Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadi, shuningdek, xavfsizlikni mustahkamlash va barqaror shahar rivojlanishini ta'minlashga qaratilgan saralama tadbirlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

«Jahon me'morchiligi poytaxti bugungi global muammolarni madaniyat, madaniy meros va shaharsozlik nuqtai nazaridan muhokama qilish uchun xalqaro maydonga aylanishi mo‘ljallangan», –  deyiladi YuNESKO xabarida.

O‘zbekistonda esa YuNeSKO bilan ishlar juda yaxshi emas. 2018 yili Shahrisabz tarixiy markazining YuNeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatidan chiqarilishi YuNeSKO Umumjahon merosi qo‘mitasi (UMQ)ning 42-sessiyasida favqulodda muhokama etilgandi. 

O‘shanda O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari qo‘mita a'zolariga O‘zbekiston hukumati madaniy merosni saqlab qolish uchun «yo‘l xaritasi»,shuningdek YuNeSKOning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Xalqaro maslahatchi ekspertlar guruhini tuzish rejalari haqida gapirgan. Uzoq muhokamalardan so‘ng, Shahrisabz ro‘yxatda qolishi ma'lum qilindi. 

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston BMTning Ta'lim, fan va madaniyat bo‘yicha tashkiloti – YuNeSKOga 1993 yil 26 oktyabrda a'zo sifatida qabul qilingan. Shu kunga qadar, mamlakat hududidagi 4ta tarixiy-madaniy qiymatga ega markazlar – Ichan qal'a, Shahrisabzning tarixiy markazi, Samarqand, Buxoroning tarixiy markazi YuNeSKO alohida ro‘yxatiga olingan. Shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston umumiy chegarasida joylashgan Tyan-Shan tabiat maskani ushbu ro‘yxatga kiritilgan.

Mavzuga oid
Top