8441.36 USD -14.01

9493.15 EUR -61.42

131.78 RUB +0.25

10963.6 GBP -96.83

20:34 / 21.01.2019 25614

Shavkat Mirziyoyev Angela Merkel bilan muzokara o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 yanvar kuni Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bilan muzokara o‘tkazdi.

Davlat rahbari suhbat avvalida Germaniyaga taklif va O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan hurmat-e'tibor uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Germaniyaga vaqt davomida sinalgan ishonchli sherik deb qarashini ta'kidlagan. 

«Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik asosiy masalalar bo‘yicha pozitsiyalar o‘xshash va yaqinligi namoyon bo‘ldi. Samarali muloqotni ikki va ko‘p tomonlama shaklda, jumladan, nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida izchil davom ettirishga intilish mushtarak ekani tasdiqlandi.

Germaniya kansleri O‘zbekiston prezidenti rahbarligida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va jamiyatni yanada demokratlashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik va o‘zaro ishonch muhitini yaratish, ko‘p yillik bahsli masalalarni tinchlik yo‘li bilan hal etish va mintaqani global iqtisodiyotga integratsiya qilish bo‘yicha yangi mintaqaviy siyosatini olqishladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

Tomonlar inson huquqlarini himoya qilish, atrof muhitni muhofaza etish masalalarini ham ko‘rib chiqdi. Davlatimiz rahbari Germaniya hukumatiga Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirib, Berlinni Orolbo‘yi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

Muloqotda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalasiga, jumladan, Afg‘oniston muammosini hisobga olgan holda e'tibor qaratildi. Bu masalani barcha tomonlar ishtirokida, afg‘onlar rahbarligida tinch yo‘l bilan hal etish zarurligi alohida qayd etildi.

Uchrashuvda asosiy e'tibor savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 700 million yevrodan oshgani qayd etilib, bu ko‘rsatkichni 1 milliard yevroga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi ta'kidlandi. 

O‘zbekistonda germaniyalik investorlar ishtirokida 132ta firma va kompaniya faoliyat yuritmoqda. Shundan 33tasi yuz foiz nemis kapitali asosida tuzilgan, 31tasi yurtimizda o‘z vakolatxonalarini ochgan. O‘zbekiston milliy banki Germaniyaning 57ta banki bilan aloqa o‘rnatgan. Toshkentda «Doyche-bank» bo‘limi tashkil etilgan. 

Tashrif doirasida kimyo, qurilish, energetika, metallurgiya va oziq-ovqat sohalari yetakchilari – «Simens», «Tissen Grupp», «Klaas», «MAN», «Knauf», «Linde», «Pappenburg», «Xumana», «Folksvagen» kabi xalqaro miqyosdagi nemis konsernlari bilan sheriklikda yangi ko‘p milliardli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ilm-fan, ta'lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, madaniy aloqalar va turistlar almashinuvini kengaytirish muhimligi qayd etildi. 

O‘zbekistonda 8 mingdan ziyod nemis millatiga mansub fuqarolar yashamoqda. Madaniyati va an'analarini saqlab, rivojlantirishi uchun ularga barcha sharoitlar yaratilgan.

400 mingdan ortiq o‘quvchilar nemis tilini o‘rganmoqda. Yaqinda Toshkent, Samarqand va Buxorodagi maktablarga buyuk nemis olim va yozuvchilari nomi berildi. 

Toshkentdagi Gyote instituti, Konrad Adenauer hamda Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armalar, Germaniya akademik almashinuvlar xizmati vakolatxonalari va boshqa tashkilotlar xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma'rifiy aloqalarni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Poytaxtimiz va bir necha viloyatlarda bo‘limlari bo‘lgan «Vidergeburt» nemis madaniyat markazi, «O‘zbekiston – Germaniya» do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda.  

O‘zbekistonda Germaniya fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim joriy etilgani muhim voqea bo‘ldi. Bu mamlakatimizni ko‘rishga qiziqadigan turistlar, biznesini yo‘lga qo‘yadigan investorlar va boshqalarga katta qulaylik yaratdi. 

Tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta'lim, ilm-fan va innovatsiya sohalariga oid hukumatlararo va idoralararo 9ta hujjat imzolandi. 

Tomonlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaati yo‘lida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishini bildirishgan.

 

Top