08:00 / 22.01.2019
23090
Mutlaqo xavfsiz va qulay messenjer taklif qilinmoqda. Mutaxassis bilan suhbat

Messenjerlar. Muloqot qilish, biznes va boshqaruv amaliyotida hujjat almashish hamda boshqa qator qulayliklari sabab bugun barchamiz uning faol foydalanuvchisimiz. Kunda yo kunora messenjerlar xizmatiga murojaat qilishga ko‘nikib ulgurdik. Aslini olganda, kishilar o‘rtasidagi muloqotning messenjerlarga ko‘chishi butun dunyoda kechayotgan yirik tendensiya hisoblanadi.

Messenjerlar haqida gapirganda undagi ma'lumotlar xavfsizligi masalasiga ham to‘xtalish zarur, sababi, axborot almashinuvida xavfsizlikning ta'minlanishi ijtimoiy tarmoq va messenjerlarga qo‘yiladigan dastlabki talabdir. Oxirgi yillarda ko‘plab mamlakatlarda mahalliy messenjerlar yaratish orqali ularning xizmatlari o‘zlashtirilayotgani inobatga olinsa, kelajakda ushbu xizmatlarning ham mahalliylashishini taxmin qilish mumkin. Aynan xavfsizlik sabab.

Kun.uz o‘tgan 2018 yilning sentabr oyida «Pager O‘zbekistonda Telegram o‘rnini bosa oladimi?» sarlavhasi bilan “ORIENT SOFTWARE TEAM” kompaniyasining asoschilari tomonidan yaratilgan Pager nomli dastur haqidagi ma'lum qilib, uning asoschilaridan biri Anvar Karimov bilan intervyu tashkil qilgan edi. Intervyuda yosh dasturchi tomonidan o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida ishlovchi Pagerʼdan kelgusida nafaqat muloqot vositasi balki aholiga turli yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatishda ham foydalanish mumkinligi aytilgan edi.

Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida dasturda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi, foydalanuvchilarning Pagerʼga nisbatan fikri qanday? Ana shu savollar bilan dastur yaratuvchilari, “ORIENT SOFTWARE TEAM” kompaniyasi xodimlariga murojaat qildik.

- Bundan bir muddat avval Saytimiz orqali keng ommaga Pager dasturi haqida ma'lum qilgan edik, ayting-chi, foydalanuvchilar ushbu dasturni qanday kutib olishdi?

Anvar Karimov:

- Pager dasturining ilk foydalanuvchilari uni juda iliq kutib olishdi. Asosiy qiziqishni IT soha mutaxassislari bildirishdi. Chunki loyiha ko‘lami va uni amalga oshirishdagi murakkabliklarni mazkur soha vakillari yaxshi bilishadi.

Dasturdan foydalanish davomida uni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z maslahatlarini, takliflarini bergan insonlar ham ko‘p bo‘ldi.

- Avvalgi intervyuda dasturni takomillashtirish bo‘yicha hali qilinadigan ishlar ko‘p, degandingiz. Ayting-chi, o‘tgan vaqt davomida kompaniya mutaxassislari tomonidan dastur ustida qanday ishlar qilindi, asosiy o‘zgarishlar nimalardan iborat?

Anvar Karimov:

Dasturda qo‘l urilgan asosiy o‘zgarishlardan biri uning bekend qismini takomillashtirilishi va optimallashtirilganligi bo‘ldi. Android platformaning yangi talqini ham to‘liq eng so‘nggi zamonaviy dasturlash tilida o‘zgartirib chiqildi. Bu foydalanuvchilarning vaqti va internet xarajatlarining tejalishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, dasturni takomillashtirish borasida qilingan eng asosiy amallardan yana biri bu shubhasiz, foydalanuvchilarning shaxsiy yozishmalari va ma'lumotlarini ishonchli himoyalanishi borasida bo‘ldi. Biz ikki bosqichli va yuqori darajali shifrlash usullaridan foydalangan holda Pager foydalanuvchilarining o‘zaro xavfsiz ma'lumot almashishlarini ta'minladik.

Dasturga mutlaqo yangi Peger kloud (Peger bulutli tizim) xizmati qo‘shildi bu esa foydalanuvchilarga o‘zining katta hajmdagi ma'lumotlarini bulutli tizimda saqlash hamda mobil vositalar orqali duch kelinadigan xotira joyi yetishmovchiligi muammosini hal qilish imkonini beradi .

- O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilari Pager orqali nimalarni yutadi, undan foydalanishning qanday qulayliklari bor?

Anvar Karimov:

- Bilasizmi, gap butunboshli yangi messenjer haqida ketyapti. Pager messenjerini yaratish va ishga tushirish orqali foydalanuvchilarimizga ham arzon ham tashqi ta'sirlardan himoyalangan milliy ma'lumot almashish dasturini taklif etmoqdamiz.

Dastur o‘zining to‘liq imkoniyatlari bilan ishlay boshlaganda sizda tashqi messenjerlardan foydalanishga umuman hojat qolmaydi. U to‘rtta: o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida ishlaydi. Kelgusida yangi tillarni qo‘shish mumkin.

Matn, rasm, kontaktlar, media fayllarni yuborish, shuningdek barcha foydalanuvchilarni qiziqtiruvchi audio va video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish deysizmi, uyda o‘tirgan holda kommunal to‘lovlarni amalga oshirish yoki ular haqda ma'lumot olish deysizmi, barchasini Pager orqali amalga oshiraverasiz. Shuningdek, mamlakatimizdagi mavjud to‘lov tizimlari bilan ham dasturni integratsiya qilish rejalarimiz bor. Yana bir qulaylik: dastur Tas-IX zonasida to‘liq bepul ishlaydi.

- Messenjerning keng amaliyotga joriy etilishi biroz ko‘p vaqtni olayotgandek...

Anvar Karimov:

- Buni asosiy sababi, biz xususiy tashkilot sifatida faoliyat yuritamiz va bizda Pagerʼdan tashqari ham bir qancha loyihalar mavjud. Mana shunday loyihalarni amalga oshirish va ulardan tushgan daromadning bir qismini Pager loyihasiga yo‘naltirish orqali rivojlantirib bormoqdamiz.

Hozirda dastur serverlarini imkoniyatini ma'lum darajada yaxshiladik. Natijada foydalanuvchilar avvalgiga nisbatan tezroq va sifatliroq internet tezligi bilan ta'minladi. Qisqa qilib aytganda, foydalanuvchilarga ma'qul keladigan mukammal bir dastur yaratish uchun harakat qilmoqdamiz, bu esa biroz vaqtni olishi tabiiy.

- Messenjerni yaratishda sizlarga o‘z homiylik mablag‘larini taklif qilgan tadbirkorlar ham bormi?

- Anvar Karimov:

Suhbat boshida aytganimdek, dasturga qiziqish yuqori. Biz bilan hamkorlik qilish maqsadida bir qator kompaniya va muassasalar o‘z takliflarini bildirishmoqda. Jumladan, Toshkent shahridagi INHA universiteti bilan kadrlar masalasida doimiy aloqalar o‘rnatilgan. Kun.uz internet sayti mutaxassislari bilan esa foydalanuvchilar istagidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha qulayliklarni oshirish borasida hamkorlik qilib kelmoqdamiz.

Biz kelajakda O‘zbekiston va qo‘shni Respublikalarda ham keng foydalanilishi ko‘zda tutilayotgan Pager messenjeri imkoniyatlarini oshirish borasida hamkorlikni taklif qiluvchi barcha kompaniyalar bilan kelishuvga tayyormiz.

Kompaniyamiz milliy messenjer dasturini o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda rivojlantirmoqda. Ammo shunisi aniqki, vaqt o‘tib dasturdan foydalanuvchilar soni oshib borgan sari serverga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib boradi. Bunda paytda biz bilan doimiy ishlovchi hamkorlar zarur albatta.

Shunisi quvonarliki, dastur ustida kreativ fikrlovchi ajoyib jamoa ishlamoqda. Bunday jamoa bilan har qanday maqsadga erisha olishimizga ishonaman.

O‘zbekistonlik dasturchilarning salohiyati yuqori. Biz ana shunday salohiyatli dasturchilar va mavjud potensial bilan yirik loyihalarni amalga oshirish mumkinligiga ishonamiz.

- Siz va jamoangizga ushbu maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Anvar Karimov:

- Rahmat.

Pager dasturi haqida qo‘shimcha ma'lumot va loyihada hamkorlik uchun telefon: +99899 833 24 11

Top