09:06 / 22.01.2019
4960

O‘zbekistonda «Mehr» xayriya fondini tashkil etish taklif qilindi 

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida “Mehr” xayriya fondini tashkil etish to‘g‘risida petitsiya paydo bo‘ldi.

“Hammamiz yaxshi bilamizki, dunyoda eng bebaho ne'matlardan biri bu inson sog‘lig‘i hisoblanadi. Atrofimizda ayrim sabablarga ko‘ra o‘z sog‘lig‘ini yo‘qotib, yordamga muhtoj bo‘lgan, ammo moddiy ahvoli sababli davolanmayotgan bolalar, yoshlar va qariyalar yetarlicha topiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda moddiy yordam so‘rab murojaat qiluvchilarni deyarli har kuni uchratamiz. Mana shunday insonlarga o‘z sog‘liqlarini tiklashda dori-darmon, muolaja va davolanish xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirishda ko‘mak beruvchi “Mehr” xayriya fondini tashkil qilish taklifini kiritmoqchiman”, - deyiladi murojaatda.

“Hammamiz ham bunday odamlarga hamma vaqt yordam berishni xohlaymiz, lekin buning uchun bizda ham imkoniyat bo‘lmasligi mumkin, ammo kichikroq summadagi pulni o‘tkaza olamiz (aytaylik 5 ming, 10 ming so‘m). Taklifim, “Vaqf” xayriya jamoat fondi kabi bu fond ham fuqarolardan onlayn tarzda ixtiyoriy berilgan mablag‘larni qabul qila olishi kerak. Qulaylik uchun pulni elektron to‘lov xizmatlari - mobil ilovalar orqali fondning ochiq hisob raqamiga istalgan vaqtda o‘tkazish imkoniyati yaratilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Shuningdek, Fond mablag‘larining to‘g‘ri va maqsadli sarflanishi ustidan nazorat qiluvchi jamoatchilik kengashi tuzilishi va uning asosiy vazifasi yordamga ehtiyoji bor shaxslarni aniqlash bo‘lishi kerak. 

Qayd etilishicha, “Mehr” xayriya fondini tuzish orqali ko‘plab xonadonlarga quvonch olib kirish mumkin bo‘ladi.

Top