19:37 / 23.01.2019
33248

10-11 sinf o‘quvchilarining kasbiy ta'limi qoniqarsiz ahvolda davom etayotgani aniqlandi

Foto: Davlat inspeksiyasi

Respublikaning barcha hududlaridagi umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 10-11 sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta'lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualari faoliyati tekshirilmoqda. 

«Darslar vaqtida tashkil etilgan, kasb hunarga yo‘naltirish uchun barcha shart sharoitlar yaratilgan. Qog‘ozda, hujjatlarda hammasi yaxshi. Ammo real holat aslida sal boshqacharoq»​, ​– ​deb xabar bermoqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi. 

Davlat inspeksiyasi tomonidan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 58-umumta'lim maktabida dars jadvali bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv ishlab chiqarish majmuasiga 80-umumta'lim maktabidan mashg‘ulotlarga kelishi rejalashtirilgan jami 51 nafar o‘quvchidan 43 nafari kelmagan.

«Tikuvchilik» kasbi bo‘yicha davomat 57 foiz, «Qandolatchi» kasbi bo‘yicha davomat 25 foizni tashkil etsa, «Maishiy xizmat» kasbi bo‘yicha kasb o‘rgatuvchining o‘zi (usta R.M) ishga kelmaganligini guvohi bo‘lishimiz mumkin. «Qandolatchi» kasbi bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boruvchi usta M.J. xomashyo materiallari yo‘qligi sababli mashg‘ulotlarni o‘tkazmayotganligini ma'lum qildi.

«Tikuvchilik» kasbi bo‘yicha usta M.N. o‘tkazayotgan mashg‘ulotlarda foydalanilayotgan 4 ta eski «Chayka-34» rusumli tikuv mashinkalaridan 1 tasi ishlaydi xolos. 58-umumta'lim maktabida tashkil etilgan o‘quv ishlab chiqarish majmuasidagi «Tikuvchilik», «Qandolatchi», «Maishiy xizmat» kasblari bo‘yicha birorta xona jihozlanmagan, mashg‘ulot o‘tkazuvchi ustalar (M.J., M.N., R.M.)ning «O‘quv dasturi», «Taqvim mavzu rejasi» va boshqa talab qilingan o‘quv me'yoriy hujjatlari talab darajasida shakllantirilmagan», – deyiladi inspeksiya xabarida​.

Ma'lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida 2017-2018 o‘quv yili mobaynida 10-sinf o‘quvchilari tumandagi 10 ta kasb-hunar kollejlari va 10 ta umumta'lim maktablari bazasida tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmuasida, 40 ta yo‘nalishda o‘zlari tanlagan kasblar bo‘yicha o‘quv-ishlab chiqarish majmuasi mashg‘ulotlariga jalb etilishi nazarda tutilgan. 

10-sinflarning 2640 nafar o‘quvchilari o‘quv-ishlab chiqarish majmuasida o‘zlari tanlagan kasblari bo‘yicha o‘quv yili yakunida kasbiy bilimlarini mustahkamlash uchun o‘quv rejadagi 36 soatlik o‘quv amaliyotini o‘tab, kasb yo‘nalishlari bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasi topshirishi belgilangan. 

«Yakkabog‘ oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida 2 ta kasb bo‘yicha (kompyuter operatori va hisobchi) o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan bo‘lib, tumandagi 100, 77-sonli maktablar va 14-DIMIning jami 192 nafar 10-11-sinf o‘quvchilari qamrab olingan. Mazkur ta'lim muassasasida tashkil etilgan kasbiy ta'limda dars jadvali bo‘yicha 100-sonli umumiy o‘rta ta'lim muassasasi o‘quvchilari «Kompyuter operatori» kasbi bo‘yicha majmuada o‘qitilishi belgilangan bo‘lsada birorta ham o‘quvchi kelmaganligi, hatto mashg‘ulot olib boradigan o‘qituvchi A.N.ning o‘zi ishga kelmaganligi va sinfxona eshigiga qulf osib qo‘yilganligi ma'lum bo‘ldi.

Yakkabog‘ qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida 5 ta kasb bo‘yicha («Kompyuter operatori», «Shina montaj», «Tikuvchilik», «Qandolatchilik», «Hisobchi») o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan bo‘lib, tumandagi 75,83,2,21,14-sonli maktablarning jami 583 nafar 10-11-sinf o‘quvchilari qamrab olingan. Mazkur ta'lim muassasasi dars jadvalida 21-sonli umumiy o‘rta ta'lim muassasasi o‘quvchilariga majmuada o‘qitilishi belgilangan o‘quvchilar 2 soat o‘qitilib uyga javob berib yuborilgan, shuningdek mashg‘ulot olib boradigan o‘qituvchilar B.O. va R.M.larning taqvim mavzular rejalari tasdiqlanmagan», – deya ta'kidlanadi xabarda​.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 22-umumta'lim maktabida «Polizchilik» kasbi bo‘yicha mashg‘ulot olib boriladigan xona kasbga mos jihozlanmagan, mashg‘ulotlar «Informatika» o‘quv xonasida olib borilayotgani aniqlangan. Mashg‘ulot olib boruvchi ustalar «O‘quv-ishlab chiqarish majmualarini jihozlash uchun talab etiladigan asbob-uskunalar va jihozlar ro‘yxati»ni bilmasligi, amaldagi qarordan mutlaqo bexabarligi aytilmoqda.

Ta'kidlanishicha, maktabda tashkil etilgan o‘quv ishlab chiqarish majmuasi o‘quv rejasiga muvofiq belgilangan muddatlarda ishlab chiqarish amaliyotlarini hududdagi korxona va tashkilotlar o‘tkazish uchun, maktab tuman markazidan 65 km., viloyat markazidan 85 km. uzoqlikda joylashganligi uchun hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tegishli amaliyot shartnomalarini imzolash borasida hanuzgacha birorta ish qilinmagan.

Top