02:16 / 23.01.2019
7880

Andijonda sud raislari brifing o‘tkazdi

Andijon viloyat teleradiokompaniyasida, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi hamda Andijon viloyat Ma'muriy va Iqtisodiy sudlarining raislari soha faoliyati bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan brifing o‘tkazdi.

Brifingda Mahalla jamoat fondi, “Oila” ilmiy-amaliy markazi, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Yoshlar ittifoqi, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari jurnalistlari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi raisi V.Nazarov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi raisi J.Karaboyev, Andijon viloyat ma'muriy sudining raisi O.Mirzamahmudov hamda Andijon viloyat iqtisodiy sudining raisi A.Shukurillayevlar 2018 yilda sudlar tomonidan odil sudlovni, jismoniy va yuridik shaxslar, xorijiy investorlarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoyalash hamda huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishda amalga oshirilgan ishlari bo‘yicha axborot berishdi.

Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi o‘tgan yil davomida 2.822 nafar shaxsga nisbatan 2.069 ta jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi, 7 nafar shaxsga nisbatan 4 ta jinoyat ishi bo‘yicha oqlov hukmi chiqarilgani, 947 nafar shaxsga nisbatan 869 ta jinoyat ishi tugatilgani, viloyatda umumiy jinoyatlar soni 22,5 foizga kamaygani, 51,8 foizi ishlar sayyor sud majlisida ko‘rilgani, targ‘ibot ishlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 64,3 foizga ortgani ta'kidlandi.

Sud raislari ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari tomonidan berilgan savollarga javob berdilar.

Elmurod Ermatov, Andijon

KUN.UZ muxbiri

Top