16:47 / 23.01.2019
39721
Marat Bikmayev klubini o‘zgartirmoqda

O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi, Toshkentning «Lokomotiv» klubi hujumchisi Marat Bikmayev faoliyatini boshqa klubda davom ettiradi.

Tribuna.uz manbasi tasdiqlashicha, O‘zbekiston terma jamoasi safida Osiyo Kubogida ishtirok etib qaytgan hujumchi Toshkentning boshqa bir jamoasi - «Paxtakor» klubiga o‘tadi. 

Ayni vaqtda tomonlar kelishuvga erishib bo‘lgan. Ushbu transferning qo‘shimcha tafsilotlari yaqin vaqtlar ichida ma'lum bo‘ladi.

Qayd etish kerakki, Marat Bikmayev avval ham «sherlar» safida to‘p surgan. U futbolchilik faoliyatining boshida, 2002-2004 yillarda «Paxtakor» sharafini himoya qilgan, 39 o‘yinda maydonga tushib, 14ta gol urgan, qatorasiga 3 mavsumda toshkentliklar jamoasi bilan chempion bo‘lgandi.

Keyinchalik «Krilya Sovetov» (2004-05), «Rubin» (2006-07), «Spartak-Nalchik» (2008-10), «Alaniya» (2010-12) va «Aqto‘be» (2012-12) kabi klublar safida to‘p surgan futbolchi 2014 yilda O‘zbekistonga qaytib, «Lokomotiv»da o‘ynay boshlagandi. U o‘tgan vaqt davomida «temiryo‘lchilar» bilan 3 marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldi, 2017 yilda O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlangan. 

Marat Bikmayev 2004 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasida debyut qilgan va o‘tgan vaqt ichida 45 o‘yinda maydonga tushib, 5ta gol urgan.

Bundan avvalroq, qishki yig‘in arafasida turgan «Paxtakor» «Bunyodkor»ning sobiq futbolchilari Akrom Komilov va Sardor Sobirxo‘jayev, «Nasaf» darvozaboni Sanjar Quvvatov «Navbahor» yarimhimoyachisi Aziz Turg‘unboyev hamda «Anji» a'zosi Dostonbek Hamdamovni o‘z safiga qo‘shib olgandi. Shuningdek, Jaloliddin Masharipov va Yegor Krimets bilan shartnoma yangilandi.

O‘z navbatida jamoani hujumchilar, o‘tgan mavsumda to‘purar bo‘lgan Ismoil Gonsalvesh (12) va Tiago Bezerra (10), darvozabon Aleksandr Lobanov («Metallurg»)ga, himoyachilar Kamoliddin Tojiyev («Metallurg»ga) va Akmal Shorahmedov (OKMKga) hamda yarimhimoyachi Jamshid Iskandarov («Lokomotiv»ga) jamoani tark etdi.

Top