09:33 / 25.01.2019
5058

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bosh vazirga bo‘ysunishi belgilandi

Foto: Pinterest

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan.

Hujjat bilan quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tashkiliy tuzilmasi;

O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligining markaziy apparati tuzilmasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 90 nafar, shu jumladan, Agentlik markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 50 nafar etib belgilandi.

Agentlik direktoriga quyidagi huquqlar berildi:

zarur hollarda, Agentlik markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;

Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tuzilmalarini tasdiqlash;

boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Agentlik hududiy boshqarmalarining boshqaruv xodimlari cheklangan sonini tasdiqlash;

Agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Agentlik boshqaruv mutaxassislarining qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish;

mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni xodim va maslahatchi sifatida, istisno tariqasida ularga Agentlikning budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorini belgilagan holda, jalb qilish;

Agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Agentlik xodimlarining asosiy egallab turgan lavozimiga ko‘ra lavozim maoshlari (tarif stavkalari)ga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat'i nazar, ustama va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni belgilash;

Agentlikka yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun shartnoma asosida jalb etiladigan malakali xorijiy mutaxassislarning ish haqi miqdorini xalqaro tajriba va bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilash.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar Agentlikni ta'minlash bo‘yicha xarajatlarning moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.

Belgilanishicha:

a) Agentlik:

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining qimmatli qog‘ozlar bozorini, shu jumladan, qimmatli qog‘ozlar savdosini tashkil etuvchilarni va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysini tartibga solish, shuningdek, korporativ boshqaruvni rivojlantirish borasidagi barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;

o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda va barcha davlat organlari, tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil holda olib boradi hamda o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziriga bo‘ysunadi va hisobot beradi;

fond birjalari faoliyatini va qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni litsenziyalovchi organ hisoblanadi;

lotereyalar tashkil etish faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;

b) Agentlik faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishilishi shart;

v) mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlarda Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha tekshiruvlar tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida va Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda amalga oshiriladi;

g) Agentlik direktori, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi, maqomi, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda vazir, vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

d) Agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash Agentlik direktori tomonidan tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

ye) Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorining ishga qabul qilishda ta'limning eng past darajasi, ishchilar kasblari bo‘yicha malaka darajalarini belgilash borasidagi talablari xorijiy oliy ta'lim muassasalarini tamomlagan tegishli yo‘nalishdagi mutaxassislarga nisbatan, istisno tariqasida, Agentlik uchun tavsiyaviy xususiyatga ega;

j) Agentlik xodimlariga tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi xodimlari uchun nazarda tutilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi saqlab qolinadi;

z) Davlat raqobat qo‘mitasi va Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi tomonidan avval berilgan hujjatlar va ilgari ular tomonidan qabul qilingan qarorlar o‘z kuchini saqlab qoladi va ushbu organlarning qayta tashkil etilishi munosabati bilan ularni bekor qilish yoki o‘zgartirish talab etilmaydi;

i) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan avval berilgan lotereyalarni tashkil etish faoliyatini yuritish huquqini beruvchi litsenziyalar ularning muddati tugagunga qadar o‘z kuchini saqlab qoladi va ushbu vakolatlar Agentlikka o‘tishi munosabati bilan qayta rasmiylashtirilmaydi.

Agentlik huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda budjetdan tashqari Kapital bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘armani shakllantirishning asosiy manbalari etib quyidagilar belgilandi:

fond birjasida qimmatli qog‘ozlar savdosini amalga oshirishda sotuvchi tomonidan to‘lanadigan yig‘im;

emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning dastlabki chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun to‘lanadigan yig‘im;

emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni yiriklashtirish jarayonida ularning nominal qiymati oshirilganda emitent tomonidan to‘lanadigan yig‘im;

lotereyalarni tashkil etish faoliyatini yuritish huquqini beruvchi litsenziya talabgorining arizasini ko‘rib chiqish va lotereya o‘tkazish shartlarini tasdiqlash uchun undiriladigan yig‘im;

Agentlik tomonidan belgilangan tartibda undiriladigan boshqa yig‘imlar;

Agentlik tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va ularning mansabdor shaxslaridan qimmatli qog‘ozlar bozori hamda lotereyalarni tashkil etish faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun undiriladigan jarimalardan kelib tushgan mablag‘lar;

Jamg‘arma mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;

xalqaro tashkilotlar va institutlar, yuridik va jismoniy shaxslarning grant mablag‘lari va homiylik xayriyalari;

qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Top