18:23 / 25.01.2019
6918

«Minglab maqolalar tahlil qilindi». Oliy sud o‘tkazgan tanlov g‘oliblari aniqlandi

Bugun, 25 yanvar kuni Oliy sud tomonidan 2018 yilda o‘tkazilgan «Adolat – qonun ustuvorligida» tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Oliy sud raisi K. Kamilov ochib berdi.

«Sizlar bilan ko‘rishib turganimdan mamnunman. OAV va sudlarimizning hamkorligi xalqimizga to‘laqonli sud-huquq voqealarini yetkazish uchun xizmat qilmoqda. Yangiliklardan keng jamoatchilikni xabardor qilish, xalq ishonchini, tizimdagi shaffoflikni ta'minlash ishlari birgalikda olib borilmoqda. Jurnalistlarimiz tomonidan berilayotgan materiallar xolis, ishonchli bo‘lishi kerak. Bu ham jamiyatda qonunchilikni ta'minlashga xizmat qiladi. Aytish mumkinki, oxirgi 2 yil katta ishlar qilindi, xususan 2018 yil ham samarali o‘tdi. Biz hozir «o‘tish davri»damiz. Dunyoda birinchilardan bo‘lib doimiy ishlovchi ochiq sudni tashkil qildik.

Ushbu tanlov doirasida bizga ko‘plab materiallar topshirildi. Ularni ko‘rib saralab chiqdik. G‘oliblarni qutlaymiz», deydi Oliy sud raisi.

Ushbu tanlovga 2018 yil 1 yanvardan 15 noyabrgacha respublika miqyosidagi gazeta, jurnallarda chop etilgan, internetda yoritilgan, televideniye va radioda berilgan sudlar tizimidagi islohotlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarni targ‘ib qilishga, aholining bu boradagi huquqiy savodxonligini oshirishga, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga yo‘naltirilgan maqolalar, internet materiallari, ko‘rsatuvlar, eshittirishlar qabul qilingan.

Tanlovda ishtirok etish uchun jami 5ta nominatsiya bo‘yicha 1133ta material topshirilgan, shundan tanlov shartlariga muvofiq keladigan 70 muallifning 641 materiali tanlovda qatnashish uchun qabul qilingan.

1. «Televideniye va radio yo‘nalishida eng faol jurnalist» nominatsiyasi uchun 9 muallifning 83 materiali tanlovda qatnashish uchun qabul qilingan.

2. «Bosma OAV yo‘nalishida eng faol jurnalist» nominatsiyasi uchun jami 410ta material kelib tushgan bo‘lib, ulardan 22 muallifning tanlov shartlariga muvofiq keladigan 310ta materiali tanlovda qatnashish uchun qabul qilingan.

3. «Internet-jurnalistika yo‘nalishida eng faol jurnalist» nominatsiyasi uchun 5 nafar muallifning 87ta materiali tanlovda qatnashish uchun qabul qilingan.

4. «Eng faol sudya va sud xodimi» nominatsiyasi uchun jami 406ta material kelib tushgan bo‘lib, ulardan 25 muallifning tanlov shartlariga muvofiq keladigan 118ta materiali tanlovda qatnashish uchun qabul qilingan.

5. «Eng faol ilmiy xodim» nominatsiyasi uchun jami 147ta material kelib tushgan bo‘lib, ulardan 9 nafar muallifning tanlov shartlariga muvofiq keladigan 43ta materiali tanlovda qatnashish uchun qabul qilingan.

Quyidagilar tanlov g‘oliblari bo‘lishdi:

«Televideniye va radio yo‘nalishida eng faol jurnalist» nominatsiyasi

1-o‘rin: Qahramon Jamolov – (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O`ZBEKISTON 24» teleradiokanali Bosh muharriri)

2-o‘rin: Shuhrat Suyunov(O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Toshkent» telekanali «Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy dasturlar» bosh muharririyati bosh muharrir o‘rinbosari)

3-o‘rin: Habibulla Yunusov(O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Mahalla» teleradiokanali davlat unitar korxonasi «Mahalla» radiokanali Ijtimoiy-huquqiy dasturlar muharririyati Bosh muharriri)

«Bosma OAV yo‘nalishida eng faol jurnalist» nominatsiyasi

1-o‘rin: Moroz Yuliana(«Pravda Vostoka» gazetasi muxbiri)

2-o‘rin: Sadoqat Allaberganova –  («Darakchi» gazetasi mas'ul kotibi)

3-o‘rin: Ravshan Shodiyev –  («O‘zbekiston ovozi» gazetasi muxbiri).

«Internet jurnalistika yo‘nalishida eng faol jurnalist» nominatsiyasi

1-o‘rin: Bahodir Ahmedov – (Kun.uz muxbiri)

2-o‘rin: Abdulla Sobirov – («Kuch-adolatda» gazetasining Xorazm viloyati bo‘yicha muxbiri)

3-o‘rin: Muattar Ro‘ziboyeva (O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Xalqaro jurnalistika fakulteti, 4-bosqich talabasi, uza.uz saytida yoritilgan maqolalari uchun).

«Eng faol sudya va sud xodimi» nominatsiyasi

1-o‘rin: Shaxzod Baxtiyorov(jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudining sudyasi)

2-o‘rin: Ismatilla Mamanov(Toshkent viloyati ma'muriy sudining sudyasi)

3-o‘rin: Shavkat Gayberdiyev - (Oliy sud katta konsultanti).

«Eng faol ilmiy xodim» nominatsiyasi

1-o‘rin: Zamira Esonova(yuridik fanlar doktori, professor)

2-o‘rin: Davlatjon Habibullayev(TDYuU kafedra mudiri, yuridik fanlar nomzodi)

3-o‘rin: Otabek Pirmatov(TDYuU o‘qituvchisi).

Taqdirlash marosimida sovrinlarni egalariga taniqli aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa'diyev, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz rahbari Akmal Saidov, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov, BMT taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili Farid Karaxanov topshirishdi.

Oliy sud raisi K.Kamilov tadbir so‘ngida o‘z fikrlarini aytib o‘tdi: «Internetda turli holatlarni ko‘rib xafa bo‘lamiz. Lekin, shunday vaziyatlarda to‘g‘ri yondashishimiz kerak. Eshiklarimiz doimo ochiq. O‘zim ham internetda nima gap deb so‘rab turaman. Jurnalistlar rosa talashishyapti, deyishadi. Shunday erkinliklar muborak bo‘lsin. Biz buni yanada jadallashtiramiz. Odamlarni sud bilan yaqinlashtirish niyatidamiz. Sud binosi «sovuq bino» bo‘lmasligi kerak. Odamlarimiz suddan qo‘rqmasligi kerak. Yana bir bor mukofotlar bilan tabriklayman».

Top