21:29 / 25.01.2019
5200
Novak Jokovich Australian Open finaliga yettinchi marotaba chiqdi
Foto: ZUMAPRESS

Australian Open tennis musobaqasining Novak Jokovich va Lyuka Puy o‘rtasidagi yarimfinal uchrashuvi serbiyalikning 6:2, 6:4, 6:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuv 1 soat 25 daqiqa davom etgan.

Jokovich musobaqa finalida 1-yarimfinalda Stefanos Tsitsipas ustidan ishonchli g‘alabaga erishgan Rafael Nadal bilan uchrashadi. Tennischilar bir-birlari bilan o‘zaro 53-marta to‘qnash keladilar. Bungacha o‘zaro uchrashuvlarda serbiyalik 27 marta, ispaniyalik esa 25 marta g‘olib bo‘lgan. Novak va Rafael “Katta dubulg‘a” musobaqalari finallarida 7 marta uchrashishgan, bundan 4 tasida ispaniyalikning qo‘li baland kelgan.

Jokovich “Katta dubulg‘a” musobaqalari finaliga 23-marta, jumladan Avstraliya ochiq chempionatining finaliga 7-marta chiqdi. Serbiyalik Melburnda o‘tuvchi musobaqaning final bahslarida biror marta yutqazmagan. Jokovich ushbu musobaqaning finalida oxirgi marta 2016 yilda Endi Marrey ustidan g‘alaba qozongan.

Australian Open 14 yanvarda boshlanib, 27 yanvargacha davom etadi. 

26 yanvarda o‘tadigan ayollar finalida yaponiyalik Naomi Osaka va chexiyalik Petra Kvitova uchrashadi. Erkaklar finali esa 27 yanvarda bo‘lib o‘tadi.

Avval ma'lum qilinganidek, musobaqaning mukofot jamg‘armasi 60,5 mln Avstraliya  dollarini (42,7 mln dollar) tashkil qiladi. 

 

Top