11:48 / 25.01.2019
7167

Sodiq Safoyev va Peter Burian O‘zbekistonning GSP+ga qo‘shilishi masalasini muhokama qildi

Foto: senat.uz

2019 yil 24 yanvar kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Peter Burian bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar qilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Germaniyaga rasmiy tashrifi yakunlariga yuqori baho berildi. Mazkur tashrif O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida siyosiy muloqotni mustahkamlashda hamda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi. Tomonlar ham Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo yo‘nalishi bo‘yicha, ham Germaniya – Markaziy Osiyo formatida Germaniya tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi asosida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhim ekanini alohida ta'kidladilar, deyiladi xabarda.

Tomonlar Yevropa ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama siyosiy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini, jumladan parlamentning rolini kuchaytirish va parlamentarizmni rivojlantirish, Yevropa parlamenti va Oliy Majlis o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish, xalqaro hamkorlikni boyitish, shuningdek YeI va O‘zbekiston o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni ishlab chiqish masalalarini muhokama etishgan.

Uchrashuvda mamlakatning GSP+ga qo‘shilishi masalasi ham muhokama etildi. GSP+ – bu rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish va ularning eksport salohiyatini oshirish maqsadida ushbu mamlakatlardan keltirilayotgan tovarlarga rivojlangan mamlakatlar tomonidan qo‘llaniladigan preferensiyalar, imtiyozli bojxona tariflari umumiy tizimidir. Shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Tomonlar YeI elchisining bu galgi tashrifi qonun ustuvorligi, xavfsizlik, energetika, suv resurslari, ta'lim va inson huquqlari kabi o‘zaro manfaatli muhim sohalarda Yevropa ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishda muhim rol o‘ynashi haqida fikr bildirdilar.

O‘zbekistonga tashrif doirasida elchi P. Burian Toshkentda bo‘lib o‘tadigan hamda atrof muhit, iqlim o‘zgarishi va suv resurslaridan foydalanish sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan “Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo” xalqaro konferensiyasi ishida ishtirok etadi.

Mavzuga oid
Top