01:51 / 26.01.2019
21379

​Mark Tsukerberg o‘z pullarini nimalarga sarflaydi?

Mark Tsukerberg — Facebook ijtimoiy tarmog‘ining ishlab chiquvchilari va asoschilaridan biri, milliarder, Times versiyasiga ko‘ra 2010 yil kishisi. Forbes jurnali 2019 yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, uning boyligini 53,8 milliard dollarga baholadi. 34 yoshli Tsukerberg Forbes nashri tomonidan tuzilgan eng yosh milliarderlar ro‘yxatidan o‘rin olgan.

Foto: Reuters

Kasalliklarga qarshi kurash

Mark Tsukerberg va uning turmush o‘rtog‘i Prissilla Chan 2015 yilning 1 dekabrida, qiz farzandlarining tug‘ilishiga o‘zlarining Chan Zuckerberg Initiative (CZI) fondi faoliyatini yo‘lga qo‘yishganida Facebook aksiyalaridagi ulushlarining 99 foizini xayriyaga yo‘naltirishga va'da berishgan. Shu tariqa ular Bill Geyts va Uorren Baffet tomonidan yuritiluvchi "Hadya qasamyodi" kampaniyasi ishtirokchisiga aylanishgan.

Bugunga kelib fond 250 nafar xodimga ega, ularning yarmi - texnologik sektor vakillari. CZI maqsadi — ta'lim va tibbiyotni rivojlantirish. Fond missiyalaridan biri — kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash uchun ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash.

"Kelgusi yuz yil ichida aksariyat kasalliklar, ayniqsa, yurak kasalliklari, saraton, insult, neyrodegenerativ va infeksion kasalliklarning oldini olish va davolash uchun real imkonimiz bor".

Mark Tsukerberg

Qator ekspertlar global vazifa soddalashtirilgan bunday missiyani tanqid qilishdi. Biroq dunyoning eng badavlat kishilaridan biri hisoblangan Bill Geyts Tsukerbergni uning tashabbusida qo‘llab-quvvatladi.

2016 yilda Tsukerberg va Chan kelgusi o‘n yillikda tibbiy tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun 3 milliard dollar yo‘naltirishga va'da berishgan, bundan maqsad - dunyodagi barcha kasalliklarni yengish ekani qayd etilgan.

2018 yilning sentyabrida Tsukerberg Facebook aksiyalarini 13 milliard dollarga sotishga va'da berdi. Bugunga kelib u Facebook aksiyalarining deyarli 29 millionini umumiy hisobda 5 milliard dollardan ortiq summaga sotgan va bu mablag‘ni Chan Zuckerberg Biohub tibbiy tadqiqot markaziga yo‘llagan.

2018 yilning fevral oyi ma'lumotlariga ko‘ra, Mark Tsukerberg o‘z aksiyalarini 500 million dollarlik summaga sotdi - Reuters'da shu haqidagi ma'lumot chop etildi.

Chan Zuckerberg Biohub (CZB) tashabbuslaridan biri — "Inson hujayralari atlasi" loyihasi. Uning maqsadi inson organizmining har bir hujayrasi xaritasini aks ettirishdan iborat. Ushbu loyihani amalga oshirishga qancha mablag‘ sarflangani noma'lum.

12,5 million dollar yo‘naltirilgan yana bir loyiha — biologik tadqiqotlar uchun molekulalar, hujayralar va to‘qimalar vizualizatsiyasi jihozlarini ishlab chiqish. Loyiha doirasida olimlar yaqin 3-5 yil uchun Amerika vizualizatsiya markazlarida tadqiqotlarni moliyalashtirish imkoniga ega bo‘lishadi.

"Bizning dasturimiz biotibbiyot rivojini sezilarli darajada tezlashtirishi mumkin, bunda takomillashtirilgan dasturiy va qurilmaviy vizualizatsiya ta'minoti, shuningdek biologlar va texnologik ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega".

Kori Bargmann,

CZB ilmiy bo‘limi rahbari

Shuningdek CZI tadqiqot markazi:

  • Meta nomli qidiruv tizimiga ega bo‘ldi, u olimlarga zarur ilmiy nashrlarni osongina topishga yordam beradi;
  • Nyu-Yorkdagi Cold Spring Harbor laboratoriyasi bilan bioRxiv xizmatini yo‘lga qo‘yishda hamkorlik qiladi, uning yordamida biologlar ilmiy ishlarni izlashadi va ularni o‘zaro almashishadi;
  • Biologik fanlarga doir tadqiqotlar uchun ma'lumotlar bazasini yaratayotgan Protocols.io startapi bilan hamkorlik qiladi, maqsad - tadqiqotlar usullari haqidagi ma'lumotlar bilan bo‘lishish;
  • Maslahatlashuv guruhiga qo‘shildi va ASAPbio notijorat ilmiy tashkiloti uchun 150 ming dollar miqdoridagi grantni taqdim etdi, maqsad - biologiya yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlar va maqolalarni rag‘batlantirish;
  • Biologik tadqiqotlardagi vizualizatsiya uchun ochiq chiqish kodiga ega dasturiy ta'minotni qo‘llab-quvvatladi. Tanlangan ishtirokchilarga grantlar beriladi. Bugunga qadar uch loyiha tasdiqlangan — scikit-image, Fiji va CellProfiler;
  • CZI Neurodegeneration Challenge Network tashabbusi doirasida 51,95 million dollar ajratilgan 17 tadqiqotni tanlab oldi. Olimlarning vazifasi — Alsgeymer kasalligi, skleroz, Parkinson kabi qator kasalliklarning neyrodegenerativ buzilish birlamchi sabablarini tushunish.
    Foto: Global Look Press

Ta'lim

2010 yilda Mark Tsukerberg Startup:Education jamg‘armasini tashkil qildi va Nyuark davlat maktablari uchun "Opra Uinfri shousi"ga 100 million dollar va'da qildi.

Jamg‘arma faoliyati Nyuark (Nyu-Jyersi shtati) va AQShning boshqa shaharlaridagi ta'lim tizimini yaxshilashga qaratilgan.

2012 yilda Tsukerberg 18 million Facebook aksiyasini Kremniy vodiysi Jamoatchilik fondiga hadya qildi.Aksiyalar narxi 498 million dollarni tashkil qildi. Pullar ta'lim xayriya dasturlariga yo‘naltirildi.

2013 yilda Startup:Education tashabbusi doirasida Tsukerberg Panorama Education startapini moliyalashtirdi. Massachusets loyihasi umumiy hisobda 4 million dollarni jalb qildi. Pullar SoftTech VC, Google Ventures, Yyel universiteti hamda A-Grade'ga safarbar etildi. Bu maktab o‘quvchilari, ularning ota-onalari va pedagoglar bilan aloqa qilish uchun ma'lumot va tahlil yig‘ish platformasi hisoblanadi. 2013 yilning oktyabriga kelib AQShning 4 mingdan ziyod maktabi Panorama Education platformasidan foydalangan.

Tsukerberg, Bill Geyts va Twitter asoschisi Jyek Dorsi, LinkedIn asoschisi Reyd Xoffman hamda Google, Amazon, Microsoft kabi nufuzli kompaniyalar 2013 yilda Code.org notijorat tashkilotiga qiziqish bildirishdi. Kompaniya maqsadi - AQShdagi har bir maktabda axborot texnologiyalarini sifatli o‘qitish va o‘qituvchilarga bu fandan bilim berishni o‘rgatish.

Code.org xayriyaparvarlar orqali qancha pul to‘plaganini oshkor qilmadi. 50 ta maktabda haftasiga bir marta bir soatdan dasturlash mashg‘ulotlari kiritildi va buning uchun noutbuklar ajratildi. Shu tariqa, 10 million maktab o‘quvchisi dasturlashni o‘rgandi. Startap shu yo‘l bilan texnologiya sanoatidagi dasturchilar yetishmovchiligi muammosini bartaraf etishga umid bildiradi.

2015 yilda Tsukerberg va Chan fondi o‘quvchilarning individual yutuqlarini o‘lchashga mo‘ljallangan dasturiy ta'minot ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchiMastery Connect kompaniyasi uchun 5 million dollar ajratdi.

Shuningdek Tsukerberg 2015 yilda eksperimental ta'lim beruvchi Alschool maktablar tarmog‘iga ham 100 million dollar yo‘lladi. Loyiha doirasida har bir o‘quvchi uchun individual reja ishlanadi, bu boshlang‘ich ta'lim sifatini yaxshilash yo‘lida xizmat qiladi.

2017 yilda Tsukerberg va Geyts birlashib, New Profit maktablaridagi individual ta'lim dasturlari uchun 12 million dollar grant ajratishdi.

CZI shuningdek New Profit'ga Proximity akseleratorini yaratish uchun 750 ming dollar miqdorida qo‘shimcha grant ajratdi, bu ijtimoiy tadbirkorlarga o‘z faoliyatini amalga oshirishga yordam beradi.

Foto: Bloomberg

Breakthrough Energy Ventures jamg‘armasi — sof energetika

Breakthrough Energy Ventures'ga 2016 yilda asos solingan. Investorlar qatoriga Tsukerbergdan tashqari Bill Geyts, Maykl Blumberg, Reyd Xoffman va boshqa milliarderlar kiradi. Jamg‘arma sof energetika, bioyoqilg‘i va ekologiya hamda iqlim uchun xavfsiz qurilish materiallari bilan shug‘ullanishni rejalashtirgan.

Jamg‘arma Form Energy va Quidnet Energy'ga 1 milliard dollar investitsiya kiritgan. Form Energy hamyonbop va uzoq vaqtga chidamli yuqori sig‘imli qayta tiklanuvchi batareyalarni ishlab chiqaradi.

Robototexnika va sun'iy intellekt

2014 yilning martida Mark Tsukerberg, Ilon Mask va Eshton Kutcher inson miyasi neokorteksini o‘rganuvchi va uni kompyuter kodi funksiyasiga o‘tkazishga harakat qilayotganVicarious kompaniyasiga umumiy hisobda 40 million dollar investitsiya kiritishdi. Neokorteks tana, nutq va fikrlash nazorati uchun javob beradi. Investorlarning har biri aynan qancha mablag‘ sarflagani noma'lum.

Vicarious miya funksiyasini kodga aylantirish orqali inson kabi fikrlovchi va bilim oluvchi dasturiy ta'minotni yaratishni rejalashtirmoqda. Kompaniya ishlanmalaridan biri — tasvir va videolarni inson sifatida qabul qiluvchi vizual tizim.

Shuningdek Vicarious saytlarda odamlarni robotlardan farqlash uchun qo‘llanuvchi kapchilarni hal qiluvchi dasturiy ta'minotni yaratdi, 2017 yilda esa uni modifikatsiya qildi.

Asana

2016 yilda Asana jamoaviy ishni rejalashtiruvchi startapi 50 million dollar sarmoya to‘pladi. Mablag‘larni yig‘ishda venchur kapitalistlar hamda Mark Tsukerberg va Prissilla Chan ishtirok etishdi. Sarmoyadorlarning har biri aynan qanchadan mablag‘ yo‘llagani noma'lum.

2008 yilda Facebook hammuassisi Dastin Moskovits va Google hamda Facebook'ning sobiq muhandisi Jastin Rozenshteyn Asana faoliyatiga asos solishdi. Asana - jamoaviy muloqot imkoniga ega vazifalar rejalashtiruvchisi. Ilova tez tanildi. Hozirda Google, Lyft, Uber, Airbnb kabi mashhur kompaniyalar ilova mijozlari hisoblanadi. 2018 yilda kompaniya qiymati 1,5 milliard dollarga baholandi.

Foto: Reuters

Okean tadqiqotlari

2018 yilning oktyabrida Chan Zuckerberg Biohub jamg‘armasi tibbiy maqsadlarda okeanni tadqiq qilishga doir yangi dasturi haqida e'lon qildi, ma'lum bo‘lishicha, bunga 14 million dollar ajratiladi. Tadqiqotlar korallarning hujayra mexanizmlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan, zero ular uzoq yillar davomida saratonga chalinmay yashay olishi va kattalashishi mumkin.

Shu bilan birga, baliqlar miyasi hujayra regeneratsiyasini o‘rganishga ham mablag‘ yo‘llanadi. Ushbu summaning 4 million dollari mikrobiomani tadqiq qilishga ajratiladi. Olingan bilimlar tibbiyotda qo‘llaniladi.

Breakthrough Prize mukofoti

Breakthrough Prize 2012 yilda Yuriy Milner tomonidan ta'sis etilgan. Dastlab mukofot fundamental fizikadagi yutuqlar uchun topshirilar edi, mukofot fondi esa 3 million dollarni, ya'ni Nobel mukofotidan ikki baravar katta summani tashkil qilgan.

2013 yilda Mark Tsukerberg va Prissilla Chan, Google asoschisi Sergey Brin va uning turmush o‘rtog‘i, xitoylik milliarderlar Ma Xuaten va Jyek Ma tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdi. Ishtirokchilarning har biri mukofot fondiga qanchadan mablag‘ yo‘naltirgani noma'lum.

Biroq birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan mukofot fondi 22 million dollargacha oshirildi. Shu bilan birga, nominatsiyalar soni ham ko‘paydi - tibbiyotdagi yangiliklar uchun to‘rt mukofot hamda matematika va fizikadagi yutuqlar uchun uch mukofot qo‘shildi. Bundan tashqari, istiqbolli ilmiy ishlar va tadqiqotlar uchun topshiriluvchi "Yangi ufqlar" oltin mukofoti kiritildi.

Mavzuga oid
Top