17:09 / 26.01.2019
44618

Quruvchilar ko‘chasida «suzuvchi» uylar: Sharof Rashidov tumani «Yangiobod» mahallasidagi yangi uylar ostidan suv chiqdi

«Ko‘chib kelganimizga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q lekin shu uyni ta'mirlayverib charchadik, yoz kunlari bilinmagan ekan, mana, qishning qoq o‘rtasida uyimiz suvga to‘ldi», — deydi o‘z murojaatida Sharof Rashidov tumanidagi «Yangiobod mahallasi» Quruvchilar ko‘chasida istiqomat qiluvchi xonadon sohiblari.

«Yangiobod» mahallasidamiz. Izohga ojizmiz, manzara haqiqatdan ham ayanchli.

«Arzonning sho‘rvasi tatimas»mi?

«...Tuni bilan chelaklab suv tashidik, uyimizni suv bosdi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qildik. Kelishmadi. Mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman hokimligi hech biri «Holing nima?», deb so‘ramaydi. Arz qilmagan joyimiz qolmadi. Bir yarim yilda uyni olti marta ta'mirlatdik. Kechagi toshqin hammasidan oshib tushdi. Uy yashashga mutlaqo yaroqsiz holga keldi. Farzandlarim bilan qayerga boraman. Ijaraga chiqib yashaymanmi? Kimdir bizni ham eshitadimi? Hamma aybni quruvchilarga qo‘yadi, quruvchilar ikki marta kelib o‘z hisobidan uyni ta'mirlatib ketgan bo‘lsa o‘zimiz to‘rt marta ta'mirlatdik. Yer ostida suv quvurlari borligini aytishdi. Bu nima degan gap to‘g‘ri kelgan joyga uy qurib ketishaveradimi?.. Biz bu uyda qanday yashaymiz? Shu uyga kelib baraka topmadim. Ko‘chib kelganimizdan beri uyni ta'mirlatish bilan ovoramiz», — deydi kuyinib xonadon sohibasi Mohira Yo‘lchiboyeva

«Men yolg‘iz onaman, uch farzandimni o‘zim katta qilyapman. Boquvchimiz yo‘q, ishonasizmi, shu uyni olish uchun qancha yelib yugurdim, og‘zim oshga yetganda ahvolni qarang — uylar juda sifatsiz qurilgan. Foydalanishga topshirilganiga hech qancha vaqt bo‘lmay, uylarning bo‘yoqlari ko‘chib, xona devorlari yorilib ketdi, pol cho‘kib qoldi. Devorlar zax tortgan. Eshiklar ochilsa yopilmaydi. Shu niyatda uyga ko‘chib kirganmidik?! Ayni kunda qarzga botsam-da, ijarada yashayapman noyabr oyida ko‘chib ketganman. Uy to‘lovlarini vaqtida to‘lab boryapman, ammo bu uyda yashashning hech ham iloji yo‘q. Dardimizni turli idoralarga aytdik, yozdik. Ammo natija yo‘q. Arzon uy-joylar deb xarid qilganmiz, arzonni sho‘rvasi tatimas, deyishgani shumikan?» — deydi Tursunoy Mamasoliyeva.

T.Mamasoliyevaning aytishicha, u uyga yana ko‘chib kelishga cho‘chimoqda. Darhaqiqat, Quruvchilar ko‘chasining 4-uyning ko‘cha tomonida va ichkarida sezilarli yoriqlar paydo bo‘lgan. Unga qo‘shni 5-uyda ahvol bundan-da battar. Ushbu uyning hali ham cho‘kib ketmaganiga qoyil qolish mumkin. Uy egalari mutasaddilarga aytaverib, hafsalalari pir bo‘lgan.

Uylari yorilib, darz ketgan, suv bosib yashashga yaroqsiz holga kelgan yangiobodlik uy sohibalari endi nima qilsin? Ushbu savolga javob olish uchun Jizzax tumani «Suvoqova» korxonasi xodimlariga murojaat qilamiz.

«Holat yuzasidan shunday deyishim mumkin: bu yerda bir necha yil avval kimlardir noqonuniy suv quvuri tortib ketgan. Bu yerda suv quvuri borligi haqida xabarimiz yo‘q edi. Quvurlarni kesib tashlaymiz. Muammo bartaraf qilinadi. Bu quvurlar necha yil oldin qurilganini hech kim bilmaydi», — deydi korxona muhandisi Mahmud Do‘stmurodov

«Ushbu uylar 2017 yilida qurib foydalanishga topshirilgan. Rostini aytish kerak, Quruvchilar ko‘chasida qurib topshirilgan ushbu barcha uylar a'lo darajada ammo shu 5 xonadonga bir necha marotaba ta'mirlash uchun keldik. Aniq sababini biz ham bilmaymiz. Kelib ta'mirlaymiz, oradan ma'lum bir muddat o‘tib yana chaqirishadi. Suv bosadi, kelamiz sababini topolmaymiz. Yigitlarimiz sababini topishdi, suv favvoradek otilib chiqib ketdi. Shu xonadon sohiblari bilan uch kundan beri ovoramiz. Bormagan tashkilotimiz qolmadi. Sabab shuki — bizga bu yerdan suv quvurlari o‘tganligi haqida hech qanday ma'lumot berilmagan. Barcha xatoliklar loyihalashtirish jarayonida bo‘lgan. Biz hujjatga asosan uyni qurganmiz», — deydi ismi ochiqlanishini istamagan «Jizzax qurilish ziynati» MChJ ish boshqaruvchisi.

Xulosa o‘rnida

Hamma ham o‘z uy-joyi, boshpanasi bo‘lishini xohlaydi. Bugun ana shunday oilalarning og‘irini yengil qilish maqsadida davlat tomonidan aholiga qator qulaylik va imtiyozlar yaratilmoqda. Prezidentning bevosita tashabbusi va tegishli qarorlari bilan respublika barcha hududlarida arzon uy-joylar qurilayotgani aholining uy-joyga muhtoj, ammo kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyatalab qatlamining mushkulini oson qilmoqda. Yuzlab oilalar necha yillik orzusi ushalib, uyli bo‘lyapti. Ammo bunyodkorlik sohasida tajriba ortgani sayin arzon uy joylar qurilishida ham o‘ziga xos muammolar paydo bo‘lmoqda.

Sharof Rashidov tumanidagi «Yangiobod» mahallasi Quruvchilar ko‘chasida yuz bergan holat ham shaharsozlik norma va qoidalari talablarini buzish, aholi talablari qolaversa gaz, elektr energiyasi, kanalizatsiya, suv va boshqa kommunikatsiya tarmoqlarini olib borish imkoniyatlari o‘rganilmasdan yer tanlanishi oqibatida yuzaga kelgan, deya ayta olamiz.

Yana bir muhim masala shuki, yangi qurilayotgan uy joylar arzon ekan, deb ularning sifatini keyingi o‘ringa qo‘yish ham insofdan emas. Ko‘rinib turibdiki, bugun ushbu xonadonlardagi sifat sarflangan pulni oqlamagan.

Sharof Rashidov tumanida ana shunaqa gaplar. Yetdim deganda yiqilib turgan xonadon sohiblarining boshi qotgan. Zora, muammolarimiz tezroq kattakonlarga yetsa-yu, suv ustida suzib yurgan uylarda yashovchilarga yordam qo‘lini cho‘zishsa, deyishmoqda ular.

Kun.uz bu mavzuga yana qaytadi.

Gulchehra Sharipova,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top