16:00 / 27.01.2019
86667

Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari ​Toshkentdagi shov-shuvli dasturlar va efirga uzatilgan «Bravo» haqida munosabatini bildirdi​ 

Foto: Xalqaro press-klub

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Alisher Qodirov ko‘p shov-shuv va muhokamalarga sabab bo‘lgan Toshkentda konsert bergan ayrim g‘arb musiqa ijrochilari, TV efiriga uzatilgan «Bravo» guruhining konsert dasturi bo‘yicha mulohazalarini bildirdi. 

«O‘zbekistonda nodavlat, xususiy elektron ommaviy axborot vositalarining milliy assotsiatsiyasi mavjud. Telekanallarda monitoring guruhi, ya'ni badiiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘rsatuvlar efirga uzatilishidan avval, bilishimcha, badiiy kengash tomonidan ma'qullanishi lozim. 

Sir emaski, ayrim seriallar, konsert dasturlari, videokliplar ma'naviyatimizga zid bo‘lgan elementlarni aks ettiryapti. Afsuski, O‘zbekiston Respublikasi amalda bo‘lgan qonunchilik normalariga ko‘ra, shunday lavhalarning efirga uzatilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning ayrim bandlariga o‘zgartish kiritish ehtiyoji paydo bo‘ladi», – deydi u. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining aytishicha, OAVga erkinlik zarur va talab etilayotgan jarayon hisoblanadi. Lekin ayrim paytlarda OAV orqali jamiyat xohlamagan; qadriyat sifatida e'tirof etilgan tarbiya, madaniyat va ma'rifatga qarshi ommaviy madaniyatning salbiy ta'sirlari jadal kirib kelyapti.  

«Bravo» guruhining konsert dasturi bo‘yicha Markazga bir nechta murojaat bo‘ldi. Lekin amaldagi qonunchilikka asosan, biz ularning faoliyatini taqiqlash vakolatiga ega emasmiz. Tegishli vakolatga ega tashkilotlar esa vakolati doirasida harakatlarini yetarlicha asoslab berishga imkon topmayapti. Chunki bu – tadbirkorlik faoliyati.

Nafaqat TV, balki barcha turdagi OAV, erkin bosma nashrlar bilan hamkorlikda ishlab, ommaviy madaniyatning salbiy ta'sirlaridan jamiyatni asrash bo‘yicha ishlar tashkil etiladi. 

Bu – senzura emas.  Bizga yot bo‘lgan masalalarning kirib kelishiga nafaqat ayrim tashkilotlar, balki jamoatchilik kuchni birlashtirib harakat qilishi lozim. Madaniyatimizga zid bo‘lgan ayrim g‘arb musiqa ijrochilarining Toshkentda konsert bergan holatlari bo‘ldi. U yerda madaniyatimizga zid bo‘lgan harakatlar kuzatildi. Biz bunga e'tiroz bildiryapmiz, lekin bizning e'tirozdan ko‘ra, O‘zbekistondagi faol jamoatchilik bunday masalalarga qarshi birlashmas ekan, ayrim tashkilotlarning harakatlari bilan bularning oldini olib bo‘lmaydi», – deb qo‘shimcha qilgan u.  

Alisher Qodirov masalaning ikkinchi tomonidan gapirib, ana shu ko‘rsatuvlarning iste'molchisi bo‘lgani uchun ko‘rsatuvlar efirga uzatilayotganini tanqid qildi. 

«Bu holat bugungi axborot iste'molchisining darajasini ham ko‘rsatyapti. Axborot tahlil qilish darajasi jamiyatimizda eng qisqa jarayon hisoblanadi», – deb fikr bildirgan u.​

Top