15:29 / 28.01.2019
6184

Tourism challenge: Yoshlar O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga chorlanmoqda

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirish, mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyatini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida "Tourism challenge" ("Turizm chorlovi") tanlovi haqida e'lon qildi.

Tanlovda respublika ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalaridan iborat jamoalar ishtirok etishi mumkin. "Tourism challenge" quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

·      Yoshlar (ta'lim muassasasi nomidan) sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishadi;

·      Sayyohlik hududiga borgach, tanlovning mas'ul vakilidan tegishli atribut (ta'lim muassasasining raqami yoki nomi yozilgan bayroq)ni olishadi va tanlov uchun maxsus tayyorlagan xaritaga joylashtirishadi;

·      Xarita yonida hamda turizm obektlarida o‘z jamoalari bilan suratga tushib, ommaviy axborot vositalari, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar orqali chorlov yo‘llashadi va o‘z sayohatlarini keng yoritishadi.

"Tourism challenge" ishtirokchilarning sayohatlari hakamlar hay'ati tomonidan quyidagi mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi:

- sayohatlarni tashkil etish davri (turizm mavsumi past davrlar - fevral, mart oylariga ustunlik beriladi);

- sayohatlarning umumiy masofasi;

- sayohatlar marshrutlarining yangiligi va o‘ziga xosligi (kreativligi);

- sayohatlarning davomiyligi (ketma-ketligi);

- sayohatlar soni;

- sayyohlar soni;

- sayohatlarning OAVda yoritilganligi (soni va OAV turi);

- sayohatlarning ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqatilishi (qancha foydalanuvchi ko‘rganligi);

- sayohat davrida olingan foto surat va video materiallarning sifati.

Tanlov g‘oliblari oliy ta'lim muassasalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari hamda umumiy o‘rta ta'lim maktablari bo‘yicha alohida aniqlanadi va e'lon qilinadi.

G‘oliblar quyidagicha taqdirlanadi:

1-o‘rin: Qo‘shni ikki mamlakatga 7 kunlik sayohat uchun 6 kishilik (sayohatlarni tashkil etishda eng faol qatnashgan va keng yoritgan ishtirokchilar) yo‘llanma, faxriy yorliqlar hamda kitoblar jamlanmasi (100 dona);

2-o‘rin: Qo‘shni bitta mamlakatga 5 kunlik sayohat uchun 6 kishilik (sayohatlarni tashkil etishda eng faol qatnashgan va keng yoritgan ishtirokchilar) yo‘llanma, faxriy yorliqlar hamda kitoblar jamlanmasi (50 dona);

3-o‘rin: O‘zbekistonning uch shahriga 5 kunlik sayohat uchun 6 kishilik yo‘llanma, faxriy yorliqlar hamda kitoblar jamlanmasi (50 dona).

Batafsil ma'lumotlarni www.challengetour.uz sayti hamda +998951933402 telefon raqami orqali olishingiz mumkin.

Top