01:00 / 29.01.2019
19723

To‘tiqush jako - sayyoraning aqlli to‘tiqushlari orasida eng «gapdoni»

To‘tiqushlarning ayrim turlari gapirishni biladi, biroq bu ko‘pchilik o‘ylaganidek har doim ham tinglagan narsasiga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish emas. Jako to‘tiqushlari o‘zining so‘zlasha oladigan qarindoshlaridan ancha ilgarilab ketgan. Birinchi navbatda ongli tarzda dialog olib borish jihati bilan. Jako bejiz eng aqlli to‘tiqush sanalmaydi, axir ular nafaqat bir necha o‘nta so‘zni yod oladi, balki ularni ongli tarzda ishlata oladi.

Jako to‘tiqushi yoki kulrang to‘tiqush G‘arbiy Afrikaning ekvatorial va tropik o‘rmonlarida uchraydi. U ikkita turdan iborat: ekvatorbo‘yi tumanlarida yashaydigan qizil dumli jako va janubroqda Angola va Tanzaniya o‘rmonlarida yashaydigan qo‘ng‘ir rang dumli jako.

Qizil dumli jako (Psittacus erithacus erithacus)

Qo‘ng‘ir rang dumli jako (Psittacus erithacus timneh)

Uning tarqalish hududi asosan yog‘li palma o‘sadigan joylarga to‘g‘ri keladi, chunki bu o‘simlik kulrang to‘ti uchun muhim ozuqa manbai sanaladi. Bundan tashqari, to‘tilar meva, daraxt urug‘larini zavq bilan yeydi. Jako ancha yirik qush bo‘lib, 30-35 santimetrgacha o‘sadi va 50 yil, ba'zida esa undan ham ko‘proq yashaydi.

Jakoning patlari o‘ta yorqin emas. Boshqa to‘tilar bilan taqqoslaganda ancha sipo. Biroq u kishi ko‘nglini boshqa jihati bilan zabt etadi. To‘g‘ri tarbiyalansa, jako aqlli suhbatdoshga aylanishi mumkin. Jako to‘tilari suhbat davomida 300 tagacha so‘zni qo‘llashi belgilangan. Ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etgan eng taniqli to‘ti Aleks laqabli jako to‘tisi edi. O‘tgan asrning 80-yillarida amerikalik olimlar yirik tadqiqot o‘tkazib, jakoda qushlar uchun g‘aroyib sanalgan tilni o‘zlashtirish qobiliyatini aniqlashda yordam berishdi. To‘ti Aleks doktor Iren Pepperberg rahbarligi ostida maxsus o‘qitish kursini o‘tdi. Natijada nutqida predmet, material, rang, shakl kabi turli kategoriyalardagi bir necha o‘nlab so‘zlarni talaffuz etish va qo‘llashni o‘rgandi. Jako Aleks ko‘plab test savollariga to‘g‘ri javob berdi va buyumlarning umumiy belgilarini ajrata oldi. Bundan tashqari, Aleks doktor Pepperberg bilan bemalol suhbatlashib, o‘z istak va iltimoslarini bayon etdi.

Albatta, Aleks olimlar nazorati ostida maxsus o‘rgatilgan yetuk to‘ti edi. Biroq boshqa jakolar bilan ham erta yoshidan shug‘ullanilsa, ular ham o‘zlarining so‘zlashuv qobiliyatlari bilan kishini hayratga solishga qodir. Bugun ushbu to‘tilar uyda boqiladigan qushlar sifatida ham ancha taniqli.

Top