20:41 / 30.01.2019
131810

Sergelidagi uy-joylar narxi nega qimmatlashdi?

Kun.uz tahririyatiga uy-joy masalasida ko‘plab murojaatlar kelib tushishi davom etmoqda. So‘nggi vaqtlarda berilayotgan murojaatlardan aksar qismi Toshkent shahri, Sergeli tumanida olib borilayotgan qurilishlarga aloqador.

Ko‘pchilikka ma'lumki, 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni xalqimiz xursandchilik bilan kutib olgan edi. Ammo, ko‘p vaqt o‘tmasdan bu uylarning narxlari keskin oshirildi. Bu esa ko‘plab e'tiroz va noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Shu omillar sabab, Kun.uz guruhi arzon uy-joylar hududi tomon yo‘lga otlandi. Shikoyatchilar bilan uchrashuvda bunday e'tirozlarga ko‘plab misollarga guvoh bo‘ldik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Prezidentning sovg‘asi deyishgandi, endi esa pul to‘la deyishyapti»

«Fevral va mart oylarida to‘lovlarni hamma o‘z vaqtida to‘lab borgan. U vaqtlar 2.880.000 so‘mdan edi. U vaqtlarda uylarning ikkinchi va uchinchi qavatlari bitib bo‘lgandi. Ayni vaqtga kelib bizning uy narxi kvadratiga taxminan 1 million 100 ming so‘mga oshgan. Avval 160 million so‘mga tushayotgan bo‘lsa, hozirda bu uyning narxi 240 millionga yetgan. Bu tannarxi hali. Oldin foizlari bilan 240 million so‘mga tushar edi. Hozir foizi bilan hisoblasa, narx 700-800 millionlarga aylanib ketadi-ku? O‘rtacha bir oyga to‘lanadigan pul 1,5 millon so‘mga tushmoqda. 3 yildan keyin bu 2 milliondan oshadi. Narx ko‘tarilishiga sabab sifatida qurilish materiallari qimmatlashganini aytishmoqda. Axir, ularga soliq bo‘yicha imtiyozlar va boshqa yengilliklar berilgan-ku?», deydi shikoyatchi Akmal Rustamov.

«Uyning narxi qurilishlar ishlari yakunlanganidan keyin oshdi. Narx oshgani g‘ishtga yoki boshqa zarur qurilish materillariga ta'sir o‘tkazmadi. Uylar qurilib bo‘lgan edi. Faqat pardoz ishlari qolganida narxlar qimmatlashmadimi, axir? Shu narsalar uchun narx bunchalik oshib ketmaydi-ku?! Uning ustiga ichlari g‘isht emas, gipsokarton bo‘lsa?», deydi Gulchehra Jo‘rayeva.

«Narx qimmatligiga yarasha uyning sifati ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Eshik yaxshi yopilmaydi. Ko‘p joyini qaytadan qildik. Quruvchilarni chaqirib aytsak, «biz berganini qo‘yamiz», deyishadi. Doim hammasi zo‘r deb, ko‘rsatishadi. Gabaridi katta uylarni ko‘rsatishadi. Yolg‘on bilan ish yuritishmi bu?», deydi keksa murojaatchi Dilobar Ayyupova.

«Bizni hech kim ogohlantirmadi. Men avval bu masalada portalga yozgandim. Portal hokimiyatga, hokimiyat bankka, bank investga jo‘natdi. Ular bizga avvalgi narxni taxminiy narx deb aytishdi. Bizni hech kim ogohlantirmagandi-ku? Shunday ham buni qarz olib to‘laganman dedim. Yana bir gap, bizga avval oshxona jihozlarini «Prezident sovg‘asi» deyishgan edi. Hozir qarasak, 6 million so‘m narx chiqarib, uyning narxiga qo‘shib qo‘ygan», deydi Shahnoza Azizova.

«Qurilish bo‘layotgan vaqtda to‘lovlar bo‘lgan. O‘sha vaqtda materiallar olib bo‘lingan. Endi esa yangi narxlar bilan hisob-kitob qilinishi kerakmi? Lift bir kun ishlasa, ikki kun ishlamaydi. Oltinchi qavatgacha piyoda chiqamiz», deydi ulardan yana biri.

«Men 2-guruh nogironi bo‘lgan qizimga uy olib berdim. Hali ko‘chirib olib kelolmayman. Qurilish sifati yaxshi emas. Uy qulflari ham yomon holatda. Hammayoqda ish chala bajarilgan. Oddiy isitish kotyollariga filtr ham yo‘q. Shaharinvestga borsak, boshlig‘i joyida o‘tirmaydi. Doim majlisda bo‘ladi. Majlisda nimani hal qiladi? Qachongacha majlisbozlik bo‘ladi? Prezidentning topshiriqlarini to‘liq bajarishmaydimi? Shunchalik qo‘rqmaydimi bular? Uyimga ketgan materiallarning oradagi vaqtlar bo‘yicha farqini to‘g‘ri hisoblab bersin, farqini to‘lab beraman», deya e'tiroz bildirdi 65 yoshli Qobil Hoshimov.

Mendan ketguncha, egasiga yetguncha

Shikoyatchilarning e'tirozlari faqatgina narx ko‘tarilib ketgani bo‘yicha emas ekan. Tashqaridan ko‘rkli, savlat to‘kib turgan uylarning sifati haqida ham e'tirozlar bildirilgach, bu xonadonlarga kirib ko‘rdik.

«Mening uyimdagi eshiklar qanaqa sifatda o‘zi hayronman. Suv tekkan edi, shishib ketdi. Kirishda eshikni ochib olish bir azob. Qattiq itarib ochish kerak bo‘ladi. Uy qimmatligiga yarasha sifati shunga yarasha bo‘lishi kerak-ku? Boshqa qimmat uylar bilan narxi teng bo‘lib qolyapti, axir?», deydi Dono Yusupova.

Chindan ham sifat bo‘yicha ham kamchiliklar yetarli ekan.

Sifat bo‘yicha masalalar bu alohida mavzu deyishingiz mumkin. Lekin, bu sifatdagi uylarni bu narxlarga sotib olish aholi orasida noroziliklar keltirib chiqarmoqda. Arzon narxga qurilganda ham bu degani ishlar sifatsiz qilinishi kerak degani emas, nazarimizda.

Murojaatchilarning fikrini eshitdik. Endi ikkinchi tomonga yuzlanamiz. Dastlab, «O‘zshaharqurilishinvest» MChJ IK binosi tomon yo‘l oldik.

Bu joyga kelganimizda «rahbarlar joylarga o‘rganishga chiqib ketishgani» ma'lum bo‘ldi. Murojaatchilar bilan suhbatni injiniring kompaniyaning yuristi Anvar Rahimov o‘tkazdi.

«2017 yil 23 oktyabrda Prezidentning 3350-sonli qaroriga ko‘ra, 2018 yil 1 aprelga qadar loyiha-smeta hujjatlari qurilish bilan birga bajarilib, tugallanishi belgilangan. Biz qurilishni dastlabki loyiha hujjatlariga asosan boshlaganmiz. Aprel-may oylarida loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilgan. Bir necha uylarning ekspertiza narxlari chiqqan. Qarorga ko‘ra, boshlang‘ich badalni shakllantirish banklarga berilgan. Vazirlar Mahkamasining 14-sonli qaroriga asosan uyni sizga biriktiradi. So‘ngra, bankka borib pulni to‘laysiz. Mablag‘ni shakllantirasiz.

2017 yilda biz xatni hokimiyatga, bankka yozganmiz. Taxminan 2018 yil may oyida aniq narxi chiqqan. Kvadratiga 2 million 781 ming so‘m bu 2017 yilning narxi. Biz narxni oshdi deb bermaganmiz. Biz bu narxni 2017 yil uchun deb aytganmiz. Biz ekspertiza chiqmay turib qarorga binoan qurilishni boshlaganmiz. 2018 yilda uylarning aniq narxi chiqqan. Nimaga bunchalik oshib ketgani hujjatlarda aks etgan», deydi tashkilot yuristi.

Bu masala o‘tgan yil davomida ham ko‘p marta muhokama qilingandi. Deputatlar, jurnalistlar bu masalani ko‘tarib chiqishdi. «Arzon uy-joy shu narxda bo‘lsa, qimmati qanaqa?», «Nega davlat xarajatlarida real narxlar-u, berilayotgan oylik maoshlarda bunday reallik ko‘zga tashlanmaydi?», degan real savollar o‘rtaga tashlandi.

Biz ham o‘ziga xos mavhumlik bilan ortga qaytdik. Odamlar narxlar yana oshishidan qo‘rqib yurak hovuchlab yashamoqda. Bu holat uzoq davom etmasligiga umid qilib qolamiz.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Bahodir Ahmedov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top