13:16 / 31.01.2019
15731

Milliy universitet va talabalar shaharchasi hududlarida keng ko‘lamli qurilish ishlari boshlandi 

Toshkent shahar hokimligi tomonidan ta'mirtalab bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universiteti va talabalar shaharchasi hududlarida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari boshlandi. 

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shaharsozlik talablariga javob beradigan, zamonaviy arxitekturaga mos piyodalar yo‘laklari, maxsus velosiped yo‘llari, avtomashinalar uchun esa 400 o‘rinli avtoturargohlar barpo etilmoqda. 

5600 kv metr avtomobil yo‘llari asfalt qilinib, avtomototransportlar qatnovi chegaralanadi, 11 ming kv metrga yashil maysalar yotqiziladi, 1,800 p/metr irrigatsiya tarmoqlari yangilanadi. Talabalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida, zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Universitet rahbariyati tomonidan bino hududidagi himoya panjaralari olib tashlandi.

«Hurmatli fuqarolar, shahrimiz mehmonlari, aziz talabalar! Olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari sabab vaqtinchalik yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun Toshkent shahar hokimligi uzr so‘raydi. Ushbu qurilish ishlari 15 kun muddatda yakunlanadi», - deyiladi xabarda.

Top