23:33 / 31.01.2019
40296

Tashkent City qanday qurilmoqda? Ilk press-tur tashkil etildi

Toshkent shahri markazida Tashkent City loyihasi amalga oshirilayotgani haqida bir necha bor xabar qilingan. Ayni loyiha atrofida esa, turli xil xabarlar paydo bo‘lmoqda. 31 yanvar kuni mazkur loyihada ishlar qanday olib borilayotgani va OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berish maqsadida press-tur tashkil etildi. 

Jurnalistlar va operatorlar jamoasi dastavval Boulevard deb nomlangan turarjoylar majmuasi barpo etilayotgan 7-lotga tashrif buyurishdi. Ushbu majmuani qurayotgan Premium Village kompaniyasining 7-lot bo‘yicha rahbari Aleksandr Tson turarjoy binolari qurilishiga doir tafsilotlar bilan o‘rtoqlashdi. 

«Majmua fast-track, ya'ni parallel loyihalash asosida qurilmoqda. U 6ta ko‘p qavatli binolar majmuasidan iborat bo‘ladi. Har bir uy ostiga 582tadan uzunligi 14 metrlik 80 sm diametrdagi qoziqoyoqlar qoqilib chiqildi. Barcha uylar yerosti suvlaridan ishonchli himoyalangan», - dedi Aleksandr Tson. 

Premium Village kompaniyasining 7-lot bo‘yicha rahbari Aleksandr Tson

U, shuningdek, majmua 2020 yil may oyida foydalanishga topshirilishini bildirar ekan, turarjoy binolarining seysmik bardoshligiga ham oydinlik kiritdi. 

«Ularning zilzilabardoshligi normativ bo‘yicha +9 balldir. Binolarning beton ishlarida 400 markali sement ishlatilmoqda. Bu 1 sm2.ga 400 kg yuk mos keladi, deganidir. Shunga binoan, bemalol ushbu uylardan xarid qilgan bo‘lar edim», - deya ta'kidladi 7-lot rahbari. 

Uning aytishicha, ishlar 2 smenada tashkil etilgan bo‘lib, birinchi smenada ishchilar 8-17 oralig‘ida ishlaydi. Ikkinchi smena kechki 20-00dan tonggi 5-00gacha davom etadi. 

«Menga 12 soat ishlaydigan ishchi kerak emas. Chunki, bu xavfsizlik jihatidan ham maqsadga muvofiq emas. Ko‘p ishlagan ishchi yoki xato qiladi, yo bo‘lmasa, biror kor-hol ro‘y berishi mumkin. Qolaversa, O‘zbekistonda ish soatlari belgilab berilgan. Shunga ko‘ra, ish va dam olish kunlari tashkil etiladi», - dedi Aleksandr Tson. 

Ta'kidlash o‘rinliki, OAV vakillariga quruvchilar uchun barpo etilgan sharoitlar ko‘rsatilishi aytilgan bo‘lsa-da, faqatgina Discover Invest xodimlari ishlayotgan ofisnigina ko‘rishga imkon berildi. 

Shu bilan birga, ma'lum qilinishicha, Boulevard majmuasining 15 foiz xonadonlari sotib bo‘lingan. 

Mavzuga oid
Top