21:01 / 01.02.2019
9061

Internetga 25 mlrd o‘g‘irlangan login va parol qo‘yildi

Foto: Luke MacGregor / Bloomberg

Xakerlar o‘g‘irlangan login va parollarni jamlab, internetga rekord kattalikdagi ma'lumotlar bazasini qo‘yishdi. Bu haqda The Wired nashri ma'lum qildi. 773 mln parol va logindan iborat hamda Collection #1 deb nomlangan ma'lumotlar bazasi internetda yanvar o‘rtalarida paydo bo‘lgandi. Endi kiberxavfsizlik sohasidagi tadqiqotchilar ushbu bazaning ikkinchi qismi – 25 mlrd parol va logindan iborat hamda 854 Gb keluvchi, Collections #2–5 deb nomlangan ma'lumotlar bazasini aniqlashdi. 

Potsdamdagi (Germaniya) Hasso Plattner Institute tahlilchilari bazani o‘rgangach, unda 2,2 mlrd qayd qilish yozuvi borligini aniqlashgan. Bazaning katta qismi avvalgi yillardagi o‘g‘irliklar, jumladan Yahoo, LinkedIn va Dropbox ma'lumotlar bazasini buzib kirishda qo‘lga kiritilgan ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan.

“Bu biz qachondir ko‘rgan eng katta jamlanmadir”, deb aytgan kiberxavfsizlik sohasida faoliyat yurituvchi va bazani torrentlarda aniqlagan Phosphorus.io kompaniyasi xodimi Kris Rouland. 

Uning aytishicha, Collections #1–5 xakerlar orasida keng tarqalib ketdi. Jumladan, ma'lumotlar bazasidan iborat faylni yuklab olishni 130 kishi taklif qilgan, faylning o‘zi esa ming martadan ko‘proq marta ko‘chirib olingan. 

Top