8624.51 USD +40.01

9676.7 EUR +2.83

136.92 RUB +0.58

10780.6 GBP -12.65

16:03 / 01.02.2019 1996

O‘zbekiston-Fransiya: Ikki ilmiy laboratoriya ochishga doir hamkorlik memorandumi imzolandi

O‘zbekistonda zamonaviy va xalqaro akkreditatsiya talablariga javob beruvchi «GMO tarkibli mahsulotlarni aniqlash» va «TOBni aniqlash hamda ularni tadqiq qilish» bo‘yicha ikkita laboratoriya ochish yuzasidan fransiyalik hamkorlar bilan Memorandum imzolandi. Fanlar Akademiyasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

2018 yilning oktabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi oldidan ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy va ilmiy texnik hamkorlik istiqbollari yuzasidan O‘zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasi muzokaralari o‘tkazilib, unda O‘zbekistonning Yevropa bozorlariga 6200 dan ortiq savdo pozitsiyalari bo‘yicha bojsiz kirish huquqini beruvchi Yevropa ittifoqining bir tomonlama tariflar preferensiyalariga (GSP+, Generalised Scheme of Preferences) ega bo‘lish imkoniyatlari bo‘yicha kelishuv imzolangan edi. 

Ma'lumot uchun: GSP+ bu Yevropa ittifoqining rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiga va bozoriga ko‘mak berish uchun ulardan Yevropa ittifoqiga sotilayotgan tovarlarga past bojxona tariflari yoki umuman to‘lovlardan ozod etgan holda qabul qilishdir. 
Bu juda ham katta imkoniyat bo‘lib, unga erishish uchun ushbu tizimning o‘ziga xos talablarini bajarish lozim.

Bugungi kunda O‘zbekistonda GSP+ preferensiyalariga ega bo‘lish uchun talab qilinadigan 27 konvensiyaning 25 tasi bo‘yicha ratifikatsiyalari amalga oshirilgan, so‘nggi ratifikatsiya qilinishi shart bo‘lgan ikki hujjat - Bioxavfsizlik bo‘yicha Kartaxen protokoli (GMO) va Turg‘un organik ifloslantiruvchilar (TOB, zaharli organik birikmalar) bo‘yicha Stokgolm konvensiyalarini ratifikatsiya qilishdir. Ushbu masala O‘zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Muzokaralarda O‘zbekiston Respublikasi FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida Yevropa ittifoqining mablag‘lari jalb qilingan holda zamonaviy va xalqaro akkreditatsiya talablariga javob beradigan «GMO tarkibli mahsulotlarni aniqlash» va «TOBni aniqlash hamda ularni tadqiq qilish» bo‘yicha ikkita laboratoriya ochish yuzasidan fransiyalik hamkorlar bilan Memorandum imzolandi. 

«Mazkur ikki laboratoriyaning ochilishi yuqorida ta'kidlangan ikki hujjat talabiningbajarilishi orqali O‘zbekistonga yangi savdo imkoniyatlarining kengayishiga sabab bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, mamlakatimiz iqtisodiga sezilarli ijobiy ta'sir qiladi hamda ushbu laboratoriyalarda parallel ravishda GMO va TOB ustida butun mintaqada yagona bo‘lgan zamonaviy mavzularda tadqiqot ishlarini o‘tkazish imkonini beradi», - deyiladi manbada.

Top