12:26 / 01.02.2019
31991

O‘zbekiston operativ xodimlari xalqaro jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ygan

Xorijiy fuqarolarning O‘zbekistonda jinoyat va huquqbuzarliklardagi ulushi qanday? IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Qutbiddin Burhonovga ko‘ra, bu raqam juda oz ko‘rsatkichni tashkil etadi. Shu bilan birga, uning ma'lum qilishicha, ichki ishlar operativ xodimlarining mahorati va tajribasi sababli O‘zbekistondagi banklarni o‘marish uchun kelgan xalqaro jinoiy guruh kirdikorlari o‘z vaqtida fosh etilgan.

«Chet elliklarning O‘zbekistonda jinoyat sodir etilishi juda kam. Bir oyda bir-ikkita holatlar qayd etiladi. Asosan xorijdan transport vositasida kelib, yo‘l-transport hodisasini sodir etishlar uchraydi. Bu barcha davlatlarda bo‘ladi», - dedi Qutbiddin Burhonov. 

U, shuningdek, Ukrainadan kelgan sayyoh-o‘g‘rilar guruhi O‘zbekiston banklaridan birini o‘marmoqchi bo‘lganiga ham oydinlik kiritdi. 

«Shu bilan birga, ilgari gastrolyor-o‘g‘rilar bilan bog‘liq jinoyatlar nihoyatda ko‘p bo‘lardi. Bugungi kunda, chegaradan o‘tayotganlarning hisob-kitobi bo‘lgani, pasport bilan kirdi-chiqdisi bo‘lgani uchun bunaqa jinoyatlar yo‘q hisobida. 

Bir marta bo‘ldi. O‘tgan yil boshlarida Ukrainadan kelishib, bankni olishmoqchi (o‘marmoqchi) bo‘lishdi. Bittasi pul qo‘yib, yacheykalarni o‘rganib, kirgan-chiqqanlarni hisob-kitobini qilib, rasmlarga olib, 10-15 kun mobaynida tayyorgarlik ko‘rishdi. 

Ular bilan bir vaqtning o‘zida bizlarning operativ xodimlar ham ishlashdi. Ular juda chiroyli qo‘lga olinganidan keyin, RF, Ukraina, Belorussiya va boshqa davlatlardan juda ko‘p iltimoslar bo‘ldi, boisi bu o‘g‘rilar ushbu davlatlarda ham qidiruvda bo‘lgan. Bizga murojaat qilganlar davlatlarning tergovchilari ham kelib, gastrolyor-o‘g‘rilar bilan tergov amaliyotlarini o‘tkazib ketishdi», - deya so‘zlab berdi general-mayor Burhonov «Taraqqiyot strategiyasi»da 2018 yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Qutbiddin Burhonov, o‘g‘rilar o‘zlarining amalga oshmay qolgan g‘arazli niyatlarini amalga oshirishlari uchun qaysi bankni tanlaganlariga oydinlik kiritmadi. 

Top