20:47 / 01.02.2019
14760
Reklama

​“O‘zpaxtasanoat” AJ tizimida bir nechta investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda

Mamlakatimiz rahbarining 2018 yilning 28 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan. Shu sababli ham investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Foto: O‘zpaxtasanoat

Investitsiya bilan birga turli soha va tarmoqlarga, hududlarga yangi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib keladi, tadbirkorlik jadal rivojlanadi”,-degan edi.  

Chindan ham investitsiya har qanday mamlakatning iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi va uning taraqqiyotini ta'minlovchi muhim kapital manbai sanaladi. Chunki yo‘naltirilgan sarmoyalar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish asnosida qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratilishi, ishlab chiqarish vositalarining modernizatsiyasi va yangilanishida muhim omil vazifasini o‘taydi, mamlakat iqtisodiyotining jahon iqtisodiyoti bilan integratsiyalashuvini jadallashtiradi.

Shu bois, mamlakatimizda iqtisodiy o‘sishni ta'minlovchi shartlardan biri bo‘lgan investitsiyalarni faol jalb qilish masalasiga katta e'tibor qaratilmoqda. Joriy 2019 yilning "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" deb nomlanganining o‘zi masalaning naqadar muhim ekanini ko‘rsatib turibdi.  

“O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimida ham davlatimiz rahbari topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari hamda 2017 yil 28 noyabrdagi “Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3408–sonli Prezident qarori ijrosi doirasida tarmoqqa investitsiyalarni keng jalb etish borasida bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Foto: O‘zpaxtasanoat

Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, tarmoqda 2018 yil davomida amalga oshirilgan investitsion loyihalarning umumiy qiymati 95mlrd. so‘mni tashkil etdi. Bunda loyiha tashabbuskorlari ulushi73.5 mlrd. so‘m, qolgan 21.2 mlrd.so‘mi bank kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi.Hozirga qadar belgilangan tartibda ko‘plab loyihalar tizimga tatbiq qilinmoqda. 

Jumladan, “O‘zpaxtasanoat” AJ tizim korxonasi hamda “Rudell” MChJ ta'sischiligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Shumanay tumanidagi sobiq paxta tozalash korxonasi o‘rnida soha korxonalari uchun zarur bo‘lgan brezent matosi ishlab ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Shumanay Teks” MChJ tashkil etildi.

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 6,7 mln. dollar bo‘lib, shundan korxonaning o‘z mablag‘lari 3,6 mln.dollarni, O‘zbekiston Respublikasi Milliy bankining kreditlari 3,1 mln.dollari tashkil etadi.

Loyiha doirasida Hindiston, Yaponiya va Turkiya davlatlarining ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan 3,1 mln.dollari qiymatidagi zamonaviy texnologik asbob-uskunalarni xarid qilish bo‘yicha import shartnomalari imzolandi.Mazkur to‘qimachilik kompleksi 2019 yilda to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunga qadar loyiha obektida jadal qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda, tarmoq jadvaliga asosan loyiha bo‘yicha yiliga 2,2 mln. p/m  brezent va gabardin matosi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Buning hisobiga xorijiy davlatlardan olib kelinadigan brezent materiallariga bo‘lgan talab to‘liq qoplanadi.O‘z navbatida loyiha doirasida 120 nafar fuqaroni yangi ish o‘rni bilan ta'minlanadi.

Shuningdek, “O‘zpaxtasanoat”AJ tizim korxonasi hamda “Universal Diller” MChJ  ta'sischiligidagi “G’uzor Tekstil Impeks” MChJ tashkil etildi va Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi sobiq "G‘uzor paxta tozalash" korxonasi negizida yiliga 12,5 mln kv/metr tayyor mato ishlab chiqarish quvvatiga ega umumiy qiymati 14,9 mln. dollari bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda.

Mazkur korxonaga loyiha doirasida texnologik uskunalarni xarid qilish bo‘yicha Yaponiya, Germaniya, Italiya, Hindiston, Turkiya va Shveytsariyaning bir necha ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan import shartnomalari imzolangan.

2019 yilda loyihani to‘liq amalga oshirilishi natijasida 495 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, bu yo‘nalishda Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan loyihalar ham e'tiborga molik. “O‘zpaxtasanoat” AJ tizim korxonalari hamda mahalliy investorlar ishtirokida mazkur viloyatda 5,7 mln. dollar qiymatidagi 4 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Sherobod tumanida “Paxtaoy tekstil” MChJ tikuvchilik korxonasi tashkil etilib, 2018 yilning yanvar oyida to‘liq ishga tushirildi va 141 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, kollej bitiruvchilari va xotin-qizlar ish bilan ta'minlandi.

Sho‘rchi tumanida esa “Agroeksport invest” MChJ tashkil etilib, 1000 tonnalik sig‘imga ega sovutgich va meva-sabzavotlarini qayta ishlash loyihasi sentabr oyida to‘liq ishga tushirildi va 25 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Foto: O‘zpaxtasanoat

Qolaversa, viloyatda naslli qoramollarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha ham bir necha loyihalar amalga oshirilmoqda. Shundan, Termiz tumanida “Termiz nasl chorva” MChJ tashkil etilib, 400 bosh naslli qoramollarga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi loyihasi 2018 yilda to‘liq ishga tushirildi va 15 nafar fuqaro ish ta'minlandi.

Ana shunday chorvachilik kompleksi Denov tumanida ham tashkil etilgan “Chorva nasl impeks” MChJning 400 bosh naslli qoramol yetishtirishga ixtisoslashgan chorvachilik kompleksi to‘liq ishga tushirildi va natijada 15 nafar fuqaro doimiy ishga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari “Obod qishloq” dasturiga asosan olib borilayotgan ishlarda tizimdagi korxonalar faol qatnashib, ular ta'sischiligida soha va qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun zarur bo‘lgan maxsus kiyim, etak, avtoyopkich va bo‘z qoplarni tikishga mo‘ljallangan tikuvchilik majmualari tashkil etilib, o‘z mablag‘lari hisobidan qurilish-ta'mirlash ishlariga 3,6 mlr.so‘m sarflanib, tikuv mashinalari 954 ta qiymati 2,9 mlrd.so‘mlik sotib olinib, 1545 ta kam ta'minlangan va nogiron oilalar yangi ish o‘rinlari bilan ta'minlandi hamda 283 ta qiymati 339,6 mln.so‘mlik tikuv mashinalari berilib, qishloqdagi xonadonlarda kasanachilik asosida ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, qishloq hududlaridagi kam ta'minlangan va nogiron oilalarga 214 ta qiymati 612 mln.so‘mlik beg‘araz yordam sifatida tikuv mashinalari yetkazib berildi.

Hozirgi kunda “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar ishtirokida tarmoqqa investitsiyalarni keng jalb etish borasida reja asosida ishlar olib borilmoqda.

«O‘zpaxtasanoat» Matbuot xizmati

Top