10:40 / 01.02.2019
5695

Toshkentdagi bekatlarga kuzatuv kameralari o‘rnatish taklif qilindi

Foto: Depositphotos

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida bekatlarga kuzatuv kameralarini o‘rnatish haqida petitsiya joylashtirildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri yo‘llaridagi kuzatuv kameralarining deyarli hammasi faqat yo‘lga qaragan, ular avtotransportlarning harakatini kuzatish uchun mo‘ljallangan. Lekin, qoida eng ko‘p buziladigan joylardan biri - bekatlar nazoratdan chetda qolib ketmoqda. 

“Oddiy misol, ayrim avtobus, yo‘nalishli taksilarning bekatda haddan tashqari qolib ketishi, bekatlarning kirish qismini to‘sib qo‘yishi, ikkitadan qator hosil qilishi, xavfli manyovrlari, ayrim haydovchilarning bekatlarning o‘rtasiga mashinalarini tashlab ketishlari, bekatning istalgan qismida to‘xtashlari kuzatiladi. Kameralar avvalo xavfsizlikni ta'minlasa, boshqa tomondan transport vositalarining tartibli harakatining garovi hisoblanadi”, - deyiladi murojaatda. 

Bekatlarga kamera o‘rnatilgan mamlakatlar qatoriga - Rossiya, Janubiy Koreya, AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarni misol qilish mumkin. Kamera mavjudligi ochiqchasiga qoida buzilishining oldini oladi va turli xil ko‘ngilsiz holatlarda to‘g‘ri va kerakli choralarni qo‘llash imkonini beradi. 

“Ayrim holatlarda bekatlardagi oynalarning singanini ko‘ramiz yoki jamoat transporti haydovchilarining janjallariga guvoh bo‘lamiz, kameralar aynan shu masalalarni hal qilishda ancha yordam beradi, ba'zi hollarda hatto oldini ham oladi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

“Shu sababli Toshkent shahridagi barcha avtobus bekatlariga hech bo‘lmaganda bittadan kuzatuv kameralarini o‘rnatish zarur. Bu kameralar bir vaqtda ham yo‘lovchilarni ham bekatlardagi transportlar harakatini kuzatish va qoidabuzarliklarning oldini olish imkonini beradi”, - deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq avtobuslarga kuzatuv kameralarini o‘rnatish taklif qilingandi.

Top