8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

21:30 / 01.02.2019 25601

Venesuela inqirozi: Voqealar rivoji uchun 4 variant

Foto: Getty Images

Xuan Guaydo «muvaqqat prezident» sifatida qasamyod qilishi Venesuelada yana bir marta beqaror vaziyatni yuzaga keltirdi. Ammo bu safar vaziyatga xalqaro hamjamiyat aralashmoqda.

AQSh tomonidan yangi sanksiyalar qo‘llanishi, xususan Venesuelaning asosiy daromad manbai bo‘lmish neft sohasiga qo‘llangan sanksiyalar Nikolas Maduro ma'muriyati uchun jiddiy bosimdir.

Qolaversa, Guaydo xalqni yangi namoyishlarga chorlamoqda.

Keyingi bir necha hafta ichida barchasi hal bo‘ladi. Bi-bi-sining Lotin Amerikasi xizmati (BBC Mundo) vaziyatdan chiqishning 4 ehtimoliy variantini keltirdi.

1. Barchasi o‘z holida qoladi

Foto: Getty Images

Ehtimoli kam bo‘lsa-da, Maduro o‘z o‘rnida qolishi ham mumkin.

AQSh Venesueladagi neft kompaniyasi - PDVSA bilan munosabatlarda sanksiyalar joriy etdi. Mamlakat uchun yagona daromad manbai bilan bunday vaziyat yuzaga kelishi o‘yin qoidalarini o‘zgartiradi.

«Bu mamlakatdagi umidsizlikni kuchaytiradi. PDVSA o‘z nefti uchun boshqa xaridorlar topishiga to‘g‘ri keladi», degan Jon Hopkins universiteti professori Stiv Hanke.

Ayni vaqtda Venesuela nefti eksportining 40 foizi AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Barclays banki tahlilchilari Alexandro Arreaza va Manuel Koen ham Hanke bilan hamfikr.

«Venesuelaning AQSh bozorlariga tobeligi bu mamlakat iqtisodini Donald Tramp ma'muriyati tashlaydigan qadamlariga tobe qiladi», deyiladi hisobotda.

Hankening hisoblashicha, yangi xaridorlar Venesuela nefti uchun avvalgi narxlardan pastroq narxlarda to‘lashadi, ular shuningdek, AQShdan uzoqroqdagi masofada bo‘lishi aniq va bu transfport xarajatlarini ko‘paytiradi.

«Venesuela endi sotayotgan har barrel nefti uchun kamroq pul oladi», degan u.

Neft sotuvidan keladigan pullar kamayishi mamlakatning import salohiyatiga (jumladan, oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlari) ham jiddiy ta'sir ko‘rsatadi.

Sanksiyalar qabul qilingunicha ham Venesuelada giperinflatsiya yuzaga kelgan, bozorlarda asosiy mahsulotlar taqchilligi kuzatilgandi.

Ammo Kuba, Eron, Suriya va Shimoliy Koreya bilan ro‘y bergan tajriba shuni ko‘rsatadiki, sanksiyalar hamisha ham rejim o‘zgarishiga olib kelmaydi.

Maduro 2013 yildan buyon hokimiyat tepasida va shu vaqtga qadar Rossiya, Xitoy hamda Turkiya kabi ittifoqchilari ko‘magida hokimiyatni qo‘lda saqlab kelmoqda.

2. Maduro yangi saylovlar haqida e'lon qiladi

Foto: Getty Images

Yevropaning yetakchi mamlakatlari Guaydoni yangi prezident sifatida tan olishdi va Venesuelada yangi saylovlar o‘tkazish ultimatumini qo‘yishdi. Ammo agar Maduro bu shartga ko‘nsa, u 2018 yilning mayidagi saylovlar natijalari soxta bo‘lganini tan olgan bo‘ladi.

Bu esa Maduroning ikkinchi mandatini shubha ostida qoldiradi (u 2019 yilning 10 yanvaridan ikkinchi muddatga prezidentlikka kirishgandi).

Muxolifatchilar oxirgi saylov natijalarini boykot qilishgan, bunga asosiy nomzodlar saylovda ishtirok etish huquqidan mahrum etilgani sabab bo‘lgandi.

«Agar Maduro yangi saylovlar o‘tkazilishiga rozi bo‘lsa, bu uning hokimiyatdan ketishini anglatadi. U o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi, agar shunday qilsa, soxtalikni tan olgan bo‘lib chiqadi», deydi Ispaniyadagi Navarra universiteti siyosatshunosi Emili J. Blasko.

Urugvayning sobiq prezidenti, Janubiy Amerika mintaqasida katta obro‘ga ega bo‘lgan Xose Muxika BMT Xavfsizlik kengashi kuzatuvi ostida yangi saylov jarayoni o‘tkazishni taklif qildi.

Ammo bu uzoq vaqt oladi va qimmatga tushadi.

«Unga ko‘ra, saylovchilarning yangi ro‘yxatini tuzib chiqish va saylov komissiyasi tarkibini almashtirish kerak bo‘ladi. Uning o‘rniga har bir ovozni shaffoflik bilan qo‘lda hisoblab chiqish kerak», degan u.

3. Kompromiss

Andres Obrador
Foto: Getty Images

23 yanvar kuni Xuan Guaydo o‘zini prezident vazifasini bajaruvchi sifatida e'lon qilgandi.

Uni jahon hamjamiyati qo‘llab-quvvatladi, xususan, mintaqadagi qo‘shni davlatlar, masalan, Braziliya va Kolumbiya.

Meksika esa bundan mustasno. Bu mamlakat prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador vaziyatdan chiqish uchun diplomatik yechim taklif qildi, u Maduro hukumati va muxolifat o‘rtasidagi muzokaralar uchun vositachi bo‘lishga tayyor.

«Agar ular dialog o‘rnatishni va tinchlik bilan kelishishni istashsa, biz vositachilik qilishimiz mumkin», degandi Obrador o‘tgan haftada meksikalik jurnalistlarga.

Karakasning asosiy ittifoqchisi Rossiya ham shunday yordamini taklif qilgan.

Shu hafta davomida Maduro ham muloqot uchun ochiqligini bildirgandi.

Ammo muxolifatdagilar qo‘llari ustun kelayotganini his qilishmoqda va muzokaralarga qaytmoqchi emaslar. Ular o‘tmish xatolaridan achchiq saboq olishgan.

Bir tomondan esa AQSh bosim o‘tkazib turibdi. Amerika mintaqasi davlatlari tashkilotining oxirgi yig‘ilishida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo «debatlar vaqti tugagani» haqida gapirdi.

4. Harbiy aralashuv

Foto: Getty Images

«Barcha variantlar ko‘rib chiqilmoqda», degandi yaqindagina AQSh prezidenti Donald Tramp undan Maduro o‘z ixtiyori bilan hokimiyatni topshirmasa, AQSh Venesuelaga harbiy qo‘shin kiritishi ehtimoli qanchalik ekanini so‘rashganida.

Keyin esa OAV Trampning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Boltonning qo‘lidagi bloknotga tushirilgan yozuvlarni muhokama qila boshladi.

Jurnalistlar bloknotdagi «Kolumbiyaga 5000 askar» yozuvini payqab qolishgandi. Kolumbiya esa Venesuela bilan 2 ming kilometrlik umumiy chegaraga ega hisoblanadi.

Bolton shuningdek, Karakas bilan munosabatlar muhokama qilingan yig‘ilishda ishtirok etgan.

Kolumbiya Vashingtonning mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi sanaladi, shuningdek, bu davlat birinchilardan bo‘lib Guaydoni prezident sifatida tan olgan.

Kolumbiya Tashqi ishlar vaziri Karlos Xolms Truxilo esa Boltonning qo‘lidagi bloknotdagi yozuvlar nimani anglatishidan bexabarligini bildirgan.

Ivan Duke
Foto: Getty Images

Kolumbiyaning amaldagi prezidenti Ivan Duke Maduro rejimiga toqatsizligi tufayli, amerikalik harbiylarni o‘z mamlakati hududi orqali Venesuelaga kirishiga qarshilik qilmaydi.

Tramp ma'muriyati vakili Luis Visente Leonning hisoblashicha esa, Maduro rejimi qulashi vaqt masalasi, harbiy aralashuvsiz ham uning ketishdan boshqa iloji qolmaydi. Uning aytishicha, bunda venesuelalik harbiylar muhim rol o‘ynashadi.

«Iqtisodiy inqiroz ulkan bo‘ladi, ammo bu yerda harbiylarning ta'siri kuchliroq. Aynan ular vaziyatda burilish yasay olishadi», degan u.

Qayd etish kerakki, Venesuelada keyingi 25 yil ichida 3 marta harbiy to‘ntarishga urinish sodir bo‘lgan. 

Vladimir Padrino Lopes
Foto: AFP

Mamlakatning amaldagi Mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes Xuan Guaydoning harakatlarini qoralagan va armiya Maduro tomonida bo‘lishiga va'da bergan. Bu amaldor 2002 yilgi isyon vaqtida o‘sha vaqtdagi diktator Ugo Chavesga sadoqatini ko‘rsatgach, amal pillapoyalaridan ko‘tarila boshlagan. Keyinroq u bosh shtab boshlig‘i, keyinroq Venesuela Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni bo‘ldi. 2014 yilda u Maduro hukumati tarkibiga Mudofaa vaziri sifatida kiradi.

Ayni vaqtda Maduro hukumati a'zolarining qariyb yarmi harbiylar yoki sobiq harbiylardir. Hukumat taqdiri harbiylarning qay darajada sadoqatliligiga bog‘liq.

Armiyani nima o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib, muqobil prezidentni qo‘llab-quvvatlashga majburlashi mumkin?

1999 yili Ugo Chaves boshqaruvi vaqtida qabul qilingan Konstitutsiyaga ko‘ra, armiyaga keng vakolatlar berilgan va armiyaning siyosiy roli mustahkamlangan. Maduro davrida harbiylarning vakolatlari yanada kengaydi, neft sanoati butunlay harbiy amaldorlar qo‘liga o‘tdi.

Mamlakat bugun og‘ir inqirozga tushib qolgan va harbiylarning katta qismi ham mahsulotlar taqchilligini his qilishmoqda.

Kliver Alkalya
Foto: AFP

«Qurolli kuchlar har qachongidan ko‘ra ko‘proq mamlakatning kundalik hayotida faolroq ishtirok etishmoqda», deydi sobiq harbiy zobit Kliver Alkalya.

Alkalya o‘z vaqtida Chavesga sadoqat bilan xizmat qilgan, ammo u Maduro yuritayotgan siyosatga qarshi. U mamlakat iqtisodiyoti boshqaruviga harbiylarni aralashtirib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

«Maduroning hokimiyati qurolli kuchlarga va ularning qo‘mondoniga haddan tashqari kuchli bog‘langan. U siyosatchilar va fuqarolik jamiyati ishonchini yo‘qotgach, harbiylarga yuzlandi. Armiya u o‘z o‘rnini saqlab qolishi uchun juda muhim», degan Alkalya.

Kelishmovchiliklar o‘chog‘i

Foto: Getty Images

Yuqori harbiy doiralar Maduroga yaqin bo‘lsada, quyi doiralardagi kayfiyat butkul boshqacha bo‘lishi mumkin.

Quyi tabaqadagi harbiylar oddiy venesuelaliklar kabi keyingi yillarda iqtisodiy tanazzul og‘irliklarini o‘z tanalarida his qilib yashamoqdalar.

Yuqori martabali harbiy amaldorlardan farqli ravishda oddiy askarlar oziq-ovqat, yoqilg‘i va boshqa zarur mahsulotlar tanqisligi hamda giperinflatsiyadan aziyat chekishmoqda.

O‘tgan haftadagi mitinglar vaqtida ayrim hududlarda harbiylar namoyishchilarga qo‘shilgani bejizga emas. Keyingi oylar davomida yuzlab harbiylar xiyonatda ayblanib qamoqqa tashlangan.

Alkalyaning so‘zlariga ko‘ra, qurolli kuchlar ichida norozilik kayfiyati kundan-kunga kuchayib bormoqda.

Top