22:06 / 01.02.2019
22213

Xotin-qizlar qo‘mitasi Prezident farmoni ijrosi bo‘yicha hisobot berdi

Prezidentning “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qabul qilingan farmoniga bir yil to‘lishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi ishtirokidagi media-anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, mazkur farmonga muvofiq ijtimoiy og‘ir ahvoldagi ayollarni himoya qilish xotin-qizlar tizimining ustuvor yo‘nalishiga aylandi, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshdi, ularning bandligini ta'minlash masalasi yangi bosqichga ko‘tarildi, xuquqiy ongi va madaniyati oshdi.

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

Qabul qilingan hujjatlar

So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitalari va uning hududiy bo‘linmalarining faoliyati tubdan o‘zgartirilib, aniq vazifalari belgilab olindi. Qabul qilingan farmon doirasida Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini tashkiliy-huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 qarori, hukumatning 6 qarori, 4 farmoyishi va 12 chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi. Yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning barcha sohalarda teng huquqli mehnat qilishi borasida huquqiy asoslar yaratilgan.

Kadrlar zahirasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risidagi qonunda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishda xotin-qizlar uchun 30 foizlik kvotaning belgilanganligi vakillik organlarida ularning samarali faoliyat yuritishi uchun xizmat qilmoqda. Hozirda 3 minga yaqin faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zahirasi shakllantirilib, ularni deputatlik va rahbarlikka tayyorlash borasidagi o‘qishlar tashkil etimoqda.

Ixtirochi ayollar

Bugungi kunda Respublikada ixtirochi ayollar safini kengaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning olib borayotgan tadqiqotlari natijalarini xalqaro darajaga olib chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi maqsadli ishlarni amalga oshirmoqda. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Innovatsiya bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Ixtirochi ayollar” uyushmasi bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolangan bo‘lib, yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar

2018 yilda Respublika bo‘yicha 47 ming nafarga yaqin og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, shundan 14 ming 600 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning ro‘yxatlari shakllantirilib, ular bilan manzilli ishlar olib borildi. Ularning 14 ming nafariga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 13 ming 500 nafarining bandligi ta'minlandi, 22 ming nafariga 21 mlrd. so‘m miqdoridagi moddiy yordamlar berildi.

Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan 1464 nafar og‘ir turmush sharoitida yashayotgan va nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga arzon uy-joylar uchun 54,6 mlrd. so‘m boshlang‘ich badal pullari to‘lab berildi.

Prezident Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida Qo‘mitaga xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ayniqsa og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 13 ming nafar xotin-qizlarni ish bilan, 1600 nafar xotin-qizlarni uy bilan ta'minlash vazifasini topshirdi. Qo‘mita tomonidan bu boradagi aniq rejalar belgilanib, amaliy ishlar olib borilmoqda.

Fond mablag‘laridan har yili 1600 nafar ayolga uy-joy summasining boshlang‘ich badalini shakllantirishga amaliy yordam beriladi.

Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi uchun ajratilayotgan mablag‘lardan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga moddiy yordam berish, ularni reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

Xotin-qizlar bandligini ta'minlash

Bugun xotin-qizlar bandligini ta'minlash ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri, xalq turmush darajasi va sifatini yuksaltirishning muhim sharti sifatida belgilangan.

Xususan, 2018 yilda bandlik dasturlari asosida yaratilgan ish o‘rinlariga xotin-qizlar qo‘mitalari va aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan uyma-uy yurish orqali aniqlangan 245 ming nafar ishsiz xotin-qizlar ishga joylashtirildi. Mahallalar kesimida manzilli ro‘yxatlar shakllantirilib, alohida dastur asosida 10 ming nafarga yaqin og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayol bandligi ta'minlandi va bunga 38 mlrd. 261 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Xotin-qizlar qo‘mitalari tashabbusi bilan bo‘sh binolarni qayta ta'mirlash va ishga tushirish hisobiga 2 ming 300 tadan ortiq kichik sexlar tashkil etilib, 16 ming nafarga yaqin xotin-qizlarning bandligi ta'minlandi.

Xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida kreditlar ajratish ohirgi ikki yilda 2 barobarga oshirildi. Ayniqsa, yillik 7 foizlik imtiyozli kreditlar berish tizimi joriy etildi.

2014-2016 yillarda tijorat banklari tomonidan xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyati uchun jami 3,8 trln. so‘m kredit ajratilgan bo‘lsa, 2017-2018 yillarda 6,1 trln. so‘m kredit ajratilgan.

Xotin-qizlar qo‘mitalarining tavsiyanomalari asosida Fond mablag‘lari hisobidan yillik 7 foizlik imtiyozli kreditlar ajratish tizimi joriy etilib, joriy yilning o‘zida 100 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Ijtimoiy reabilitatsiya markazlari

Bugun hududlarda 159 ta Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilatatsiya qilish va moslashtirish markazlari tashkil etildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasining respublika bo‘yicha yagona qisqa raqamli (1146) “Ishonch telefoni” tashkil etilib, har kuni 24 soat davomida xotin-qizlarning murojaatlarini qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi va hozirgi kunga qadar 12 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi.

2018 yilda davrida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi markaziy apparatiga jismoniy va yuridik xotin-qizlarlardan jami 7296 ta murojaatlar kelib tushgan.

Shuningdek, yil davomida haftaning har payshanba kuni Qo‘mita raisi tomonidan 803 nafar fuqaro qabul qilingan, hamda xotin-qizlar va oila masalalarida dolzarb bo‘lgan murojaatlar sayyor tarzda joyiga chiqib 1870 nafar fuqaro qabul qilingan, aniq va samarali natijalar amalga oshirilgan.

Xotin-qizlar jinoyatchiligi

Respublikamizda xotin-qizlar jinoyatchiligini kamaytirish borasida olib borilgan profilaktik ishlar natijasida respublika bo‘yicha xotin-qizlar jinoyatchiligi mos ravishda 2016 yilda - 5 foizga, 2017 yilda 11 foizga kamaygan bo‘lsa, 2018 yilda 35,7 foizga kamayishiga erishildi.

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud jarayonlarida qo‘mita vakillarining ishtirokini ta'minlash tizimi joriy etilishi natijasida 2018 yilda 113 nafar jinoyat va 780 nafar huquqbuzarlik sodir etgan xotin-qizlar kafillik asosida jazodan ozod etildi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Oliy sud o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum qabul qilindi.

Oliy sud bilan birgalikda Zangiota tumanidagi jazoni o‘tash muassasi va koloniyada suhbat va sayyor sudlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirda 9 nafar ayollarning jazoni o‘tash tartibi yengillashtirildi, 6 nafar ayollar ozodlikka chiqarildi.

Oila turmush darajasidagi jinoyatlarni keskin kamaytirish maqsadida 9 ming 437 ta notinch oilalar bilan profilaktik ishlar olib borilib, ularning 72 foizida notinchlik bartaraf etildi.

Xotin-qizlar tomonidan asosan firibgarlik, iqtisodiy jinoyatlar va o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilmoqda.

Oliy sud bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida Memorandum imzolanib, ajrashishga arizaga berganlarning dastlab Xotin-qizlar qo‘mitasida suhbatdan o‘tkazish va ajrim yuzasidan xulosasini olish yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida joriy yilning o‘zida 27 mingta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning 78 foizi yarashtirildi.

Top