01:19 / 02.02.2019
77288

2018 yilda dunyoni o‘zgartirgan 10 inson

Asteroidni tadqiq etish, o‘tgan asrdagi qotillikni aniqlash va sayyorani ekologik talofatlardan qutqarish rejasini taklif etish.

Har yili Nature jurnali dunyoga katta ta'sir ko‘rsatgan 10 shaxsdan iborat ro‘yxatni omma e'tiboriga havola etadi. Ro‘yxatning ahamiyatli jihati shundaki, unga hammaning og‘zida bo‘lgan badavlat va mashhur kishilar emas, yosh olimlar, jamoat faollari, huquqshunos va siyosatchilar kiritiladi. Ularning tarixi buyuk ishni hamma ham bajarishi mumkinligini yana bir bor isbotlaydi.

Valeri Masson-Delmott — Yerning qorovuli

Halokatlarning oldini olish yo‘lidagi ilk qadam bu uning yaqinlashayotganini tushunish. 2018 yilning oktabr oyida Ekspertlarning parlamentlararo guruhi dunyoni iqlim o‘zgarishi xavfi borasida ogohlantirdi: 2030 yildan 2052 yilgacha Yerdagi o‘rtacha harorat sanoat davrigacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan kamida 1,5 daraja ko‘rsatkichga ortadi. Bu esa ekotizimlarning o‘zgarishiga olib keladi.

Agar Fransiyaning Iqlim va atrof-muhit haqidagi bilimlar laboratoriyasining olimasi Valeri Masson-Delmott bo‘lmaganida biz bu yangilikdan xabar topmasdik. U ishchi guruh raislaridan biri edi. U ma'ruza mualliflarini to‘pladi, ularning ishini muvofiqlashtirib, hisobot turli mamlakat hukumatlari tomonidan ma'qullanishiga erishdi.

Omadni qarangki, ma'ruzada nafaqat falokatning barcha xatarli jihatlari, balki ularning oldini olish usullari ham aks etgan.

Masson-Delmott hujjatni tayyorlashda yoshi, jinsi va millatidan tashqari uning barcha xodimlari ishtirok etishini nazorat qildi. Shu yo‘l bilan u nafaqat ekologiya uchun, balki ilmiy muhitda ham kamsitishlarni bartaraf etish borasida katta hissa qo‘shdi.

Oldinda Masson-Delmott va uning hamkasblarini bir necha ma'ruzalar kutmoqda. Kelasi yili yer va dengiz biomlarining holatiga bag‘ishlangan ishlari e'lon qilinadi. Ehtimol, uning ishlari qo‘rqinchli halokatning oldini olishda yordam berar.

Entoni Braun — yulduzlar kartografi

2018 yilning 25 aprelida butun dunyodagi astronavtlar Geya fazo teleskopi tomonidan to‘plangan 500 GB ma'lumotni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Biroq teleskop ma'lumotni to‘pladi xolos. Ma'lumotni o‘rganish bilan esa Entoni Braun boshchiligidagi 400 nafar tadqiqotchidan iborat jamoa shug‘ullanmoqda.

Entoni daholarga xos ishni amalga oshirgani yo‘q. U ma'muriy faoliyat, ilmiy guruhlar bilan uchrashuvlardan iborat o‘z ishini yaxshi bajardi xolos. Biroq aynan uning mas'uliyati va qat'iyati jami tashkilot muvaffaqiyatini ta'minladi.

Braunning ishi hali oxiriga yetganicha yo‘q. 2021 yilga kelib ma'lumotlarning yangi to‘plamini qayta ishlashga to‘g‘ri keladi, keyin esa yana va yana. Biroq olim bunga qarshilik qilayotgani yo‘q. U dastur ustida 20 yildirki ish olib bormoqda va uni hayotining muhim qismi sanaydi. Entoni Braun — tajriba va tirishqoqlik daholikdan kam bo‘lmagan natijalarni keltirishiga yaxshi misol bo‘ladi.

Robert-Yan Smits — ilm olish imkoniyati uchun kurashchi

Ko‘plab ilmiy jurnallardagi tadqiqotlar turli grant tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladi. Afsuski, bu tadqiqotlar ko‘pincha keng omma vakillariga namoyish etilmaydi. Ularni faqat qimmat nashrlarni xarid qilish orqali mutolaa qilish mumkin. Grant tashkilotlarini esa bu qoniqtirmaydi. Ular ilmiy jurnal nashrlarini boyitish uchun emas, iloji boricha ko‘proq odamlarni tadqiqot natijalari bilan tanishtirish uchun pul to‘lashadi.

Vaziyatni to‘g‘rilash uchun Yevropa komissiyasi maslahatchisi Robert-Yan Smits ochiq imkoniyat bo‘yicha «S rejasi»ni taklif etdi. Unga ko‘ra, 2020 yildan boshlab grant asosida o‘tkazilgan tadqiqotlarni darhol ochiq ravishda ommaga e'lon qilish lozim. Hozirda 16 mamlakat tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. 2020 yilga kelib ular yanada ko‘payishi ehtimoli mavjud.

Xe Tszyankuy — genom muharriri

Bu xitoylik olimning yutuqlari ilm-fan nuqtai-nazaridan juda yuqori, biroq axloq nuqtai nazaridan bahslarni yuzaga keltiradi. 2018 yilning noyabrida Xe Tszyankuy genetik modifikatsiya qilingan ilk bolalarni yaratganini ma'lum qildi. U embrionlarni bolalar tug‘ilgach OIV-infeksiyasiga bardoshli bo‘ladigan shaklda tahrirladi.

Bu katta janjallarni yuzaga keltirdi. Hamkasblari Xeni mas'uliyatsizlikda ayblashdi. Tadqiqotchi ishlaydigan Janubiy ilmiy-texnologik universitet esa o‘zining tajribaga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma'lum qildi. Xitoy hukumati esa olimga ishini davom ettirishni man etdi. Tez orada Xe yo‘qolib qoldi va omma orasida boshqa ko‘rinmadi.

Ayrim kishilar Xe aslida hech narsa qilmagani, o‘tkazilgan tadqiqot bo‘yicha hech qanday isbot yo‘qligini aytishmoqda. Qilishimiz mumkin bo‘lgan yagona ish – dunyoga kelgan egizaklar Lulu va Nananing hayoti bilan bog‘liq yangiliklarni kuzatish. Biroq Xe Tszyankuy genetikada iz qoldirgani aniq. Ehtimol, genom borasidagi yanada yangi tadqiqotlar uchun yo‘l ochgandir.

Bi In Yo — ekologiya qo‘riqlash bo‘yicha siyosatchi

Malayziyalik bu ayolning tarixi uzun va chigal. Karerasining cho‘qqisida u neft servis sohasidagi Schlumberger kompaniyasida faoliyat olib borardi. U yerda Yo kun kelib odamlar qazilma yoqilg‘idan voz kechishiga to‘g‘ri kelishini tushundi va sayyora uchun foyda keltiradigan yangi kasbni o‘zlashtirishga qaror qildi. U Schlumberger kompaniyasidagi ishini tashlab, Oksfordga ketdi va u yerda kimyogar-texnolog diplomiga ega bo‘ldi.

Malayziyaga qaytgach, nafaqat ilm-fan, balki siyosat bilan ham shug‘ullandi. U Qonunchilik yig‘ilishida o‘ringa ega bo‘ldi, 2018 yilda esa energetika, ilm-fan, texnologiya va iqlim o‘zgarishi vaziri bo‘ldi.

U mamlakatda bio chiriydigan materiallar ishlab chiqarilishini istaydi. Bundan tashqari, 2030 yilga kelib, Yo Malayziyada tiklanadigan energiya manbalari (suv, yorug‘lik, havo)dan foydalanish 20 foizga ortishi va elektr quvvatidan samaraliroq foydalanishni rejalashtirmoqda.

Makoto Yosikava — asteroidlar ovchisi

Yaponlar uzoq vaqt davomida o‘zlarining yerga oid muammolarini hal qilishdi. Endi esa yirik fazo dasturlari bilan shug‘ullanishmoqda. Biroq astronom Makoto Yosikave allaqachon yuqori cho‘qqilarga erishib ulgurdi. 2018 yilda olim «Xayabusa-2» missiyasiga rahbarlik qildi. Unda fazo apparati Ryugu asteroidiga yaqinlashdi, suratga oldi va tuproq bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazdi.

Yosikava shaxsi alohida hikoyaga loyiq. Fazoni tadqiq etishga uni bosh qahramoni kichik asteroidda yashaydigan «Kichik shahzoda» kitobi undagan. Hamkasblari Yosikavani «eng ezgu olim» deb atashadi va uning bir necha laboratoriyalarni shovqinsiz boshqarish qobiliyatiga qoyil qolishadi. Yosikava bor-yo‘g‘i o‘z ishini bajarmoqda va fazo sirlarini ochmoqda.

Vivian Slon — odam ajdodlari bo‘yicha mutaxassis

Paleogenetik Vivian Slon Sibir g‘orlaridan birida qadimgi odamlarning suyaklarini o‘rgangan. Minglab yil muqaddam u yerda neandertallarning qarindoshlari yashagan. Suyaklar uyumida olim genlar izlarini topdi. Bunga ishonish qiyin bo‘lgani uchun Vivian barini sinchkovlik bilan tekshirdi.

Umuman olganda, paleogenetika uchun Vivianning kashfiyotlari haqiqiy yutuq bo‘lib, u ajdodlarimiz haqida ko‘proq bilishda yordam beradi.

Yuan Tsao — grafenlar sultoni

Bu yosh xitoylik olim 18 yoshida Xitoyning Ilmiy-texnik universiteti bakalavriga aylandi. Undan keyin esa AQShda magistraturaga kirdi. 2014 yilda olimlar guruhi bilan birga grafen xususiyatini o‘rganishni boshladi va ikki qatlamni bir-biriga nisbatan harakatlantirilsa, material o‘tkazuvchidan izolyatorga, agar boshqachasiga harakatlantirilsa, yuqori o‘tkazuvchiga aylanishini aniqladi. Tsao juda ko‘p ishladi va tajribalar o‘tkazdi. Natijada ushbu effektni barqaror amalga oshirishga erishdi. Ilmiy olamda uni grafenlar sultoni deb atashdi. Super qahramon ismiga o‘xshaydi go‘yo.

Jyess Ueyd — ilmiy xilma-xillik himoyachisi

Statistikaga ko‘ra, Vikipediyadagi muharrirlarning 90 foizi erkaklar, jami biografik maqolalar orasida ayollar haqidagi e'lonlarning ulushi bor-yo‘g‘i 18 foizni tashkil qiladi. Ayrim joylarda bu boradagi ko‘rsatkichlar yanada salbiy. Masalan, tojikcha Vikida ayollar biografiyalari 1 foizni tashkil etadi.

Jyess Ueyd bu haqida bilgach, zamonaviy olamda ko‘p songa ega bo‘lgan olima ayollar tan olinish borasida o‘z ulushlariga ega bo‘lishlari lozimligini angladi. U kuniga bittadan maqola yozishni boshladi va 2019 yilga kelib, 400 ga yaqin maqola yozdi.

Ueyd London Imperiya kollejida polimerlar fizikasi bo‘yicha mutaxassis. Dastlab u bir o‘zi ishladi, biroq keyin «vikoton» - ayollar va etnik kamchilik vakillari haqida maqola yoziladigan va mavjudlari to‘ldiriladigan tadbirlar o‘tkazishni boshladi. Ueyd gap faqat kamsitishda emasligini aytadi. U mualliflari ayol va kamchilik guruh vakillari bo‘lganlar ilm-fan uchun qadrli ekani va ular haqidagi ma'lumot akademik hamjamiyatni yanada qudratli, hayotga chidamli va ijodkor qilishiga ishonadi.

Barbara Rey-Venter — DNK izquvari

Barbara Rey-Venter — 70 yoshli nafaqadagi huquqshunos. Huquqni o‘rganishgacha Barbara biologiya bo‘yicha magistrlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Yuridik institutni tugatgach, biotexnologiya kompaniyalarining patentlari bilan shug‘ullangan.

1990 yilda Barbara oila tarixi bilan qiziqib qoldi, biroq oddiy genealogik uslublar kam edi. Tez orada u barcha yaqin qarindoshlarini genetik test qilishga o‘tdi.

2015 yilda Rey-Venter genetik genealogiya bo‘yicha Liza Jyenson oilasini topishga yordam berdi.

2017 yilda bu haqida izquvar Pol Xoulz xabar topdi. U Rey-Venterni qotillikning tadqiqoti uchun jalb etishga qaror qildi.

Rey-Venter genetik genealogiya yordamida qotilni topdi va jinoyatchi sobiq politsiyachi Jyeyms Deanjyelo ekanligini aniqladi. DNK namunalarining mos kelishi aybni tasdiqladi va jinoyat tezda ochildi.

Odatda mutaxassislar yo DNK yo genealogiya tahlilini o‘tkazishadi. Biroq Rey-Venter o‘zida har ikkala ko‘nikmani birlashtirdi va bu qay darajada foydali bo‘lishi mumkinligini dunyoga namoyish etdi.

Top