15:59 / 02.02.2019
15557

Termiz Davlat Universiteti rahbariyati talabaning muammosini hal qilib berdi

Hayotda har bir kishining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bo‘ladi. Bu maqsad yo‘lida inson turli to‘siqlarga yo‘liqadi. Tabiiyki, bu qiyinchiliklarni yengib o‘tishda atrofidagi yaqinlari, oila a'zolari va yaxshi insonlar ko‘magiga suyanadi. Jamiyatda o‘z o‘rnini topishga harakat qilayotgan, maqsadi yo‘lida kurashayotgan ana shunday yurtdoshlarimizdan biri Dilnoza Nazarovadan Kun.uz tahririyatiga murojaat kelib tushgandi. Surxondaryo viloyatiga safarimiz chog‘ida u bilan uchrashdik.

Dilnoza Nazarova Surxondaryo viloyati, Denov tumani, «Qizil gul» mahallasida istiqomat qiladi. Termiz Davlat universiteti 2-bosqich talabasi. Oilada to‘rt nafar farzand (uch qiz va bir o‘g‘il) bo‘lib, ikki opasi turmushga chiqqan, ukasi esa kollej talabasi. Onasi nafaqaxo‘r, otasi betob. Onasi olayotgan nafaqa puli tirikchilik va dori-darmondan ortmaydi. 

Dilnoza, birinchi bosqichdaligida o‘qishdan tashqari ishlab kontrakt to‘lovini arang to‘lagan. Bu yil esa tayinli ish ham topa olmagan. U dardini eshitadigan, yordam qo‘lini cho‘zadigan odam topa olmasdan, bizga murojaat qilishga majbur bo‘lganini ta'kidladi.  

Shundani so‘ng Kun.uz saytida xayriya aksiyasini uyushtirishni maqsad qilib, Dilnoza Nazarova haqida so‘rash uchun Termiz Davlat universitetiga bordik. Universitet raxbariyati maqsadimizni anglab, bu qizga o‘zlari yordam berishini va'da qildi.
Ular «Yaqin kunlar ichida biz o‘zimiz ushbu masalani hal qilamiz va sizlarga xabar beramiz. Kamchiliklarimiz yo‘q emas, ammo yaxshi ishlarimiz ham bor. Xayrli ishlarda sizlar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Oilasida qiynalgan, uning sharoitini to‘g‘ri qabul qilishimiz va imkoniyat berishimiz kerak», - deyishgandi. 
Kuni kecha Universitet rektori Abduqodir Toshqulov Kun.uz muxbiri bilan bog‘lanib, Dilnoza Nazarovaning kontrakt puli 100 foiz to‘langanini bildirdi.  

Biz TDU rahbariyati, xususan, rektor Abduqodir Toshqulovga og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan talaba hamyurtimizga yordam qo‘lini cho‘zganligi uchun minnatdorlik bildirish barobarida Nazarova ham o‘zining o‘qishi bilan unga bildirilgan ishonchni oqlashiga umid qilib qolamiz.

Top